Ulug‘ xulq sohibi bo‘lgan zot alayhissalom aytdilar:
- Yangisini kiy, maqtovli holda yasha va shahid holda vafot qil.
Yangi ko‘ylak kiyganda Umar: "Menga avratimni berkitadigan kiyim kiygizgan va xilqatimni chiroyli qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin", der edi.
* * *
Umar Xandaq kuni va Hudaybiya sulhini tuzishda Nabiy (s.a.v.) bilan birga edi.
Umar ibn Xattob bir kuni Rasulullohning huzurlarida Quraysh ayollarining ko‘p savol so‘rab ovozlarini baland qilib gapirayotganini qo‘rib qoldi. Ular Umarning ovozini eshitib, o‘zlarini panaga olib jim qolishdi. Bu holni ko‘rib Xotamul anbiyo (s.a.v.) tabassum qildilar.
Umar:
- Ey nafsining dushmanlari, Rasulullohdan qo‘rqmay, mendan qo‘rqyapsizlarmi? - dedi.
Allohning elchisi (s.a.v.) aytdilar:
- Ey Umar, agar yo‘lda shayton senga duch kelib qolsa, yo‘lini o‘zgartirib boshqa yo‘ldan ketgan bo‘lardi.
Rasululloh (s.a.v.) Umar ibn Xattobni otasining nomi bilan qasam ichganini eshitib aytdilar:
- Albatta, Alloh ota-bobolaring nomi bilan qasam ichishdan qaytardi.
Abu Hafsa deydi:
- Bu so‘zni eshitganimdan so‘ng hech qachon bunday qasam ichmadim.
Bir kuni peshin payti Rasululloh (s.a.v.) masjidga xursand holda kirib keldilar. U yerda sahobalar o‘tirishgan edi. Rasululloh (s.a.v.) Umarga qarab dedilar:
- Men bugun tushimda ko‘ylak kiygan kishilarni ko‘rdim. Ularning kiyib olgan kiyimlari ko‘kraklariga ham yetmas, ba'zilariniki esa undan ham teparoqda edi. Keyin Umarni ko‘rdim. Uning ko‘ylagi yergacha yetib turardi.
Sahobalar so‘rashdi:
- Uni qanday ta'vil qilasiz, yo Rasululloh? Havodan olib gapirmaydigan Rasuli akram aytdilar:
- Dinga yo‘ydim.
Albatta, Umar islomni mukammal ushladi. U kishi "rido"sini kiyganida boshdan-oyoq berkitar edi. Shundan so‘ng Xotamul anbiyo (s.a.v.) aytdilar:
- Men bir kuni tush ko‘rdim. Tushimda menga bir qadah sut berildi. Undan ichganimda tirnoqlarimga qadar oqib borganini sezdim. Shundan so‘ng o‘zimdan ortib qolganini Umarga berdim.
Rasulullohdan so‘rashdi.
- Buni nima deb ta'vil qildingiz, yo Nabiyyulloh. Abul Qosim (s.a.v.) aytdilar:
- Ilmga yo‘ydim.
Umar ibn Xattob Hotamul anbiyo (s.a.v.) bilan Umraning qazosida, Makka fathida, Hunayn g‘azotida va Toif qamalida birga qatnashdi.
Bir kuni Umarul Foruq Rasululloh alayhissalomning haj qila olmasliklari ma'lum bo‘lganidan so‘ng, umra qilishga izn so‘radi. Nabiy alayhissalom izn berib aytdilar:
- Ey birodarim, duo qilganingda bizni unutma. Aziz birodar, qarang butun olamga rahmat qilib yuborilgan zot Umarga shunday deb turibdilar. Alloh u zotning avvalgi-yu oxirgi gunohlarini kechirib qo‘ygani holda Umarning Ka'ba oldidagi duosiga nima muhtojligi bor?
Umar qachon bu so‘zni eslasa: "Bu dunyoda men uchun eng sevimli narsa menga u zotning: "Ey birodar", degan so‘zlaridir", derdi.
Ha, bu so‘z butun bashariyat sayyidi tarafidan odamlar bir-biriga o‘zaro birodar ekanini tasdiqlovchi muborak shahodatdir. Ana shu so‘z Umarning ulug‘ligiga ham dalolat qiladi. Umar shu birodarlik ahlidandir.
Umarul Foruq bahs-munozara qilishga muhtoj bo‘lgan ishlarda tortishar, ba'zan hukmini bilmaydigan ishlar bo‘lsa, darhol hukm chiqarmas, faqat Nabiy alayhissalom keltirgan hukmlar bilan qanoatlanuvchi edi.
Umar ibn Xattob Ka'badagi Hajarul asvadni o‘pib, xuddi unga xitob qilayotgandek dedi:
- Sen foyda ham, zarar ham bermaydigan oddiy toshsan. Allohga qasamki, Rasululloh alayhissalom seni o‘pganlarini ko‘rmaganimda seni o‘pmas edim.
Bir kuni choshgohda Rasululloh (s.a.v.) masjidda ba'zi sahobalar bilan o‘tirganlarida shunday dedilar:
- Tushimda jannatda yurganimni ko‘ribman, bir ayol shu yerdagi qasr yonida tahorat olardi. Men undan: "Bu qasr kimniki", deb so‘radim. "Umarniki", deb javob berdi. Shunda men seni rashkchi ekaningni eslab, darrov ortimga burildim.
Umar ibn Xattob yig‘lab dedi:
- Sizdan ham rashk qilamanmi, ey Allohning rasuli?
* * *
Umar ibn Xattob Toifdagi Ajz degan joyda musulmonlar qo‘shiniga amir bo‘lib borgan va Tabuk g‘azotida Nabiy (s.a.v.) bilan birga hamrohlik qildi.
Kunlardan birida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom bilan suhbat qurib o‘tirganlarida Foruq masjidga kirib keldi. Jabroil (a.s.) aytdilar:
- Bu sening birodaring Umar ibn Xattob emasmi? Rasululloh (s.a.v.) aytdilar:
- Ha, mening birodarim. Yerda bo‘lganidek osmonda ham ismi bormi?
Jabroil (a.s.) aytdilar:
- Sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, uning ismi osmonda yerdagidan mashhurroqdir. Uning ismi osmonda Foruq, yerda esa Umardir.
Kunlarning birida Rasululloh alayhissalom Qubo masjidiga Abu Bakr, Umar, Usmon ibn Affon va Ali (r.a.)lar bilan birga bordilar. Masjidda ba'zi ansoriy va muhojir sahobalar bor ekan. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar:
- Sizlar mo‘minmisizlar?
Qavm jim bo‘lib qoldi. Xotamul anbiyo yana so‘radilar:
- Sizlar mo‘minmisizlar?
Umar ibn Xattob aytdi:
- Yo Rasululloh, albatta, ular mo‘mindirlar, men ham ulardanman.
Ular: "Ha", deb javob berishdi. Nabiy (s.a.v.) aytdilar:
- Balo va musibatlarga sabr qilasizlarmi? Ular yana: "Ha" deb javob berishdi. Yaxshiliklar imomi (s.a.v.) aytdilar:
- Ne'mat va yaxshilikka shukr qilasizlarmi? Ular tag‘in: "Ha", deyishdi.
- Ka'baning Rabbiga qasamki, ular mo‘mindirlar. Mo‘min kishi mana shunday bo‘ladi. Foruq hamma vaqt sabr qiluvchi, shukr qiluvchi va rozi bo‘luvchi bandalar-dan bo‘lgan.
Umar ibn Xattob Hajjatul vado' kuni Rasululloh bilan birga bo‘ldi. Rasululloh (s.a.v.) Makkadan Madinaga qaytganlaridan so‘ng kasal bo‘lib yotib qoldilar. Keyin ruhlari Rofiqul A'lo sari yo‘l oldi. Umar ibn Xattob bundan juda qattiq qayg‘uga botdi.
Umar ibn Xattob Rasulullohning (s.a.v.) xalifasi Abu Bakrni eng og‘ir va qiyin vaziyatda himoya qildi. Bu vaqtda musulmonlar Rasululloh vafotidan mahzun holatga tushib nima qilishlarini bilmasdan, es-hushlarini yo‘qotib qo‘ygandi. Rasulullohning vafotlari musulmonlarni shunday holga keltirib qo‘ygan edi. Foruq birinchilardan bo‘lib Abu Bakr Siddiqga bay'at berdi. Boshqa musulmonlar ham unga ergashib, Abu Bakrga bay'at berishdi.
Abu Bakr u bilan qiyin paytlarda maslahatlashar, hattoki biror ishni qilishni xohlasa, uning fikriga qarar edi. Ayrim kishilar Abu Bakrning oldiga borib: "Allohga qasamki, bilmay qoldik, xalifa senmi yoki Umar?" deb so‘rar edi. Siddiq aytardiki:
- Agar u buni xohlasa (kifoya).
Abu Bakr Umarni musulmonlarga qozi etib tayinlanganidan keyin u kishining davlat ishlarida yordam beradigan va maslahat qiladigan vaziriga aylandi. Umar Islom xalifaligining eng obro‘li kishilaridan biri hisoblanib, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham u bilan maslahatlashib turar edilar.
Aqro ibn Tamimiy va Uyayna ibn Hasson Firoziylar qabila ahliga so‘zi o‘tadigan boy kishilar bo‘lib, Nabiy alayhissalom davrlarida bir muncha imtiyozlarga ega edilar. Bir kuni ular Abu Bakrning oldiga kelishdi va:
- Ey Rasulullohning xalifasi, bizning qabilada bir yer bor, u yer sho‘r, na o‘t-o‘lan o‘sadi, na undan boshqa foyda bor. Rasululloh (s.a.v.) ham bizga o‘z ulushlarimizni berib turar edilar. Agar ma'qul ko‘rsangiz, shu yerni bizga ajratib bering, - dedilar.
Abu Bakr bunga ijozat berib, yerni ikkoviga xatlab berdi. Bir qancha kishini guvoh qildi. Bu guvoxlar ichida Umar ibn Xattob yo‘q edi. Aqro bilan Uyayna Foruqning uyiga borishdi. Umarga o‘sha qog‘ozni ko‘rsatishdi. Hazrati Umar uni o‘qiy turib, qo‘liga tupirdi-da qog‘ozdagi yozuvlarni o‘chirib tashladi. Aqro bilan Uyaynaning bundan jahli chiqib aytishdi:
- Allohga qasamki, biz bilmay qoldik, qaysi biringiz xalifa, umi yoki sen?
Umarni yomon so‘zlar bilan haqorat qilishdi. Foruq shunda aytdi:
- Rasululloh (s.a.v.) sizlar bilan birodar va ittifoq bo‘lgan vaqtda musulmonlar kuchsiz va ozchilik edi. Sizlarni Islomga muhabbati oshsin degan maqsadda rag‘batlantirib turar edilar. Endi Alloh Islomni aziz qildi. Jo‘nanglar, boshqa qo‘ringmanglar. Allohdan qo‘rqinglar va Uning haqlariga rioya etinglar.
Aqro ibn Habis bilan Uyayna ibn Hasson Abu Bakrning oldiga borib, Umardan norozi bo‘lganini aytishdi:
- Allohga qasamki, biz bilmay qoldik, senmi xalifa yoki umi?
- Agar u xohlasa, bunga loyiq.
Abu Hafsa (r.a.) bundan g‘azablandi va Abu Bakrning oldiga kelib so‘radi:
- Siz bo‘lib bergan yer kimniki ekanini menga ayting, u siznikimi yoki musulmonlarnikimi?
- Albatta, musulmonlarniki.
- Unda bu yerni ikkalasiga berishga sizni nima majbur qildi?
- Men oldimdagilar bilan maslahat qildim va ular menga shu maslahatni berishdi, senga shuni yetkazdim. Albatta, sen bu masalada mendan biluvchiroq ekansan. Sen haqsan.
* * *
Abu Bakr Siddiq kasal bo‘lib yotib qoldi. Shunda maslahat uchun Abdurahmon ibn Avf bilan Usmon ibn Affonni chaqirib Umar ibn Xattobni" xalifa etib tayinlashini bildirdi. Ularning ikkisi ham Abu Bakrning bu fikrini ma'qulladilar. Shundan so‘ng Abu Bakr Usmon ibn Affonga Umarning xalifa bo‘lgani haqidagi qarorni yozib qo‘yishni buyurdi va hazrati Umarga odam yuborib bunday dedi:
- Ey Umar, sen yoqtirmaydigan narsa yomondir va sen yoqtiradigan narsa yaxshidir. Ba'zi yomon ko‘rilgan narsa yaxshilikni yomon ko‘rsatib, yomonlikni yaxshi ko‘rsatadi.
Umar ibn Xattob aytdiki:
- Menda bu narsaga hojat yo‘q. Xalifa bo‘lishni xohlamayman.
- Lekin ularning senga hojatlari bor.
* * *
Abu Bakr (r.a.) vafot etgach, musulmonlar Foruqga bay'at berdilar. Bu vaqtda Hazrati Umar 55 yoshda edi. Umar ibn Xattobga bay'at berib bo‘lishgandan keyin musulmonlardan so‘radi:
- Abu Bakrni Rasulullohning xalifasi deb chaqirardik. Meni qanday chaqirasizlar?
- Biz seni Rasululloh xalifasining xalifasi deb chaqiramiz.
- Rasulullohning xalifasining xalifasi... bu juda uzun. Mug‘iyra ibn Sho‘‘ba Saqafiy boshqa fikrni taklif qildi:
- Sen amirimizsan, biz mo‘minlarmiz, sen esa amirul mo‘mininsan.
Mug‘iyra ibn Sho‘‘baning taklifini barcha musulmonlar birdek ma'qullashdi.
Umar ibn Xattob birinchi bo‘lib amirul mo‘minin nomini oldi. Bu voqea hijratning 13-yili jumodul oxir oyiga to‘g‘ri keladi.
Amirul mo‘minin Umar Abu Bakrning uyiga bordi. U kishining ayoli Asmo binti Amiysdan so‘radi:
- Abu Bakr Rabbiga qanday ibodat qilardi, o‘z nafsiga qanday muomalada bo‘lardi?
Asmo binti Amiys aytdi:
- U kishi sahar vaqti turar, tahorat qilib namoz o‘qirdi. Namoz o‘qiy turib, yig‘lab Qur'on tilovat qilardi, yig‘lab sajda qilardi va yig‘lab duo qilardi. Shu vaqtda uyning ichi va tashqarisida yangi pishirilgan jigar hidi ufurib ketardi.
Umar yig‘lab aytdi:
- Ey Ibn Xattob, sen unga o‘xshaysanmi? Batahqiq Abu Bakr Siddiq ibodat qilishda, uning ahkomlari va yo‘l-yo‘rig‘ida rabboniy kishi bo‘lgan. Vaholanki, hazrati Umar ham xuddi Alloh azza va jallani ko‘rib turgandek ibodat qilardi.
Agar amirul mo‘minin yaxshi rohat va farog‘atda yashashni xohlasa va muboh ne'matlardan bahramand bo‘lishni istasa, albatta, buni qilar va hech kim unga mone' bo‘lolmas edi. Islom dini va musulmonlarning kuch qudrati, shon shuhrati va rivojlanishi uchun qilgan xizmatlari bilan bunga loyiq edi. Lekin nafsini yengib, oddiylik va faqirona yashashni ixtiyor qildi.
Umarul Foruq nafsini tergab yashar, ozgina uxlar, quvvat bo‘ladigan darajada ozgina ovqatlanar, dag‘al kiyim kiyar edi. Ahli oilasi uning bu holiga rahmi kelib aytardi:
- O'zingizga rahm qiling. Biroz uxlab oling,- desa Umar aytardi:
- Agar kechasi uxlasam, nafsimni halok qilaman, kunduzi uxlasam ra'iyatni halok qilaman.
Sa'd ibn Abu Vaqqos Kisro podshohligiga qarashli shaharlar va hududlarni fath qildi. Kisroning kiyim va bisotlarini Rasulullohning shahriga yubordi. Umar ibn Xattob bu narsalarga qarab shunday dedi:
- Bu qavm oldin hukmdor edi, endi esa xor bo‘ldi. Amirul mo‘minin Umar Kisroning kiyimlari va nafis javohirlar bilan bezatilgan tojiga qaradi. Kisroning qilichi qabzasidan tutib aytdi:
- Kisroning qilichini o‘ziga zarar qilib, manfaatli etmagan Allohga hamd bo‘lsin.
Shunda amirul mo‘minin tabassum qildi. Balki uning tabassum qilishiga sabab, yoshligida uchragan rumlik kishining: "Sen hali arab, rum va forsning hukmdori bo‘lasan", degan so‘zlarini eslagandir.
Umar hovlisiga kirganida yamoq solingan kichkina gilamchaga ko‘zi tushdi. U bir quloch chiqar yoki chiqmas edi. Ayolidan so‘radiki:
- Mana bu senikimi?
- Abu Muso Ash'ariy uni bizga hadya qildi.
- Abu Muso? Bu narsani menga keltiribdimi? Abdulloh ibn Qays uning uyiga oldinroq yetib bordi.
Umarning yuzini g‘azab buluti o‘rab olganini ko‘rdi. Sarosimaga tushib dedi:
- Shoshilmang, amirul mo‘minin.
Foruq gilamchani Abu Musoga qarab otdi va:
- Buni menga hadya etishga nima majbur qildi? Buni ol, bizning unga hojatimiz yo‘q- dedi.
* * *
Umar xutba o‘qiladigan joyda turib so‘radi:
- Agar men sizlarga adolat qilishdan boshimni bursam, nima deb javob qilasizlar?
Bir kishi aytdiki:
- Agar shunday bo‘lsa, qilich bilan tuzatamiz. Amirul mo‘minin Umar aytdiki:
- Mendek obro‘li kishini-ya?
- Ha, sizday obro‘li amir bo‘lsa ham.
Abu Hafsa xursand bo‘lib dedi:
- Alloh rahm qilsin. Orangizda meni egri yo‘ldan qilichi bilan to‘g‘irlab turadigan kishilarni yaratgan Allohga hamd bo‘lsin.
Binobarin, Foruqni ham Rasulullohning sahobalari yaxshilikka buyurib, yomon ishlarni qilmaslikka ogohlantirib turar, lekin bundan Umar g‘azablanmas va ularga shunday deb aytardi:
- Ayblarimni yuzimga aytgan kishilarga Allohning rahmati bo‘lsin.
Ka'bul Axbor amirul mo‘mininning majlisiga keldi. (U kishi yahudiy olimlaridan bo‘lib, islomni qabul qilgan edi.) Foruq u kishiga dedi:
- Menga o‘lim haqida aytib ber.
Ka'bul Axbor o‘limni sifatlab shunday dedi:
- O'lim xuddi bir kishining ichiga kirgan g‘ujanak tikanga o‘xshaydi. So‘ng bu tikanni bir kishi qattiq tortadi. Shu tikandan uzilgani uzilib, qolgani qolib ketadi.
Foruq o‘limni doim eslab yurar, qudratli va jabbor Zotniyag xuzuriga borganda bo‘ladigan savol javobdan juda qo‘rqardi.
* * *
Umar roziyallohu anhu tanqid va qarshi fikrdan qo‘rqmas, shu ikkisini o‘z o‘rnida yo‘lini yoritadigan mash'ala sifatida qabul qilardi. Hazrati Umar bir kuni minbarga ko‘tarilganlaridan so‘ng shunday dedi:
- Endi ayollar mahrini qirq uqiyadan ziyoda qylmanglar. Kimki shundan ziyoda qilsa, ortiqchasi baytul molga o‘tkaziladi.
Musulmonlar orasida o‘tirgan bir ayol turib aytdi:
- Bunday qilishga haqqing yo‘q, ey amirul mo‘minin.
- Nima uchun? Ayol shunday dedi:
Chunki eshituvchi va Olim Zot Alloh: "Agar bir xotinnn qo‘yib, boshqa bir xotinga uylanmoqchi bo‘lsangizlar, avval-gnsiga sanoqsiz molu dunyoni (mahr qilib) bergan bo‘lsangiz-da undan biron narsani qaytarib olmangazlar! Uni olish bo‘hton va ochiq gunoh bo‘lgan holida olasizlarmi?" (Niso, 20) degan.
Ayolning bu so‘zlaridan Faruq g‘azablanmadi, unga zug‘um ham qilmadi. Balki qat'iylik bilan dedi:
- Ayol to‘g‘ri aytdi, Umar xato qildi.
Umar shiddati va qattiq qo‘lligiga qaramasdan, erkak yoki ayolning og‘ziga "qapqoq" qo‘ymasdi. Balki hammasini o‘z fikrini shijoat bilan bildira olishga qo‘yib berardi.
Choshgoh vaqtida Umar ibn Xattob musulmonlar bilan gaplashib o‘garganlarida bir kishi Hazrati Umarning so‘zini bo‘lib:
- Allohdan qo‘rq, ey Umar, - dedi. Foruq unga hech narsa demadi. Lekin majlisda o‘tirganlardan biri haligi kishiga do‘q qilib dedi:
- Ovozingni o‘chir, amirul mo‘mininga ham shunday deysanmi?
Oddilligi va haqiqatparvarligi bilan qiyomatgacha nomi o‘chmaydigan buyuk Umar tanbeh bergan kishiga shunday dedi:
- Qo‘y uni, agar Allohdan qo‘rqish haqida gapirmasangiz, siz uchun yaxshilik bo‘lmaydi, agar u haqda eshitmasak, bizda yaxshilik bo‘lmaydi.
* * *
Hijratning o‘n sakkizinchi yili odamlar qattiq ocharchilik va qiyinchilikda qolishdi. Qurg‘oqchilik va qahatchilik boshlandi. Bu yilni Ramoda yili deb nomlashdi.
Bir kuni amirul mo‘minin tuya so‘yib go‘shtini Madina ahliga taqsimlashni buyurdi... So‘ngra uyiga qaytdi. Uning oldiga pishirilgan tuyaning o‘rkachi va jigarini olib kelishdi. Go‘sht juda ham yoqimli hid taratardi. Umar go‘shtga tegmasdan so‘radi:
- Buni qaerdan oldilaring?
- Bugun so‘yilgan tuyaning go‘shtidan, - dedi uydagilar. Abu Hafsa taomni oldidan surib aytdi:
- Bay-bay, voliylik qandayam yomonki, o‘zim yaxshi taomlarni yesam-da, odamlarga suyaklarini qoldirsam.
So‘ngra xodimini chaqirib unga:
- Ey Aslam, mana bu idishingni ko‘tar. Menga non bilan zaytun yog‘i keltir, - dedi.
Umar ibn Xattob o‘zini musulmonlardan biri hisoblardi. Shuningdek, Alloh azza va jalla Umarni musulmonlarga voliy qilganida javobgarlik va mas'uliyatdan boshqa narsani ziyoda qilmaganini va bu mansabni suiste'mol qilish imtiyozi berilmaganini yaxshi bilardi.
Agar xalq och qoladigan bo‘lsa, ularning avvalgisi o‘zi bo‘lar, agar to‘q bo‘ladigan bo‘lsa, to‘q bo‘lgan kishilarning oxirgisi bo‘lardi.
U kishi aytardiki:
- Agar ularga yetgan narsa menga yetmasa, odamlar sha'ni, hurmat-e'tibori menga qanday ham yordam bersin.
Hazrati Umar musulmonlar go‘sht va yog‘ topolmagan paytlar zaytun yog‘idan boshqa narsa yemas edi. Zaytun yeyverganidan hattoki ichaklari og‘rib quldurardi. Shunda amirul mo‘minin kaftini qorniga qo‘yib shunday der edi:
- Ey qorin, modomiki, puling yaxshiroq yog‘ sotib olishga yetmas ekan, mana shu zaytunga sabr qilasan.
Foruq nasabini Nabiy (a.s.) bilan bog‘lashni xohladi. Shu masalada Hazrati Alining oldiga borib, qizi Ummu Gulsumni o‘ziga so‘radi. Ali ibn Abu Tolib:
- Qizimni Ja'farning o‘g‘liga bermoqchi edim (ya'ni Ja'far ibn Abu Tolibning o‘g‘liga), - dedi.
Amirul mo‘minin Umar dedi:
- Ey Ali, qizingni menga nikohlab ber, Allohga qasamki, agar yer yuzida unga loyiq kuyov bo‘lsa, men unga munosibman.
Umarning so‘zlari Ali (r.a.)ga muvofiq keldi va:
- Men senga qizimni berdim, ey mo‘minlar amiri, - dedi. Foruq xursand bo‘lib, Rasululloh (s.a.v.)ning qabrlari bilan minbar qarshisida o‘tirgan muhojirlar oldiga keldi. U yerda Usmon, Zubayr, Talha ibn Abdulloh, Abdurahmon ibn Avf va bir qancha sahobiylar o‘tirishgan edi. Amirul mo‘minin ularga qarab aytdi.
- Meni uylantiringlar. Ular hayron bo‘lib so‘radilar:
- Kimga, ey amirul mo‘minin? Foruq aytdi:
- Alining qiziga.
* * *
Foruqning odilligi xalq orasida yoyildi. Kechalari raiyat ahvolidan xabar olish uchun bir o‘zi aylanib chiqar yoki xizmatkori Aslamni o‘ziga sherik qilib olar yoki biror sahoba bilan aylanar edi. Ayniqsa, kechasi raiyatning nimaga muhtoj yoki muhtoj emasligi aniq bilinardi. Bir kuni Rasululloh alayhissalom shahri atrofida aylanib yurgan Foruq xaroba kulba oldida bir kishini ko‘rdi. Undan xotini homilador ekanini va hozir to‘lg‘oq tutayotganini bildi. Ayolning oldida eridan boshqa yordam beradigan kishi yo‘q edi. Hazrati Umar tezda uyiga qaytib, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning nabiralari bo‘lgan ayoli ummu Gulsumga aytdi:
- Senga musibat yetgan kunda Allohning himoyasida bo‘lishni xohlaysanmi?
- Albatta ey mo‘minlarning amiri. Foruq aytdi:
- Bir bechora ayolni to‘lg‘oq tutyapti, uning oldida hech kim io‘q.
Ummu Gulsum amirul mo‘mininning so‘ziga shunday javob qaytardi:
- Ha, bu yaxshi ish, agar borishni xohlasangiz. Foruq ayoli bilan tug‘ilajak go‘dak uchun kerak bo‘ladigan ozuqa, suv va o‘rash uchun bir bo‘lak kiyimlik ham oldi. Amirul mo‘minin bir yelkasiga qozoni, bir yelkasiga unni ko‘tarib, ayoliga meni orqamdan yur, dedi.
Er-xotin kulba oldiga kelishdi. Hazrati Umar Ummu Gulsumga ayol yotgan uyni ko‘rsatib ishora qildi. Ummu Gulsum to‘lg‘oq tutayotgan ayolga yordam berish uchun ichkariga kirib ketdi. Amirul mo‘minin o‘tirib o‘choq yasadi, ustiga qozonni qo‘yib, tagiga o‘t yoqdi va taom pishira boshladi. Umarni ichida mamnun bo‘lib, kuzatib turgan homilador ayolning eri o‘z-o‘ziga shunday der edi: "Mana bu kishi Umar ibn Xattobdan ko‘ra xalifalikka haqliroq ekan".
Ichkaridan chaqaloq ovozi eshitildi. Hazrati Umarga Ummu Gulsum quvonganidan:
- Ey amirul mo‘minin, otasini o‘g‘il ko‘rgani bilan muborak eting.
A'robiy amirul mo‘minin degan so‘zni eshitganida dahshat va hayratdan haykaldek qotib qoldi. Bu kishi Umar ibn Xattobmi? A'robiy u kishiga yuzlanganda amirul mo‘mininning soqollari orasidan tutun burqsir edi. Be-harakat bo‘lib qolgan a'robiyga qarab:
- Nimaga qotib qolding, bu yoqka kel, - dedi. Foruq qozonni ko‘tardi-da, kulba yaqiniga borib xotinini chaqirdi:
- Ey Ummu Gulsum, qozonni ol, ayolning qornini to‘ydir.
Ummu Gulsum ayolni ovqatlantirgandan so‘ng qozonni qaytarib uzatdi. Hazrati Umar a'robiy oldiga kelib aytdi:
- O'zing ham yeb ol, ko‘p qiynalding.
Shundan keyin amirul mo‘minin ayoli bilan uyga ketdi.
* * *
Bir kishi Misr voliyi Amr ibn Os ustidan amirul mo‘minin oldiga shikoyat qilib keldi. Da'vo qilishicha, voliy ot poygasini tashkil qilgan. Musobaqada da'vogar voliyning o‘g‘li Muhammad ibn Amrni quvib o‘tgan.
Muhammad ibn Amr otning oldiga kelib, uning egasiga tashlangan bir qamchi tushirib:
- Otingga qara, men voliyning o‘g‘liman, - deb po‘pisa qilganini bildirdi.
Bu gap Amr ibn Osga yetib borganda jabr ko‘rgan kishini amirul mo‘mininga shikoyat qilib borishidan qo‘rqib bir oz vaqt hibsda saqlab turgan. Lekin u hibsdan qutilib Madinaga boradi va bo‘lgan voqeani yetkazadi.
Shikoyatchining so‘zlarini eshitgan Umar g‘azabdan o‘rnidan turib ketdi. Amrni Madinaga olib kelish uchun Misrga odam yubordi. Amr ibn Os bilan o‘g‘li Madinaga yetib keldi... Mana shu qasosni deb.
Foruq:
- Misrlik qaerda?, - deb chaqirdi. Bir kishi:
- Mana u, ey amirul mo‘minin, - deb javob qildi. Foruq uning oldiga borib qo‘liga darrani berib dedi:
- Mana bu qamchi bilan voliyning o‘g‘lini ur. Misrlik kishi Muhammad ibn Amrni holdan toyguncha urdi. Shu yerda hozir bo‘lgan kishilar qani to‘xtay qolsa, deb turishardi. Lekin juda katta bir davlatning rahbari bo‘lgan Amr ibn Os o‘g‘lini jazodan saqlay olmadi. So‘ngra amirul mo‘minin Umar misrlikka qarab aytdi:
- Bu qamchi bilan Amrning ham yaltir boshiga ur, Allohga qasamki, uning o‘g‘li hokimning o‘g‘li bo‘lgani uchun seni urgan.
Amr ibn Os qo‘rqib ketganidan ko‘zlari javdirab dedi:
- Ey amirul mo‘minin, shundoq ham yetarli bo‘ldi, meni kechiring.
Misrlik aytdiki:
- Ey amirul mo‘minin, meni urgan kishini urib bo‘ldim.
Foruq misrlik kishiga dedi:
- Allohga qasamki, sen uni urmoqchi bo‘lsang, toki o‘zing qo‘ymaguncha sen bilan uning orasiga hech kim tushmaydi.
Hazrati Umar Amr ibn Osdan g‘azablanib dedi:
- Ey Amr, kachondan beri odamlarni qul qilib olding, ularni onalari hur qilib tug‘ishmaganmi?
Amirul mo‘minin unga o‘zidan oldin biron hokim aytmagan, bir umr esdan chiqmaydigan so‘zni aytgan edi.
* * *
Bir juma kuni amirul mo‘minin Rasul alayhissalom minbarlariga xutba o‘qish uchun ko‘tarildi. Xutba o‘qiyotib, birdan xutbadan boshqa yoqqa burilib dedi:
- Ey Soriya ibn Hasson, toqqa, toqqa, zolim bo‘rilardan qutilish uchun toqqa qarab yur.
Bu so‘zdan odamlar bir-biriga qarashdi. Ali ibn Abu Tolib:
- Rost aytdi, Allohga qasamki, albatta u aytgan so‘zidan chiqadi,-dedi.
Foruq namozni ado etib bo‘lganidan so‘ng Ali ibn Abu Tolib so‘radi:
- Xutba o‘qiyotganingizda sizga biror narsa bo‘ldimi? Amirul mo‘minin aytdiki:
- Nima ekan u?
Ali ibn Abu Tolib aytdi:
- Xutba o‘qiyotganda, ey Soriya, toqqa toqqa qarab yur, zolim bo‘rilardan qutilish uchun toqqa qarab yur, degandek bo‘ldingiz?
Amirul mo‘minin aytdi:
- Men shunday dedimmi? Abul Hasan (r.a.) aytdi:
- Ha, bu gapni masjidda jam bo‘lgan mo‘minlarning hammasi eshitishdi.
Amirul mo‘minin Umar aytdi:
- Xayolimdan o‘tdiki birodarlarimiz otliq holda mushriklar darasidan o‘tib borishardi, agar yo‘llarida to‘g‘ri yursalar, mushriklar g‘olib bo‘lar, agar toqqa chekinsalar, mushriklar qo‘ygan pistirmadan o‘tib orqa tarafdan zarba berar va g‘olib bo‘lardi. Agar to‘g‘ri o‘tib ketganlarida, halok bo‘lishardi. Shunda men sen eshitgan narsani aytdim.
Bir oydan so‘ng bir xabarchi fath xushxabari bilan keldi. U o‘sha kuni o‘sha vaqtda tog‘dan o‘tayottanida Umar ibn Xattobning ovoziga o‘xshash bir ovoz: "Ey Soriya, toqqa, toqqa", deganini eshitganini esladi va toqqa tomon ko‘tarilib, Alloh fath ato etganini aytdi.
Albatta, Umarul Foruq halol va nurli kishi bo‘lib, uning nigohi minglab chaqirim naridagi narsani aniq va yorqin tarzda ko‘rib turardi. Shuning uchun ham do‘sti Soriyani ogohlantirgan edi. Bas, u bu gapni yaqinida turgandek qabul qilgan. Bu musulmonlar uchun ochiq-oydin nusrat bo‘ldi.
Bir kishi amirul mo‘mininning oldiga kelganda undan so‘radi:
- Isming nima?
U kishi
- Alanga! - deb javob berdi. Hazrati Umar so‘radi:
- Kimning o‘g‘lisan?
- Cho‘g‘ning o‘g‘li.
- Otang kimning o‘g‘li?
- Olovning o‘g‘li.
- Otangning otasi kimning o‘g‘li?
- Yong‘inning o‘g‘li.
- Qaysi manzildansan? .
- Olov dengizidanman. Amirul mo‘minin Umar aytdi.
- Senga voy bo‘lsin, ahlingga olov yetib, uy-joylaringni yoqib yubordi.
Haligi kishi Umarning oldidan chiqib qabilasi oldiga ketdi. Ularning hammasini yonish ichida qolganini ko‘rdi. U kishi aytgan nomlar hammasi o‘t-olovning ma'nosini berar edi.
* * *
Umarul Foruq nihoyatda hushyor, zukko va xalq ruhiyatini bilguvchi kishi edi. U aytardi:
- Bizlar uchun sevimlirog‘ingiz tashqi ko‘rinishingiz go‘zalrog‘ingizdir, gapirganingizda nutqi ravon va rost so‘zlaguvchilaringiz...
Amirul mo‘minin Umarning huzurida aytilgan ochiq iboralar boshqalarga hukm bo‘lishga kifoya qilmasdi.
Bir kuni Foruq bir kishi boshqa bir kishiga maqtab turganini eshitib qoldi. U kishi:
- Falonchi juda sodiq kishi, - dedi. Amirul mo‘minin undan so‘radi:
- Sen u bilan bir kun bo‘lsa ham safarda bo‘lganmisan? U kishi:
- Yo‘q, - dedi. Umar yana so‘radi:
- Orangizda bir kun bo‘lsa ham xusumat bo‘lganmi? Yana u: "Yo‘q", deb javob qildi.
Amirul mo‘minin undan yana so‘radi:
- Biror kun unga bir narsani omonat berganmisan? Haligi kishi boshini chayqab: "Yo‘q", dedi. Shunda Umar (r.a.) aytdilar:
- Sen uni bilmas ekansan. Ehtimol, sen uning masjidda boshini ko‘tarib-tushirib turganini ko‘rgandirsan.
* * *
Abu Muso Ash'ariy amirul mo‘minin Foruqga xat yozdi: "Sizdan bizga xatlar keladi, ammo yozilgan xatlarning sanasi ko‘rsatilmagan".
Amirul mo‘minin odamlarni mashvarat uchun jamladi. Ba'zilar aytishdiki:
- Nabiy (a.s.)ga vaxiy yuborilgan vaqtdan boshlasak. Abu Hafsa (r.a.) aytdi:
- Yaxshisi Rasululloh (s.a.v.) hijrat qilgan kundan boshlaylik. U zotning hijrati haq bilan botilning orasini ajratdi.
* * *
Majusiy Abu Lulu' amirul mo‘minin Umar fors yerlarini fatx, qilgan vaqtlarida Madinaga asir qilib keltirilgan edi. Shu paytgacha Islomni qabul etmagan Abu Luluning xayolini qasos olish fikri chulg‘ab olgan edi. U amirul mo‘mininning bomdod namoziga kelishini sabrsizlik bilan kutardi. Hazrati Umar imomlikka o‘tganlaridan so‘ng yovuz maqsadini amalga oshirish uchun qulay fursat yetganini angladi. Amirul mo‘mininga tashlanib ko‘kraklariga bir necha bor xanjar sanchdi. Musulmonlarning ham bir nechtasini yarador qiladi. Qutilib ketishiga ko‘zi yetmaganidan so‘ng zahar surtilgan xanjar bilan o‘zini o‘ldiradi. Hazrati Umar qotilning musulmonlardan bo‘lmay bir majusiy ekanligini bilganlaridan so‘ng Allohga hamd aytdi. Ulug‘ sahobiy va davlat arbobi Payg‘ambarimiz alayhissalom duo qilganlaridek shahidlik martabasiga erishdi.
Bu zulhijja oyining to‘rtinchi kuni, Hijratning 23-yili sodir bo‘ldi. Hazrati Umar 10 yilu, olti oyu to‘rt kun davlatni boshqardi. Shahid bo‘lganida 63 yoshda edi. Umarul Foruq do‘stlari Rasululloh (s.a.v.) va Abu Bakrning yonlariga - Oisha onamizning hujrasiga dafn qilindi.
Abdulloh ibn Abbosning o’gitlari - Ey gunoh ish qilgan kishi! Qilgan gunohingdan keyingi yomon oqibatdan amin bo’lma. Hech bir gunoh yo’qki, uni qilganingdan so’ng yanada kattasi orqasidan kelmasin. Zero, gunoh qilayotganingda o’ng va chap tomondagi farishtalardan uyalmasliging, sodir etgan gunohingdan kattaroqdir. Alloh taolo sen haqingda qanday hukm chiqarishini bilmay turib, kulishing qilgan gunohingdan ham kattaroq gunohdir. Fursatni qo’ldan boy berib, qilolmay qolgan bir gunoh ish uchun xafa bo’lishing gunohdan ko’ra kattaroqdir. Gunoh ish qilayotganingda Alloh seni ko’rib turgani holda, qalbing cho’chib-titramasdan, shamolning eshik pardasini shitirlatishidan qo’rqishing sodir etgan gunohingdan kattaroqdir. Xudo xayringni bergur, bilasanmi, Alloh subhanahu va taolo Ayyubning, alayhissalom, qay ishi uchun shunday ko’p sarvatini oldi va kasalliklarga duchor etdi? Bir bechora bir zolim qo’lidan qutulmoq uchun uning huzuriga keldi. Ayyub, alayhissalom, esa, unga yordam bermadi va (himoyaga muhtoj) u kimsani zolimning zulmidan himoya qilmadi. Ittifoqo, Alloh ul zotni u katta musibatlarga duchor qildi.
“Ҳазрати Али, розияллоҳу анҳу, маълум бир пайт моддий жиҳатдан анча қийин аҳволга тушиб қолди. Шунда Фотимадан: — Отанг ҳузурларига бориб, озроқ ёрдам сўрасанг бўлармиди, — дея уни Жаноби Пайғамбаримизнинг, соллаллоҳу алайҳи ва саллам, ёнларига жўнатди.
Фотима эшик тақиллатганида Умму Айман онамиз Расули акрамнинг, соллаллоҳу алайҳи ва саллам, ёнларида эди.
— Бу Фотиманинг эшик тақиллатишига ўхшайди. Бемаҳалда нимага келди экан? — дедилар Набий соллаллоҳу алайҳи ва саллам.
Пайғамбаримиз, соллаллоҳу алайҳи ва саллам: — Мени ҳақ пайғамбар қилиб юборган Аллоҳга қасамки, бир ойдан бери Муҳаммаднинг уйида овқат пишириш учун олов ёқилгани йўқ. Бизга бир нечта эчки келтиришибди. Хоҳласанг, бештасини сизларга беришни буюраман. Хоҳласанг, Жаброил, алайҳиссалом, менга ўргатган калималарни ўргатаман, — дея марҳамат қилдилар.
NU'MON ibn BASHIR, to‘liq ismi An-Nu'mon ibn Bashir ibn Sa'laba ibn Sa'd al-Ansoriy al-Xazrajiy (taxminan 623-683) -sahoba. Onasi - Amra bint Ravoha (Abdullo ibn Ravohaning singlisi) sahobalardan bo‘lgan.
Nu'mon ibn Bashir juda ko‘plab hadislarni rivoyat qilgan va ko‘plab tobe'inlar undan hadislarni rivoyat etgan. Muoviya ibn Abu Sufyon zamonida (661-680) Xums va Kufada amir bo‘lgan.
Xalifa Yazid ibn Muoviya (680-683) vafotidan so‘ng, xalqni Abu Bakr Siddik, (ra)ning nabirasi az-Zubayrga bay'at qilishga chaqirgani uchun Xums aholisi undan norozi bo‘lib o‘ldirgan.
Ҳазрати Абу Бакрнинг (р.а.) халифалик даврида мамлакатда очарчилик юз берди. Ана шундай ночор кунларнинг бирида ҳазрати Усмон (р.а.) Шомдан (ҳозир Сурия деб номланади) кўп миқдорда буғдой ортилган карвон билан қайтдилар. Бундан хабар топган бадавлат савдогарлар катта фойда эвазига буғдойга харидор бўлдилар. Бироқ ҳазрати Усмон уларнинг таклифларини рад этдилар – буғдойни сотмадилар. Шунда савдогарлар халифага арз қилишди. Халифа ҳазрати Усмонни чақиртириб: “Юртда қаҳатчиликни кўра туриб нега буғдойни сотмаяпсиз?” деб сўрадилар. − Улар таклиф қилаётган баҳо жуда оз. Мен буғдойнинг ҳар бир донасига минг олтин берадиган харидор топдим. Буғдойнинг ҳаммасини фақат Унга сотаман. Ҳазрат Усмон шундай деб буғдойни йўқсилларга улашдилар. Ул зотнинг мақсадларини англаган бўлсангиз керак? Ҳа, савоб учун, Аллоҳ ризолиги учун тарқатдилар. Зеро, Аллоҳ таборак ва таолонинг ваъдаси бор: “Аллоҳ йўлида молларини эҳсон қилувчилар савобининг мисоли гўё бир донга ўхшайдики, у ҳар бир бошоғида юзтадан дони бўлган бошоқни ундириб чиқаради. Аллоҳ хоҳлаган кишиларга янада кўпайтириб савоб беради”(Бақара сурасидан). “Аллоҳга қарзи хасана қиладиган ким бор? Бас, у Зот ўша кишига бир неча ҳисса қилиб қайтарур ва унинг учун улуғ ажр-мукофот бўлур” (Ҳадид сурасидан). Ояти каримада зикр этилган “қарзи ҳасана” − яхши (ёки ихтиёрий) қарз, яъни Унинг йўлида қилинган хайру саховатдир. “Қарз” сўзининг луғавий маъноси “кесмоқ” бўлиб, қарз берувчи киши ўз молидан кесиб, сўровчига беради. Аллоҳ таоло йўлида сарф қилинган мулк судхўрлик ёки бошқа ғараз қўшилмаган яхши қарзга ўхшатиляпти. Қарзни муҳтожлар олади, Аллоҳ таоло муҳтож эмасдир. Ҳазрати Усмондан ҳам ҳеч ким буғдой сўрамади. Қалбдаги иймон қуввати даъвати ила бу саховатни қилдилар. Ҳазрати шайх Абдуллоҳ ибн Муборакнинг(қ.с.) саховатлари ҳам шундай. Ул зот ҳаж ибодатни ният қилиб йўлга чиқиб қарасаларки, ахлат уюми атрофида бир кампир юрибди. У ахлат орасидан ҳаром ўлган товуқ оёғини олиб кетаётганда ул зот: “Онахон, бу нима қилганингиз? Ахлат орасидан олганингиз ҳаром-ку!” дедилар. Шунда кампир Қуръони карим ояти маъносига кўра: “Очдан ўлиб қолмаслигингиз учун ўлган жониворларнинг гўштини ейишингиз мумкин”, деб жавоб қилди. Сўнг маълум бўлдики, аёлнинг уч фарзанди уйда оя-яланғоч, ўлар ҳолда ётган экан. Шунда Абдуллоҳ ибн Муборак ҳаж сафари учун сарфланажак пулларини шу оила учун сарф этдилар. Таом келтирдилар, кийим-бош олиб бердилар. Орадан анча фурсат ўтиб, ҳаж сафари якунлангач, ҳожилар келишиб, “Зиёратлари қабул бўлсин”, деб ул зотни табрикладилар. “Ахир мен ҳажга бормадим-ку?” деб ажабландилар. Ҳожилар эса ул зотни Каъбатулоҳда, Сафо ва Марва тоғлари орасида кўрганларини айтдилар. Ўша тун Абдуллоҳ ибн Муборак тушларида Расулуллоҳни (с.а.в.) кўрдилар. “Ҳаж ибодатинг муборак бўлсин”, дедилар Набий муҳтарам. “Э Аллоҳнинг расули, мен ҳаж ибодатига бора олмадим-ку!” дедилар ажабланиб. “Бора олмаган бўлсанг-да, кампирнинг оиласига кўрсатган саховатинг учун Аллоҳ сенга ҳаж ибодати савобини берди. Етмиш малоика Аллоҳнинг амри билан сенинг қиёфангда Маккаи Мукаррамага тушиб, етмиш жойда ҳожиларга кўринди. Шунинг учун ҳам улар сени муборакбод этишди”, дедилар Расулуллоҳ. “Одамийлик мулки” китобидан.
Hush kelibsiz saytimizga! Qanday yordam kerak? iltimos ayni saytdagi muammo yoki tushunmovchilik haqida habar yo'llang.Aks holda jiddiy bo'lmaga har qanday savol etiborsiz qoldirilishi mumkin! Yoki pastdagi savollardan tanlashingiz mumki!