|
Sahobalar hayoti
|
|
|
|
|
| shaddot | Date: Payshanba, 10/01/21, 4:02:22 PM | Message # 121 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Huzayfa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko’rishga nihoyatda mushtoq edi. Payg’ambar alayhissalomni tanigan-bilganlardan u kishining turish-turmushlari, xulq-atvorlari va sifatlari haqida so’rab-surishtirar, ma’lumoti ortgan sayin muhabbati ham ziyoda bo’lib borardi. Makkaga safar qilib, "Sarvari olamni uchratishi bilan "Men muhojirmanmi yoki ansoriymi, yo Rasululloh?" deb so’radi. Payg’ambar janoblari: Istasang muhojir, istasang ansorlardan bo’l. Yoqtirganingni tanlab ol,—dedilar. Unda men ansoriy bo’laman,— dedi Huzayfa. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so’ng Huzayfa u kishining eng sodiq mulozimlaridan biriga aylandi. Payg’ambar alayhissalom bilan birga barcha jihodlarda ishtirok etdi. Faqat Badrda qatnasha olmadi. Buning sababini Huzayfaning o’zi quyidagicha gapirib bergan edi: - Badr urushi ro’y berishidan bir necha kun oldin otam ikkimiz Madinaning tashqarisida edik. Ittifoqo Quraysh kofirlarining qo’liga tushib qoldik. Ular qaerga ketayotganimizni so’rashdi. Biz "Madinaga", dedik. Kofirlar so’zimizga ishonishmadi. "Hoynahoy, Muhammadning oldiga ketayotgandirsiz?" deyishdi. "Boradigan maizilimiz Madina", deb turib oldik biz. Qurayshliklar bizni bo’lajak jangda Muhammadga yordam bermaslik va ularga qarshi urushmaslik sharti bilan qo’yib yuborishdi. Madinaga kelib, bo’lib o’tgan voqealar qatori Qurayshga bergan ahdimizni aytib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan "Nima qilishimiz kerak?" deb maslahat so’radik. Ul zoti bobarakot: - Ahdimizga vafo qilamiz. Yordamni Allohning o’zidan so’raymiz, - dedilar.
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Payshanba, 10/01/21, 4:04:52 PM | Message # 122 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Uhud g’azotida ota ham, farzand ham ishtirok etishdi. Huzayfa ming bir chig’iriq va balolar ichidan sog’-omon chiqdi, ammo otasi halok bo’ldi. Qizig’i shundaki; uning shahodatiga kofirlar emas, balki musulmonlarning o’zlari sabab bo’ldilar. Voqea bundoq bo’lgandi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yamon va Sobit ibn Vaqshni yoshi bir joyga borib qolganligi bois ayollar va bolalar bilan shaharda qoldirdilar. Ma’raka avjiga chiqqanida, Yamon sherigiga dedi: — Menga qara, nimani kutyapmiz o’zi? Ikkalamizni ham bir oyog’imiz to’rda bo’lsa, bir oyog’imiz go’rda. Bugun bormiz, ertaga xudo biladi. Kel, qilichimizni olaylik-da, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlariga boraylik. Shoyad, Alloh bizga shahidlikni nasib etsa. Ular qurollanib, jang maydoniga jo’nadilar. Yetib kelgach, qo’rquv nimaligini bilmay, o’zlarini taloto’pga urdilar. Sobit ibn Vaqsh tez orada mushriklar qo’lidan shahodat topdi, ammo Yamon qandaydir anglashilmovchilik tufayli musulmonlarning tig’iga duchor bo’ldi. Nogahon bu ayanchli manzaraga ko’zi tushib qolgan Huzayfa jigar-bag’ri o’rtanib, "Otajon, otajon", deb qichqirdi, biroq qurol-aslahalar shovqini ostida uning ovozini hech kim eshitmadi. Keksa mujohid dindoshlarining qilichlari zarbidan quladi. Huzayfa otasining o’limiga sababchi bo’lganlarga qarata "Alloh sizlarni kechirsin, zero U rahmlilarning rahmlisidir", deb qo’ydi. Jangdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yamonning xunini to’lamoqchi bo’ldilar, biroq Huzayfa rad etib: — Otam shahidlik talabida chiqqan edi. U orzusiga erishdi. Men Allohning guvohligida otamning xunidan musulmonlar foydasiga voz kechaman, - dedi va shu bilan Payg’ambar alayhissalomning e’tiborlarini qozondi.
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Payshanba, 10/01/21, 4:09:22 PM | Message # 123 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Huzayfa ibn Yamonning siyratiga nazar solib, undagi uchta fazilatni qayd etdilar: anchayin mushkul muammolarni hal qilishga qodir nodir zakovat, zarur bo’lgan paytda fidoyilik ko’rsata bilish va sirni puxta saqlay olish. Payg’ambar alayhissalomning siyosatlari har bir kishiga xislat va toqatiga mos vazifani yuklashlarida ham aks etardi. U kishi hech kimni nomunosib o’ringa qo’ymasdilar, U paytda Madinadagi musulmonlar oldida turgan eng katta muammo yahudiylar va ularning hamtovoqlari bo’lmish munofiqlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda ashobi kiromlarga nisbatan muttasil uyushtiradigan fitna-nayranglaridan qutilish edi. Payg’ambar alayhissalom Huzayfaga sahobalarning birontasiga ham bildirmagan sirni oshkor etdilar — munofiklarni nomma-nom sanab, ulardan ko’z-quloq bo’lib turishni, xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatishni, agar islom va musulmonlar uchun xavf-xatar tug’ilsa, darhol oldini olishni buyurdilar. Usha kundan boshlab Huzayfa ibn Yamon "Payg’ambar sirining sohibi", deb atala boshladi. Sarvari olam Huzayfaning noyob xislatlaridan eng xatarli mavqaflardan birida ham unumli foydalangan edilar. Xandaq g’azotining hal qiluvchi daqiqalarida nodir zakovat va xaqiqiy fidoyilikka juda katta ehtiyoj tug’ilgandi. Tepadan ham, pastdan ham qurshab olingan musulmonlar uzoq vaqt qamalda qolib ketdilar. Sinov nihoyatda qattiq bo’ldi. Tanglik va mashaqqat soat sayin kuchayardi. Qur’oni Karim ta’biri bilan aytganda, ko’zlar tinib, yuraklar bo’g’izlarga tiqilib qolgan va ayrim kimsalar Alloh haqida turli gumonlar qila boshlagan edilar. Ayni damda Quraysh qabilasi va uning mushrik ittifoqdoshlarining holati ham musulmonlarnikidan yaxshi emas edi. Ular Alloh taoloning g’azabiga duchor bo’lgan, butunlay holdan toyib, tinka-madorlari qurigandi. Quturgan bo’ron mushrik askarlar qarorgohini to’s-to’polonini chiqargan, chodirlarni yulqib-yirtib, qozon-o’choqlarni ag’dar-to’ntar qilib yuborgandi. Olovlar o’chib qolgan, yuzga tinmay mayda tosh va qum urilar, mutlaqo ko’z ochishning imkoniyati yo’q edi.
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Payshanba, 10/01/21, 4:17:14 PM | Message # 124 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Jangu jadallar tarixi shuni ko’rsatadiki, eng muhim va mushkul lahzalarda birinchi bo’lib ingrab yuborgan taraf oqibatda, albatta, mag’lub bo’ladi. Raqibidan soniyaning allaqanday yuzdan bir qismichalik sabr-bardoshliroq bo’lgan taraf hamisha g’olib keladi. Urush taqdiri belgilanadigan mana shunday dolzarb damlarda josus va xabarchilarning harakati benihoya ulkan ahamiyat kasb etadi. Ular yetkazgan har bir xabar tillo darajasida baholanadi. Shu boisdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Huzayfa ibn Yamonning qobiliyatiga ehtiyoj sezdilar. Uni biron-bir qaror qabul qilishdan oldin qop-qorong’u zulmat kechada dushmanlar haqida ma’lumot keltirish uchun raqib o’rdusiga jo’natishni iroda etdilar. Ajal bilan hamrohlikda qilingan safar tafsilotlarini so’zlab berishi uchun gapni Huzayfaga beramiz. Huzayfa hikoyasi: — Biz o’sha kecha safga tizilgancha o’tirardik, Abu Sufyon boshchiligidagi Makka mushriklari tepamizda, banu Qurayza yahudlari pastimizda, ahli-ayol, bola-chaqalarimizga xavf solib turishardi. Men o’sha kechadagiday quyuq zulmatli va kuchli bo’ronli tunni eslay olmayman. Shamol xuddi bo’riday uvillaydi. Azbaroyi qorong’ulik qalinligidan kishi o’zining barmog’ini ko’rmaydi... Munofiqlar "Uyimizning dushmanga betkay tarafi ochiq", deb Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ketishga izn so’rashardi. Aslida bu shunchaki bahona edi. Payg’ambar alayhissalom ketishni istaganlarning hammasiga ruxsat berdilar. Ular shu zahotiyoq. g’oyib bo’lishdi. Oxiri, uch yuz choqli odam qoldik. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’rinlaridan turib, hammaning yonidan birma-bir o’ta boshladilar. Men sovuqdan qaltiragancha cho’kkalab o’tirardim. Ustimda xotinimning tizzamga ham tushmaydigan yopinchig’idan bo’lak hech vaqo yo’q. Janobimiz mening oldimga yaqinlashib, "Bu kim?" deb so’radilar. Men "Huzayfa", dedim. "Huzayfamisan?" takror so’radilar u kishi. Men sovuq va ochlikning zo’ridan g’ujanak bo’lib olgandim. Zo’rg’a ''Ha, yo Rasululloh", deya oldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Sen raqiblar qarorgohiga borib, nima gap, nima so’zligini bilib kel... Men bazo’r o’rnimdan turdim. Sovuqdan tishim taqillar, qalbim qo’rquvga to’la edi. Payg’ambar alayhissalom "Parvardigoro, uni o’ng va so’ldan, old va ketdan, ost va ustdan keladigap balolardan o’zing asra", deb duo qildilar. Xudo haqqi, u kishining duolari oxiriga yetar-yetmas Alloh qalbimdagi qo’rquvni daf qildi, vujudimdagi titroq taqa-taq to’xtadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:. - Ey Huzayfa, faqat xabarni bilib kel, boshqa hech narsa qila ko’rma, - deb qattiq tayinladnlar. Men "xo’p" degancha dushman tomon yo’naldim. Quyuq zulmat ichra hech kimga sezdirmasdan birpasda mushriklar orasiga kirib oldim. Ko’p o’tmay Abu Sufyonning qichqirig’i eshitildi: - Ey Quraysh jamoasi, men sizlarga bir gap aytmoqchnman, lekin orangizda Muhammadning ayg’oqchilari bormi deb cho’chiyapman. Shuning uchun har birnngiz yoningizdagi sherigingaz kimligiga qarab qo’ying. Men darrov yonimdaga odamning qo’lidan ushlab, "Sen kimsan?" deb so’radim. U "Falonchiman”, dedi. Abu Sufyon gapida davom etdi: - Ey Quraysh jamoasi, to’g’risini aytganda, biz noqulay paytda, noqulay makonga kelib qoldik. Ot-ulovlarimiz qirilib ketdi, ittifoqchilarimiz — banu Qurayza qabilasi ahdini buzdi, shamol ko’z ochirgani qo’ymayapti. Menimcha, hozir urushning mavridi emas, balki orqaga qaytganimiz ma’qulroq. U shunday deb tuyasining qozig’ini sug’urdi. Sakrab ustiga mindi-da, bir-ikki qamchi urib, juftakni rostladi. Xudo haqqi, agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga hech narsa qilmaslikni buyurmaganlarida o’sha yerda, albatta, Abu Sufyonni bitta o’q bilan qatl qilgan bo’lardim. Men qaytib kelganimda, payg’ambarimiz ayollarining yopinchig’iga o’ranib, namoz o’qiyotgan ekanlar. Meni ko’rib, yonlariga chaqirdilar. Yopinchiqning bir chetini tizzamga tashlab, ahvolni surishtirdilar. Men barcha gap-so’zlarni oqizmay-tomizmay yetkazdim. U kishi xursand bo’lib, Allohga hamdu sano aytdilar.
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Payshanba, 10/01/21, 4:22:39 PM | Message # 125 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Huzayfz ibn Yamoya to umrining oxirigacha munofiqlar xabaridan ogoh bo’lib turdi. Unga xalifalar ham goh-goh murojaat qilishardi. Hatto Umar ibn Xattob musulmonlardan biri vafot etsa, to’planganlardan Huzayfa kelgan-kelmaganini so’rar, kelgan bo’lsa, janozani o’qir, yo’qsa, boshqa birovga buyurar, o’zi esa marhumning iymonidan shubhalanardi. Bir safar xalifa Umar: - Mening viloyatlardagi omillarim orasida munofiqlar bormi? - deb so’radi. Bitta munofiq bor, - javob berdi Huzayfa. Kim ekan u? - so’radi hazrati Umar. Huzayfa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bildirgan sirni oshkor qilmadi, ammo xalifa o’zining o’tkir farosati bilan uning kimligini sezib, tez kunda munofiq voliynn ishdan bo’shatdi. Nahovand, Daynavar, Hamadon va Ray kabi fors shaharlarini fath etishda Huzayfa ibn Yamon nihoyatda ulkan hissa qo’shganini, hoynahoy, ko’pchilik bilmasa kerak. Yana u musulmonlarni yagona Mushafi Sharifga ittifoq qilishlariga ham sabab bo’lgan. Shunchalik fazilat va manoqiblar egasi bo’lishi bilan birga Huzayfa Alloh taoloning azobidan qattiq qo’rqar, qiyomat jazosiga ro’baro’ kelishdan bag’oyat xavfsirardi. U og’ir xastalikka duchor bo’lib, hayotining so’nggi lahzalarini kechirayotgan tunlarning birida ziyoratga kelgan sahobalardan vaqtni so’raydi. Ashoblar "Biz tongga yaqinmiz", deb javob beradilar. Huzayfa deydi: - Meni do’zax azobiga giriftor etadigan tongdan Allohdan panoh tilayman... Meni do’zax azobiga giriftor etadigan tongdan Allohdan panoh tilayman... So’ng ulardan "Kafan keltirdingizmi?" deb so’raydi. Tasdiq javobini eshitgach: - Qimmatbaho va nafis matolarni sarflamang. Agar Allohning huzurida men uchun yaxshilik bo’lsa, nafisliklar o’sha yerda berilur. Agar yomonlik bo’lsa, oddiy kafandan ham mahrum bo’lurman, - deydi va biroz tin olib, robbisiga yuzlanadi: - Allohim, o’zingga ma’lum, men faqirlikni boylikdan, kamtarlikni izzatdan, o’limni hayotdan afzal ko’rganman. Uning oxirgi so’zlari shunday bo’ladi: - Orziqib kutilgan habib keldi. Nadomat chekkan najot topmas... Alloh subhonahu va taolo Huzayfa ibn Yamonni rahmatiga olsin. Batahqiq, u insonlar uchun o’rnakka arzigudek zot edi.
|
| |
|
|
| enjoy | Date: Payshanba, 10/01/21, 7:35:26 PM | Message # 126 |
 Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 1376
Status: 
| shaddot, rahmat
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Yakshanba, 10/01/24, 9:19:37 PM | Message # 127 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| UQBA ibn OMIR al-JUHANIY Uzoq vaqt orziqib kutilgan intizorlikdan so’ng nihoyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yasrib tepaliklariga yaqinlashib kelyaptilar... Mana, Madinai Munavvaraning aholisi, ko’cha-ko’ylarda, uylarning tomlari ustida Rahmat Payg’ambari va birodari Siddiqning tashrifidan boshlari osmonda, tinmay “La ilaha illalloh", “Allohu akbar” deb qichqiryaptilar. Qizaloqlar qo’llarida doira, ko’zlarida bitmas-tuganmas zavqu shavq bilan kuylayaptilar: Rasululloh to’lin oydek nur sochib, Chiqib keldi Saniyyatul-Vado’dan. Shukr aytmoq lozim bizga har lahza, Biron kimsa qo’l uzmasin duodan. (E. Usmon tarjimasi) Mana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ulovlari asta-sekin izdihomni yorib bormoqda. Diydor ko’rish nasib etgan ko’zlarda sevinch porlaydi. Qalblar quvonch va sururga to’la Uqba ibn Omir al-Juhaniy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga kirib kelishlarini ko’rish, u kishini kutib oluvchilar safida bo’lish baxtiga erisholmadi. Тo’g’ri, u ham Allohning elchisini uzoq vaqt shaharda turib kutgan edi, biroq bu muddatda qo’y-qo’zilari och qolib, ozib-to’zib ketgan, shunda chorvaning yoppasiga nobud bo’lishidan cho’chib, podani vodiydagi yaylovga haydab ketgandi. Madinani qamrab olgan quvonch shahar ichiga sig’may tez fursatda atrof-javonibdagi qishloqlarga ham tarqaldi. Хabar Uqbaning qulog’iga yetib borganda, u yiroq dashtda qo’y boqib yurardi. So’zni Uqba ibn Omirga beraylik, Sarvari olam bilan uchrashuvini o’zi gapirib bera qolsin. Uqba aytadi: - Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelgan paytlarida men uzoq yaylovda qo’y boqib yurardim. Bu xabar qulog’imga chalingan zahoti, hamma narsani tashladim-da, u kishining ziyoratlariga shoshildim. Boriboq: - Yo Rasululloh, men sizga bay’at beraymi? - dedim. Janobimiz: - Siz kimsiz? - deb so’radilar. - Uqba ibn Omir al-Juhaniyman, - javob berdim men. - Siz hijrat bay’atini tanlaysizmi, a’robiylarnikinimi? - dedilar u kishi. - Hijrat bay’atini, - dedim va muhojirlar qaysi amallarni qilishga, qaysilaridan qaytishga so’z bergan bo’lsalar, men ham o’shalarga va’da berdim. Shu tunni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida o’tkazib ertalab yaylovga qaytdim.
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Yakshanba, 10/01/24, 9:22:19 PM | Message # 128 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Biz yiroq dala-dashtlarda qo’y boqib yurgan o’n ikkita musulmon qo’ychivon edik. Bir kuni bittamiz: - Agar biz shu ahvolda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bormasdan yuravevrsak, holimizga voy. Keling, har kuni galma-galdan Yasribga qatnaylik. Axir biz ham dinimizni chuqurroq o’rganaylik, samodan nima vahiy tushyapti, xabardor bo’laylik. Ketgan odamning qo’yini birontamiz boqib turamiz, - deb taklif kiritdi. Hamma yakdillik bilan rozi bo’ldi. - Mayli, siz navbatma-navbat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib kelavering. qo’yingizga men qarab turaman, - deb dashtda qolishni bo’ynimga oldim, chunki qo’ylarimni birovga tashlab ketishga sira ko’zim qiymasdi. Shunday qilib cho’pon birodarlarim qo’ylarini menga qoldirib, birma-bir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlariga qatnay boshlashdi. Kim qaytib kelsa, darrov oldiga borar, ko’rgan-eshitganlarini so’rab-surishtirar, shariatning yangi ahkomlarini o’rganardim. Ajabki, xabarlarni eshitganim sayin qalbimda Madinaga jo’nash istagi kuchayardi. Bir kuni o’zimga dedim: - Sho’ring qursin, mana shu na et bitadigan, na jir bitadigan qoq suyak qo’ylaringni deb Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suhbatlaridan, bevosita o’zlarining og’izlaridan din o’rganish baxtidan mahrum bo’lyapsan. Keyin darhol narsalarimni yig’ishtirib, bundan buyon Allohning elchisidan aslo ajralmaslikka ahd qilib. Madinaga yo’l oldim.
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Yakshanba, 10/01/24, 9:28:37 PM | Message # 129 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Uqba ibn Omir eng to’g’ri va qat’iy qarorni qabul qilayotib, bir necha yillardan so’ng ashobi kirom ulamolarining akobirlaridan, qoriyu qurrolarning shayxlaridan, muhim g’alabalarga erishadigan lashkarboshilardan, islomning adolatparvar voliylaridan bo’lib yetishishini mutlaqo o’ylamagandi. Hamma qo’ylarini tashlab, Alloh va Rasul sari ketayotib, bir kun kelib “Ummud dunyo" - "Dunyoning onasi" deb ataladigan Damashq fathida ilg’or qo’shin safida qatnashishini, yangi zabt etilgan shaharning Тumo nomli darvozasi yonidagi go’zal bog’dan uy-joy uchun yerga ega bo’lishini xayoliga ham keltirmagandi. Vaqt o’tishi bilan yashil olam zumurradi hisoblapmish Misr g’alabasida sarkardalardan biri sifatida ishtirok etishini va u yerda voliy bo’lib qolishini, Muqattam tog’i etagidagi odmigina hovlida joylashishini tasavvur ham qilmagandi. Bularniig bari g’ayb ishlaridan bo’lib, ularni Alloh taolodan boshqa hech kim bilan olmaydi. Uqba ibn Omir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xuddi soyalaridek sirayam ajralmas, ulovga minsalar, qayerga borishlaridan qat’i nazar, jilovdorlik qilar, yayov yursalar, ketlaridan ergashardi. Ko’pincha Payg’ambar alayhissalom uni orqalariga mingashtirib olganliklari uchun "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning radifi" deya laqablanardi. Ba’zan Sarvari olam yayov, jilovni yetaklar, Uqba esa markabda qolardi. Uqbaning hadisi: - "Madinadagi qalin daraxtzorlar orasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xachirlarini yetaklab borardim. Bir payt "Ey Uqba, kel, sen minaqol", deb chaqirdilar. Men avvaliga "yo’q" demoqchi bo’ldim, lekin e’tiroz qilishim Allohning elchisiga nisbatan osiylikday tuyulib, "mayli", dedim. Biz o’rin almashdik. Men biroz yurgach, yerga tushdim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Ey Uqba, men senga misli ko’rilmagan ikkita surani o’rgataymi?" dedilar. Men "Ha, albatta, yo Rasululloh", dedim. U kishi menga "qul a’uzu birobbil falaq" va "qul a’zu birobbin nos" suralarini o’qitdilar. Anchadan keyin namoz o’qidik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam imomlikka o’gib, boyagi suralarni zam qildilar. Namozdan so’ng menga: - Bu suralarni har safar uyquga yotishingdan oldin ham, uyg’onganingdan keyin ham, albatta, o’qigin, - deb tayinladidar. “Men umrimning oxirigacha shundoq qildim", - deb so’zini yakunlaydi Uqba.
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Yakshanba, 10/01/24, 9:34:34 PM | Message # 130 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Uqba ibn Omir asosan ilm va jihodga katta ahamiyat berardi. Bu yo’lda bor kuch-g’ayratini, molu dunyosini ayamay sarflardi. U ilm sohasida yuksak cho’qqilarni zabt etgandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ilm chashmalaridan beqiyos bahra olgan, buning barakotidan qori, muhaddis, faqih, faraziy (meros ilmi olimi), adib, shoir va notiq bo’lib yetishgandi. Qolaversa, Qur’oni Karimni eng go’zal tilovat qiluvchi zotlardan edi. Тun qorong’usi kirib, atrof-muhit sukutga cho’mgach, Alloh taoloning kitobi uzra muk tushib, qiroat qilardi. Тevaragiga sahobai kiromlar jamlanib, jon quloqlari bilan oyatlar tilovatini tinglashar, qalblari huzurlanib, ko’zlaridan duv-duv yosh tomardi. Bir-kuni Umar ibn Хattob Uqbani chaqirib, Allohning kitobidan o’qib berishni so’radi. "Bosh ustiga, ey amirul mo’minin", dedi u va Rob taoloning barchani barobar lol qoldirgan mo’’jizakor kitobidagi oyatlarni mayin ovoz bilan tilovat qila boshladi. Hassos qalb sohibi xalifa Umar oyatlar ta’siridan uzoq vaqt yig’ladi. Azbaroyi ko’z yoshlaridan soqoli ho’l bo’lib ketdi. Uqba keyingi avlodga o’z qo’li bilan ko’chirgan mushafni meros qoldirgan edi. Bu mushaf yaqin-yaqingacha Ukba ibn Omir nomi bilan ataladigan jome’ada saqlanib kelardi. Uning oxirida "Uqba ibn Omir kitobat etdi" degan yozuv bor edi. Baxtga qarshi biz g’ofillar uni ko’pgina meroslarimiz qatori yo’qotib qo’ydik, qo’ldan boy berdik. Endi jihod haqida gapiradigan bo’lsak, Uqba ibn Omir Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Uhud va undan keyingi barcha g’azotlarda ishtirok etdi. Yolg’iz shu xabarning o’zi uning jihod sohasida nechog’lik ulkan nasiba sohibi ekanini tushunib olishga kifoya qiladi. U islom lashkarining eng jasur va qo’rqmas jangchilaridan edi. Damashq fathida mislsiz qahramonliklar ko’rsatgan, buning mukofotiga lashkarboshi Abu Ubayda ibn Jarroh uni Umar ibn Хattobga g’alaba xushxabarini yetkazish uchun Madinaga yuborgandi. Uqba bu jumadan keyingi jumagacha, sakkiz kecha-kunduz tinmay yo’l bosib, xalifaga buyuk fath bashoratini keltirgandi. Bundan tashqari, Uqba Misr diyorini fath etgan qo’shinning sarkardalaridan biri edi. O’sha xizmatlari uchun amirul mo’minin Muoviya ibn Abu Sufyon uni Misrga voliy etib tayinlagan, uch yildan so’ng O’rtayer dengizi sohilidagi Rudus jazirasiga jihodga jo’natgandi. Uqba ibn Omir Alloh yo’lida jihod qilishni jon-dilidan sevar, shuning uchun jihod haqidagi hadislarni hammasini yod olgandi va bu mavzudagi xabarlarni rivoyat etishda tengi yo’q edi. U kamondan o’q uzish san’atini bekamu ko’st egallagan, mabodo dam olmoqchi bo’lsa, kamon otish bilan hordiq chiqarardi.
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Yakshanba, 10/01/24, 9:38:54 PM | Message # 131 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Uqba ibn Omir Misrdaga uyida o’lim to’shagida yotganida o’g’illarini to’plab, vasiyat qildi:. - Bolalarim; men sizlarni uch narsadan qaytaraman, yaxshilab qulog’ingizga quyib oling. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini ishonchli bo’lmagan kishidan qabul qilmang. Egningizda birgina yupun yaktak qolgan taqdirda ham aslo birovdan qarz so’ray ko’rmang. She’r yozishga berilib ketmang, Qur’oni Karim tadabburidan g’ofil qolasiz. Vafot etgan mujohidni Muqattam etagiga dafn qildilar. Uning qoldirgan buyumlarini tekshirib ko’rganlarida yetmishdan ortiq kamon topdilar. Har birining yoniga sadoq to’la o’q qo’yilgan va ulardan Alloh yo’lida foydalanish vasiyat qilingan edi. Alloh azza va jalla olim, g’oziy, qori Uqba ibn Omir al-Juhaniyning yuzini munavvar aylasin, unga islom va musulmonlar nomidan ajri azimlar ato etsin.
|
| |
|
|
| enjoy | Date: Dushanba, 10/01/25, 7:29:34 AM | Message # 132 |
 Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 1376
Status: 
| shaddot, Olloh rozi bo'lsin kattakon rahmat
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Chorshanba, 10/01/27, 2:28:06 AM | Message # 133 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| ABU UBAYDA ibn al-JARROH Har bir ummatning o’z ishongan kishisi bo’ladi. Bu ummatning ishongan kishisi Abu Ubaydadir Muhammad Rasululloh U ochiq chehrali, istarasi issiq, jussasi ozg’in, soqoli siyrak kishi edi. Ko’rgan odamning ko’zi quvonar, qalbida yana qayta uchrashuvga shavq pando bo’lar va u haqida iliq taassurot uyg’onardi. Bundan tashqari, nihoyatda xushmuomala, sertavoze, g’oyatda uyatchan edi, lekin ahvol og’irlashib, vaziyat keskinlikni talab qilsa, go’yo g’azabnok arslonday, uni tanib bo’lmay qolardi. U o’zining dadil va o’ktam xatti-harakatlari bilan keskir qilichga mengzardi. Bu odam Muhammad alayhissalom ummatining eng ishoichli vakili Abu Ubayda kunyasi bilan mashhur Omir ibn Abdulloh ibn al-Jarroh al-Fihriy al-Qurashiydir. Abdulloh ibn Umar uni quyidagicha ta’riflagan: — Quraysh qabilasida uch kishi borki, ular insonlarning eng ochiq chehrali, go’zal ahloqli va hayoliroqlaridir. Agar sizga gapirgudek bo’lsalar, bir luqma ham yolg’on qo’shmaslar. Agar siz ularga gapirsangiz, sizni yolg’onchiga chiqarmaslar. Bular Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon va Abu Ubayda ibn al-Jarrohlardir.
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Chorshanba, 10/01/27, 2:28:39 AM | Message # 134 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Abu Ubayda islomni eng avval qabul qilgan musulmonlardan edi. Abu Bakr Siddiqdan bir kun keyin, u kishining da’vati bilan dinga kirgan va Abdurahmon ibn Avf, Usmom ibn Maz’un, Arqam ibn Abu Arqam bilan birga Payg’ambar alayhissalomning huzurlariga borib, haq kalimasini aytgan, shunday qilib buyuk islom binosini bunyod etishlik uchun qo’yilgan eng avvalgi g’ishtlardan bo’lgan edi. Abu Ubayda Makkada ilk islom shu’lalari tarala boshlagan ondan tortib og’ir sinovlarni boshidan kechirdi. Peshqadam mususlmonlar qatori turli xil zulmu bedodliklar, haqoratu tazyiqlar, g’amu alamlarni totib ko’rdi-ki, Yer yuzidagi bironta din tarafdori bundoq sinovlarga duchor etilmagandi. Ular esa bu sinovlarga mardonavor dosh berishdi, har qancha ahvollari tang, holatlari ayanchli bo’lsa ham Alloh taolo va Payg’ambar alayhissalom janoblariga bergan va’dalariga sodiq qolishdi. Ammo Badr jangi Abu Ubaydani yetti uxlab tushiga kirmagan, inson zoti tasavvur qilishdan ojiz bo’lgan nihoyatda mushkul imtihonga ro’para etgandi. Badr kuni Abu Ubaydaning dushmanlar safini parokanda etishlikda ko’rsatgan jangovar mahorati mushriklar qalbiga g’ulg’ula soldi. U xuddi o’limni pisand qilmayotganday jangning eng qonli tus olgan nuqtalarida hozir bo’lar, quraysh suvoriylari esa, unga yuzma-yuz kelishdan o’zlarini olib qochardilar... Ammo ular orasida bir kishi Abu Ubaydani yakkama-yakka olishuvga chorlab, bot-bot oldidan kesib chiqar, Abu Ubayda esa har safar unga yo’liqqanida otining jilovini chetga burardi. Haligi odam xira pashshaday Abu Ubaydani ta’qib qilishdan charchamas, u bo’lsa yakkama-yakka jangdan chetlanishini qo’ymasdi. Nihoyat, taqib qiluvchi niyatiga yetdi. Abu Ubaydaning ro’parasiga ko’ndalang turib olib, Allohning dushmanlariga qarshi jihod qilishdan yo’lini to’sib qo’ydi. So’qishdan o’zga iloj topolmagan mujohid qilichining bir zarbi bilan raqibining kallasini qoq ikkiga bo’lib tashladi. "O’ziga o’zi o’lim tilab olgan kishi kim bo’ldi ekan?" deb boshingizni qotirib o’tirmang, ey muhtaram o’quvchi. Avval boshdayoq bu imtihonni inson bolasi tasavvur qilishdan ojiz deb aytmaganmidim?! Тixirligi boshiga yetgan kishi Abdulloh ibn al-Jarroh, Abu Ubaydaning otasi bo’lsa nima deysiz?!
|
| |
|
|
| shaddot | Date: Chorshanba, 10/01/27, 2:37:08 AM | Message # 135 |
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status: 
| Abu Ubayda otasini qatl qilgani yo’q, balki otasining shaxsidagi shirkni o’ldirdi. Shu bois Alloh subhonahu va taolo ota-bola o’rtasidagi mojaro haqida quyidagi oyatni nozil qildi: "Allohga va qiyomat kuniga iymon keltiradigan qavmning Alloh va Uning payg’ambari chizgan chiziqdan chiqqan kimsalar bilan - garchi ular o’zlarining otalari yoki o’g’illari, yoki og’a-inilari, yoki qarindosh-urug’lari bo’lsalar-da — do’stlashayotganlarini topmassiz. Ana o’shalarning dillariga (Alloh) iymonni bitib qo’ygandir va ularni O’z tomonidan bo’lgan Ruh — Qur’on bilan quvvatlantirgandir. U zot ularni ostidan daryolar oqib turadigan, ular mangu qoladigan jannatlarga kiritur. Alloh ulardan rozi bo’ldi va ular ham (Allohdan — U zot bergan ajr-kukofotlardan) rozi bo’ldilar. Ana o’shalar Allohning xizbidirlar. Ogoh bo’lingizkim, albatta Allohning xizbi (bo’lgan zotlargina) najot topguvchidirlar!" ("Mujoda” surasi, 22-oyat). Abu Ubaydani bu og’ir imtihondan yorug’ yuz bilan o’tishi, aytarli, ajablanarli hol emas edi. Uning Allohga bo’lgan iymoni shu qadar baquvvat, o’zi dinga shunchalik sodiq va Muhammad alayhissalom ummati o’rtasida shu darajada ishonchga sazovor, omonatga vafodor ediki, hatto Alloh taoloning nazdida buyuk maqomga ega bo’lgan zotlar ham unga havas qilishardi. Muhammad ibn Ja’far hikoya qiladi: Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga nasroniylar guruhi kelib: - Yo Abul Qosim, biz o’rtamizdagi molni taqsimlay olmay, bir-birimiz bilan salkam jiqqamusht bo’layozdik. Siz, musulmonlar, to’g’riso’z, omonatdor odamlarsiz. Shuning uchun biz bilan o’zingiz ishongan odamni yuborsangiz, u bizga mollarimizni adolat bilan taqsimlab bersa, - deb iltimos qilishdi. - Ertaga kelinglar, men siz bilan eng ishonchli odamimni yuboraman, - dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam. Davomini Umar ibn Хattobdan eshiting: - Ertasi kuni peshin namozini o’qishga masjidga keldim. Хudo haqqi, men umrim bino bo’lib, bironta masalada qozilik qilishni istamagandim, lekin o’sha kuni "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ishonchli kishisi" nomini olish uchun bu vazifani menga topshirilishini ich-ichimdan xohladim... Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizga peshinni o’qib bergach, orqalariga o’girildilar. Ko’zlari bilan odamlar orasidan kimnidir izlay boshladilar. Men umid bilan bo’ynimni cho’zib qarab turardim. Rasulullohning nigohlari Abu Ubaydaga tushib, uni chaqirdilar. So’ng: — Mehmonlar bilan borib, ular kelisha olmayotgan masalani adolat bilan hal qilib ber, - deb tayinladilar. Men "Uloqni Abu Ubayda ilib ketdi", deb qo’ydim.
|
| |
|
|