RSS
Yangiliklar-Новые сообщения · Azolarimiz-Участники · Forum qoidasi-Правила форума · Qidirish-Поиск
Forum moderator: DURDON, SAKINA  
Sahobalar hayoti
Yulduzlar hayoti bizlar uchun albatta ibratdir.
shaddotDate: Seshanba, 12-Yan-2010, 22:45 | Message # 91
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Abdurahmon ibn Avf, umuman, musulmonlarga, xossatan, mo’minlarning onalariga g’oyatda mehribon edi. Bir safar o’ziga tegishli yerni qirq ming dinorga sotib, pullarni banu Zuhra qavmiga (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ning onalari Omina binti Vahbning qavmi), faqir musulmonlarga, muhojirlarga va Payg’ambar hazratlarining ayollariga taqsimlab berdi. Oisha roziallohu anhoning ulushini olib borgan kishidan onamiz bularni kim berib yuborganini so’radilar. "Abdurahmon ibn Avf" degan javobni eshitgach, '"Mendan keyin sizlarga faqat sabr-bardoshli kishilargina mehribonchilik qiladi", degandilar Allohning rasuli", deb qo’ydilar.
Abdurahmon ibn Avf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamnint baraka duolarining ta’sirini butun hayoti mobaynida sezib yurdi. U sahobalarning orasidagi eng moldor, badavlat kishiga aylandi. Tijorat ishlari misli ko’rilmagan darajada avj oldi. Unga tegishli karvonlar tez-tez Madinaga don-dun, un, yog’, kiyim-kechak, idish-tovoq, atir-upa singari aholiga zarur maishiy mollarni keltirib turar, madinaliklardan ortgan boshqa tovarlarni chetga olib chiqib sotardi.
Bir kuni Abdurahmon ibn Avfning karvoni Madinaga kirib keldi. Karvon yetti yuz tuyadan iborat edi. Ha, yetti yuz tuya... Tuyalarga oziq-ovqat, mato, umuman, odamlar uchun eng zarur narsalar ortilgan edi. Karvon yerni larzaga solgancha shaharga kirib kelganida, atrofni tuyalarning bo’yniga osilgan qo’ng’iroqlarning jarangiyu og’ir yukdan ezilgan tilsiz jonivorlarning o’kirishi tutib ketdi. Shovqin-suronni eshitgan Oisha roziallohu anho "Bu nima tupolon?" deb so’radi. U zotga "Abdurahmon ibn Avfning karvoni yetti yuzta tuyada bug’doy, un va oziq-ovqat olib kelyapti", deyishdi.
Oisha onamiz dedi:
- "Alloh uning dunyosiga baraka berdi, lekin oxiratda berajak savobi ulug’roqdir".
Darhaqiqat, Abdurahmon ibn Avf nihoyatda qo’li ochiq, saxiy odam edi. Molini hech kimdan ayamas, so’rab kelganlarga oshkora yordam qilar, so’rashdan uyalganlarga mahfiy ko’mak ko’rsatar, hatto o’ng qo’li bergan sadaqani chap qo’li sezmay qolardi.
Bir safar qirq ming dirham kumush sadaqa qildi. Ketidan muhtojlarga qirq ming dinor tillo ham tarqatdi. Ikki yuz uqiya oltin ehson qilgani esingizda bo’lsa kerak?! Bir gal Alloh yo’lida jang qilish uchun ketayotgan mujohidlarning besh yuztasini otga mindirib yubordi. Boshqa jangdan oldin islom jangchilarini bir yarim mingta tuya bilan ta’minladi.



 
shaddotDate: Seshanba, 12-Yan-2010, 22:47 | Message # 92
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Abdurahmon ibn Avfning o’lim soati yaqinlashganida qo’l ostidagi ko’pgina mamluklarni ozod qilib yubordi. Badr jangi qatnashchilarining har biriga to’rt yuz dinordan berishni vasiyat qildi. Tirik qolgap buyuk jang ishtirokchilarining hammasi o’z ulushini oldi. Ularning soni yuzta edi. Yana mo’minlarning onalariga ham ko’p mol vasiyat qildi. Oisha onamiz, ko’pincha, uning mehribonchiliklarini eslab, "Alloh uni Salsabiyl (jannatdagi buloqning nomi) suvidan serob qilsin", deb duo qilardi.
Bundan tashqari, u qonuniy merosxo’rlariga ham sanab adog’iga yetish qiyin bo’lgan darajada ko’p molu dunyo qoldirib ketdi… Mingta tuya, yuzta ot, uch ming qo’y. Qur’on taqsimoti bo’yicha marhumning qarz va vasiyatlari ado etilganidan keyin beriladigan butun merosning sakkizdan biri to’rtta xotiniga taqsimlanganida, ularning har biriga sakson ming dinordan tegdi. Tilloyu kumushlar vorislarga bolta bilan bo’lib berildi. Hatto taqsimda ishtirok etgan kishilarning qo’llari bolta zarbidan qavarib ham ketdi.
Hech shak-shubha yo’qki, bularning hammasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolari barakoti tufaylidir.



 
shaddotDate: Seshanba, 12-Yan-2010, 22:50 | Message # 93
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Ammo son-sanoqsiz boyliklar Abdurahmon ibn Avfni maftun etib, domiga ilintirolmadi. Odamlar uni qo’l ostidagi kishilar orasida ko’rib, kim xoja, kim qulligini sira ajratolmasdi.
Bir kuni ro’zador Abdurahmonga og’iz ochish uchun taom keltirilganida, dasturxonga qarab dedi:
- Mus’ab ibn Umayr vafot qildi, holbuki, u mendan yaxshiroq edi. Uni kafanlash uchun bir parcha mato topa oldik, xolos. Boshini o’rasak, oyoqlari ochilib qolardi. Oyoqlarini yopsak, boshiga yetmas edi. Undan keyin Alloh dunyoni bizning qadamlarimiz ostiga sochib tashladi... Qo’rqamanki, amallarimiz uchun va’da qilingan mukofot shu dunyoda berib qo’yilmadimikan?!
So’ng yig’lab yubordi. Taomdan bir luqma ham totib ko’rmadi.
Abdurahmon ibn Avfga shon-sharaflar bo’lsin! Dunyo rostgo’ylari sardori Muhammad ibn Abdulloh janoblari unga jannat bashoratini berdilar.
Uni so’nggi manziliga Payg’ambar alayhissalomning tog’avachchasi Sa’d ibn Abu Vaqqos boshchiligidagi musulmonlar kuzatib qo’yishdi. Janoza namozini ikki nur sohibi Usmon ibn Affon o’qidi. Azadorlar safida zo’r qaygu ichra turgan Ali ibn Abu Tolib:
- "Sen bu ummatning ulug’laridan biri eding, Alloh seni rahmatiga olsin", deb duo qildi.



 
JamilaDate: Seshanba, 12-Yan-2010, 22:51 | Message # 94
Group: Ishonchli
Messages: 460
Status:
Assalomu Alaykum Wa Rahmatullohu Wa Barakatuhu!

Shaddot siz sekin tashab turing InshaAlloh o'qisam yetib olarman sizga

Abdulloh Alloh rozi bo'lsin!



 
shaddotDate: Seshanba, 12-Yan-2010, 23:01 | Message # 95
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Alloh hammamizdan rozi bo`lsin amiyn


 
JamilaDate: Seshanba, 12-Yan-2010, 23:17 | Message # 96
Group: Ishonchli
Messages: 460
Status:
Amiyn!


 
enjoyDate: Chorshanba, 13-Yan-2010, 16:01 | Message # 97
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 1376
Status:
shaddot, Olloh rozi bo'lsin rahmat sizga

 
shaddotDate: Chorshanba, 13-Yan-2010, 20:39 | Message # 98
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Alloh hammamizdan rozi bo`lsin amiyn


 
shaddotDate: Chorshanba, 13-Yan-2010, 23:29 | Message # 99
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
JA’FAR ibn ABU TOLIB

Men Ja’farni jannatda ko’rdim.
Qanotlarining old patlari
qip-qizil qonga bo’yalgan edi.
Hadisi sharif

Banu Abdumanof qavmidan besh kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga quyib qo’yganday o’xshardi, hatto ayrim ko’rish quvvati zaif kishilar ba’zan ularni Payg’ambar alayhissalom bilan adashtirib ham yuborishardi. Albatta, siz eng yaxshi duoyu salomlarga sazovor Payg’ambarga ikki tomchi suvday o’xshash beshovlonning kimligini bilishga qiziqayotgandirsiz? Keling, ular bilan tanishib chiqaylik.
Ular:
Abu Sufyon ibn Horis ibn Abdulmuttolib, Payg’ambar janoblarining amakivachchasi, ham emchakdosh birodari.
Qusam ibn Abbos ibn Abdulmuttolib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakivachchasi.
Soib ibn Ubayd ibn Abduyazid ibn Hoshim, imom Shofe’iy roziallohu anhuning bobokaloni.
Hasan ibn Ali, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamming nabirasi, beshovlonning ichida oxirzamon payg’ambariga eng o’xshashi.
Ja’far ibn Abu Tolib, amirul mo’minin Ali ibn Abu Tolibning akasi.



 
shaddotDate: Chorshanba, 13-Yan-2010, 23:34 | Message # 100
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Endi esa Ja’farning hayotidan ayrim lavhalar bilan tanishing.
Abu Tolib Quraysh qabilasi ichida eng sharafli kishilardan bo’lishiga, qavmdoshlari orasida benihoya xurmat-extiromga ega ekanligiga qaramay qo’li qisqaroq odam edi. Boz ustiga, bola-chaqasi ham ko’p edi.
Bir yili Makkada qurg’oqchilik bo’lib, qurayshliklarning mol-hollari qirilib ketdi. Hatto ba’zi odamlar o’limtik jonivorlarning sasigan go’shtlarini yeyishgacha borib yetishdi. Ayni chog’da banu Hoshim qavmida Muhammad ibn Abdulloh va amakisi Abbosdan ko’ra to’qroq kishi yo’q edi.
Bir kuni Muhammad Abbosga:
- Ey amaki, odamlarni qahatchilikdan qiynalib qolganini, ocharchilik ularning sillasini quritib yuborganini ko’rib turibsiz. Akangiz Abu Tolibning bir etak bolasi bor. Yuring, uning oldiga boraylik, bir bolasini siz oling, birini men olay. Unga ko’rsatadigan yordamimiz shu bo’lsin, - dedi.
Abbos jiyanining gapini ma’qulladi. Ular Abu Tolibning oldiga borib:
- Biz sizning og’iringizni, oz bo’lsa-da, qo’limizdan kelgancha yengillashtirmoqchi edik. To ocharchilik tugab, yaxshi kunlarga yetib olguncha, farzandlaringizdan ayrimlari bizlarnikida yashab tursin, - deyishdi.
Nochor Abu Tolib:
- Aqiyldan boshqasini oladigan bo’lsangiz, mayli, nima ham derdim, - deb rozi bo’ldi.
Muhammad o’zi bilan Alini olib ketdi. Abbosning bolalari safiga Ja’far qo’shildi. Ali Muhammaddan to Alloh taolo uni hidoyat va haq din bilan elchi qilib yuborguncha ajralmadi. Islom kelgach, Ali yosh bolalar ichida birinchi bo’lib iymon keltirdi.
Ja’far esa amakisi Abbosning uyida o’sdi, ulg’aydi islomga kirdi va mustaqil hayotga qadam qo’ydi. U va xotini Asmo binti Umays islom yo’liga asos solingan ondan ilohiy nurga yo’g’rilgan karvon safiga qo’shilishdi. Ular hali Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Dorul Arqamda da’vat markazini tashkil qilmaslaridan turib, Abu Bakr Siddiqning nasihati bilan islomni qabul etishdi. Yosh kelin-kuyov boshqa ilk musulmonlar singari qurayshliklar tarafidan ko’p ozor chekishdi. Hamma ko’rguliklarga sabr qildilar, chunki jannat yo’li tikanaklar bilan to’shalgan, musibatu alamlarga to’lib-toshganligi ularga besh panjaday ma’lum edi, lekin ularning va dindosh birodarlarining ta’bini xiralashtiradigan narsa boshqa edi — qurayshliklar islom shiorlarining oshkora namoyish etilishiga tish-tirnog bilan qarshilik ko’rsatishar, musulmonlarni ibodat lazzatini totib, zavqlanishdan mahrum qilishar, ularni holi-joniga qo’ymas, har qadamini kuzatishar, har nafasini hisoblashardi.
Ja’far ibn Abu Tolib, pichoq suyakka qadalgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib, xotini ikkisiga Habashiston yeriga jo’nayotgan sahobalar bilan birga hijrat qilish uchun izn so’radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mahzun kayfiyatda, noiloj ruxsat berdilar. Shundoq pokiza, olijanob kishilarning hech bir gunohsiz faqatgina "Robbim — Allohdir", deganlari uchun o’z diyorlaridan ajralayotgani, sho’x-shodon bolalik yillari, har lahzasi oltinga teng yoshlik davrlari o’tgan yerlaridan judo bo’layotgani ul zoti bobarakot uchun nihoyatda og’ir edi, lekin ayni damda mushriklarning popugini pasaytirib, tanobini tortib qo’yadigan darajada quvvatga ega emas edilar.



 
shaddotDate: Chorshanba, 13-Yan-2010, 23:38 | Message # 101
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Ja’far ibn Abu Tolib boshchiligidagi ilk muhojirlar Habashistonga kelib, odil va solih podshoh Najoshiyning mamlakatida qaror topishdi. Islomga kirganlaridan beri endi birinchi marta tinchlik mazasini totishdi. Hech kimdan qarshilik ko’rmay, huzur-halovat bilan ibodat qilib, tip-tiniq, musaffo osmon ostida osoyishta yashay boshlashdi.
Ammo Quraysh kattakonlari musulmonlarning bir necha nafari Habashistonga borib, podshohning himoyasi ostida aqida erkinligiga erishib, dinlarida emin ekanligi haqidagi xabarni eshitar-eshitmas, darrov ularni o’ldirib tashlash yoki ulkan qamoqxonaga qaytarish rejasini tuzish uchun kengash chaqirishdi.
Keling, yaxshisi, gapni o’sha voqealarning bevosita guvohi bo’lgan Ummu Salamaga beraylik.
Ummu Salama aytadi:
- Biz Habashistonda qo’shnilarga yolchigan edik. Dinimizda emin bo’lib, Parvardigorimiz Alloh taologa bexavotir ibodat qilardik. Buning uchun birov bizni qiynamas yoki haqoratlamas edi. Buni eshitgan qurayshliklar kengashib, o’zlarining eng ishongan ikki kishisini — Amr ibn Os va Abdulloh ibn Abu Rabiani Najoshiyning huzuriga elchi qilib yuborishdi. Qo’llariga Najoshiy va uning atrofidagi rohiblar uchun habashistonliklar judayam yoqtiradigan, Hijozda tayyorlangan sovg’a-salomlarni tutqazishib, rohiblarga atalgan hadyalarni podshoh bilan suhbatlashishdan oldin topshirishni qattiq tayinlashdi.
Quraysh elchilarining Habashistonga kelib qilgan birinchi ishlari rohiblar bilan uchrashuv bo’ldi. Ular har bir rohibga alohida sovg’a topshira turib:
- Podshohingiz tasarrufidagi yerga qabilamizning ahmoq yoshlari makon qurishibdi. Ular ota-bobolarining dinidan qaytgan, qavmining yuziga oyoq qo’ygan sobiylar (dindan qaytganlar). Biz ertaga podshoh bilan ular xususida gaplashib ko’rmoqchimiz. Agar xojangiz sizlarni kengashga chorlasa, qochoqlarni bizning qo’limizga topshirish maslahatini bering. Dinlari haqida surishtirishga yo’l qo’ymang. "Qavmdoshlari ularning diniyu e’tiqodlarining yomonligini bilgani uchun ta’qib qilishyapti", deng, - deb iltimos qilishdi.
Og’zi moylangan rohiblar rozi bo’lishdi. Amr va uning birodari esa Najoshiy bizdan biron kishini chaqirib, so’zimizga quloq tutishi mumkinligini o’ylab ichini it tirnayotganday qattiq xavotirlanishardi.



 
shaddotDate: Chorshanba, 13-Yan-2010, 23:41 | Message # 102
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Ertasiga Quraysh elchilari Najoshiyga sovg’a-salomlarni topshirishdi. Podshoh nodir tortiqlardan niqoyatda xursand bo’ldi. Uning xush kayfiyatidan foydalanib qolmoqchi bo’lgan elchilar shosha-pisha:
- A’lo hazrat, yurtingizga bizning nodon yoshlarimiz qochib kelishibdi. Ular bizning dinimizdan chiqqan, sizning diningizga kirmagan. Na sizga, na bizga ma’lum bo’lran dinni paydo qilishgan. Toki fitna-fasod avj olib ketmasligi uchun yoshlarimizni qaytarib yuborishingizni so’rab, ularning otalari, amakilari, qarindosh-urug’lari, qavmimiz oqsoqollari bizni huzuringizga jo’natishdi, - deyishdi.
Najoshiy rohiblarning ra’yini bilish uchun ularga savol nazari bilan boqdi. Ular bir-biriga gal bermay:
- Albatta qaytarib yuboring, hazrati oliylari. Qochoqlarning qanaqaligini qavmdoshlari yaxshi bilishadi, barcha kirdikorlaridan xabardor, shuning uchun bizga ham kasofatlari urib ketmasidan turib, ularni elchilarning qo’liga topshirsangiz, xo’p ma’qul ish bo’lardi, - deb chuqurlashib ketishdi.
Rohiblarning gapidan podshohning achchig’i chiqdi.
- Yo’q, - dedi keskin, - xudo haqqi, to ularni chaqirib, ayblarini tekshirib ko’rmaguncha, hech kimga topshirmayman. Agar manavilarning gapi rost bo’lsa, mayli, shular aytgancha bo’la qolsin. Mabodo, yolg’on gapirishgan bo’lsa, men ularni himoyamga olaman, xohlagan yerlarida yashashlariga ijozat beraman.



 
shaddotDate: Chorshanba, 13-Yan-2010, 23:48 | Message # 103
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Najoshiy bizni huzuriga chorlab, odam yubordi. Podshoh bizdan dinimiz to’g’risida so’rashini bilib, yo’lga tushishdan oldin iymonimizni yashirmaslikka, bor gapni ochiq bayon qilishga kelishib oldik va buni Ja’far ibn Abu Tolibga topshirdik. So’ng Najoshiyning qabuliga qarab jo’nadik.
Podshohning o’ngu so’lini rohiblar egallab o’tirishardi. Barchalarining egnida taylason (rohiblar kiyadigan uzun rido), boshlarida xoch surati tushirilgan bosh kiyim, oldilarida diniy kitoblari ochiq turardi. Amr ibn Os va Abdulloh ibn Abu Rabia ham tu yerda edi.
Kutganimizdek, birinchi savol dinimiz to’g’risida bo’ldi.
- Sizlar qavmingizning dinini tark qilibsiz, mening dinimga kirmabsiz, boshqa bironta xalqning ham mavjud dinini qabul qilmay, o’zingizcha yangi din paydo qilibsiz, deb eshitaman? – so’radi Najoshiy.
Hammamizning nomimizdan Ja’far ibn Abu Tolib oldinga chiqib, javob berdi:
- A’lo hazrat, biz johil qavm edik. Sanamlarga ibodat qilardik, o’limtiklarni yerdik, hech qanday buzuq ishdan orlanmasdik, qarindoshchilik aloqalarini uzardik, qo’shnichilik haqlariga rioya etmasdik, kuchimiz yetgan odamnmng qonini so’rardik. By hol to Alloh nasl-nasabi ma’lum, to’g’ri so’zligi, omnatdorligi va pokizaligi bilan oramizda mashhur bo’lgan kishini payg’ambar qilib yuborguncha davom etdi. U zot bizlarni Allohni yakka bilishga, yolg’iz ungagina ibodat qilishga, o’zimiz va ota-bobolarimiz shu paytgacha, Allohni qo’yib, sig’inib kelayotgan tosh va butlardan voz kechishga chaqirdi. U bizni rostgo’ylikka, omonatdorlikka, qarindosh-urug’ va qo’ni-qo’shnilar bilan xushmuomala bo’lishlikka, harom ishlarga qo’l urmaslikka, qon to’kmaslikka o’rgatdi. Buzuqliklardan, yolg’on so’zlashdan, yetimlarning molini nohaq yeyishdan va pokiza ayollarni haqorat qilishdan qaytardi. Allohning yolg’iz o’zigagina ibodat qilib, unga aslo shirk keltirmaslikka, namozni to’la-to’kis o’qishga, sadaqotlar berishga buyurdi. Biz uni haq payg’ambar ekanini tasdiqlab, iymon keltirdik, Alloh tarafidan buyurilgan ishlarda unga ergashdik, halol deganini halol deb, harom deganini harom deb qabul qildik.
Shuning uchun, janobi oliylari, qavmimizning bizga nisbatan adovati kuchaydi. Dinimizdan voz kechib, butlar ibodatiga qaytishimizni talab qilib, ko’p aziyatu ozorlar berishdi. Zulmu bedodlik, tazyiq nihoyatda avj olib, jonimiz haqildoqqa kelgach, sizning yurtingizga hijrat qildik. Sizni boshqalardan afzal bilib, panohingizga qochib keldik va hamon himoyangiz ostida zulm ko’rmaymiz, deb umid qilamiz.
Najoshiy Ja’fardan so’radi:
- Sen, payg’ambaringiz Alloh tarafidan keltirgan biron narsani o’qib bera olasanmi?
- "Xa", - dedi Ja’far va Maryam surasini o’qiy boshladi:
-"KOF, HA, YO, AYN, SOD. (Ushbu-) Parvardigoringiz O’z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri-qissasidir. Eslang: u Parvardigoriga xufyona duo iltijo qilib, degan edi; "Parvardigorim, darhaqiqat mening suyaklarim mo’rtlashdi, keksalikdan boshim-sochim oqardi. Parvardigorim, men senga duo qilib (hech qachon) noumid bo’lgan emasman" ("Maryam" surasi, 1-4-oyatlar).
Sura o’rtalariga yetganda Najoshiyning ko’zidan bir necha tomchi yosh sizib chiqib, soqoliga oqib tushdi. Allonimg kalomini eshitgan atrofdagi rohiblar ham o’zlarini tutolmay yig’lashdi. Shunda podshoh bizga qarata xitob qildi:
- Sizning payg’ambaringiz keltirgan din va Iso olib kelgan ta’limot bir manba’dan nur emganligi aniq.
So’ng Amr va uning sherigiga:
- Sizlar ketaveringlar, xudo haqqi, men himoyamdagi kishilarning birontasini ham sizning qo’lingizga topshirib qo’ymayman, - dedi...
Najoshiyning qabulidan chiqqanimizda Amr jo’rttaga bizga eshittirib, hamtovog’iga dedi:
- Allohga qasamki, ertaga podshohga bular haqida shunday xabarni yetkazamanki, uning qalbi nafratga to’lib, pushtipanohlikdan bu bedavolarni ko’rishga ko’zi, otishga o’qi yo’q dushmanga aylanadi va o’zi ularni mamlakatidan dumini tugib yuboradi.
Abdulloh ibn Abu Rabia uni hovridan tushirmoqchi bo’ldi:
- Bu fikringdan qayt, Amr. Ular boshqa dinga kirgan bo’lsalar ham qavmdoshlaring...
Amr uning so’zini bo’ldi:
- Qo’ysang-chi shu gapingni... Xudo haqqi, men bularning ko’zlarini ochib qo’yaman. Ularning Maryam o’g’li Isoni oddiy banda deyishlarini podshohga yetkazsam, ana unda tomoshani ko’raver...



 
shaddotDate: Chorshanba, 13-Yan-2010, 23:51 | Message # 104
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Ertasi kuni Amr Najoshiyning oldiga kirib:
- Janobi oliylari, siz boshpana berib, himoyangizga olgan odamlar Maryam o’g’li Iso qaqida juda boshqacha gaplarni gapirishadi. Ishonmasangiz, ularni chaqirtirib, surishtirib ko’rishingiz mumkin,—dedi.
Ummu Salama aytadi:
- Podshoh bizni imtihon qilish uchun chaqirayotganini eshitib, qattiq tashvishga tushdik. Najoshiy bizdan Maryam o’g’li Iso haqida so’rab qolsa, nima deymiz? Biroz maslahatlashgach, bir to’xtamga keldik. Iso haqida faqat Alloh aytgan so’zlarni aytamiz, payg’ambarimiz keltirgan xabarlarni o’z-o’ziday yetkazamiz. Keyin, nima bo’lsa bo’lar. Boshga tushganni ko’z ko’radi.
Bu safar ham podshoh bilan gaplashishni Ja’far ibn Abu Tolibga topshirib, saroyga yo’l oldik.
Qabulgohda rohiblar tunov kungiday holatlarida o’tirishar, Amr ibn Os ham, uning sherigi ham shu yerda hoziru nozir edilar. Biz hali nafasimizni rostlab ulgurmasimizdan Amr:
- Siz Maryam o’g’li Iso haqida nima deysiz? - deb savol tashladi.
Ja’far ibn Abu Tolib javob berdi:
- Paygambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam nima desalar, biz ham shuni deymiz!
- Payg’ambaringiz nima deydi?— so’radi Najoshiy.
- U kishi aytadilarki: Iso Masih — Allohning bandasi va rasuli, Uning bokira Maryamga yetkazgan so’zi hamda Uning tomonidan bo’lgan ruh sohibidir.
Bu javobni eshitgan Najoshiy tizzasiga urib, o’rnidan turdi-da:
- Xudo haqqi, Maryam o’g’li Iso sizning payg’ambaringiz aytganidan qilcha ham boshqacha emas, - dedi.
Ochiqchasiga e’tiroz bildirishga jur’at etolmagan rohiblar norozilarcha shivirlashga tushishdi.
Bas qiling! - dedi podshoh buyruq ohangida. So’ng bizga qarab, ko’nglimizni tog’dek ko’taradigan so’zlarni aytdi:
- Sizlar bo’shsiz, ketaverishingiz mumkin. Sizga zo’ravonlik qiladigan, ozor yetkazadiganlar bilan o’zim gaplashaman. Xudo haqqi, modomiki, men tirik ekanman, sizlarning birontangizni chertishlariga ham yo’l qo’ymayman, xatto evaziga tillodan tog’ va’da qilsalar ham.
Keyin yana rohiblarga yuzlandi:
- Anavi elchilarning sovg’alarini qaytarib bering. Olsinlaru daf bo’lishsin.
Ikki hamtovoq saroydan hafsalasi pir bo’lib, suvga tushgan mushukday bo’shashib chiqib ketishdi. Biz esa Najoshiy adolati ostida osoyishta yashay boshladik.



 
shaddotDate: Chorshanba, 13-Yan-2010, 23:57 | Message # 105
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Ja’far ibn Abu Tolib xotini bilan hayotining o’n yilini sokin Habashiston diyorida o’tkazdi. Xijratning yettinchi yilida bu yurtni tark etib, bir guruh musulmonlar bilan birgalikda Madinaga ravona bo’ldi. Ular shaharga yetganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam endigina Xaybar (yahudiylarning istehkomi. Hijratning yettinchi yilida musulmonlar uni fath qilib, ko’pgina g’animatlarni qo’lga kiritganlar) g’azotidan kelib turgan edilar. Ul zot Ja’farni ko’rib nihoyatda xursand bo’ldilar. Hatto:
- Bilmadim, qay biriga ko’proq quvonay: Xaybar g’alabasigami yoki Ja’farning tashrifigami? - dedilar.
Ja’farning kelganini ko’rgan musulmonlarning, ayniqsa, kambag’allarning quvonchi cheksiz edi. Chunki u zaif va faqirlarga mushfiqu mehribon edi. Xatto, "Abul Masokiyn" - "Miskinlar otasi", degan laqabi ham bor edi.
Abu Xurayra rivoyat qiladi:
- "Biz miskinlar uchun eng yaxshi odam Ja’far ibn Abu Tolib edi. U ko’pincha bizlarni uyiga olib ketar, bor taomini oldimizga to’kib tashlardi. Dasturxonda hech narsa qolmagach, quruq yog’idishni keltirardi. Biz uni sindirib, yog’ yuqini yalab-yulqab qo’yardik.
Ja’far ibn Abu Tolib Madinada uzoq turmadi. Sakkizinchi hijriy sananing boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Shom diyorida qaror topgan Rum lashkariga qarshi jihodga askar to’pladilar. Qo’shinga Zayd ibn Xorisani sarkarda qilib sayladilar.
- Agar Zayd halok bo’lsa yoki jarohatlansa, o’rniga Ja’far ibn Abu Tolib sarkarda bo’lur, - dedilar Rasuhlulloh sollallohu alayhi vasallam safar oldidan. - Mabodo Ja’far qatl kilinsa yoinki og’ir yaralansa, qo’mondonlik Abdulloh ibn Ravohaga o’tur. Agar unga ham biron kor-hol ro’y bersa, musulmonlar o’zlariga lashkarboshi saylab olurlar.
Musulmonlar hali Shomga yetmaslaridan, Urdundagi Mo’’ta qishlog’ida g’animlariga yo’liqishdi. Rumlik askarlarning soni yuz mingta bo’lib, ularga Laxm, Juzom, Quzoa va arablarning nasroniy diniga e’tiqod qiluvchi boshqa qabilalaridan tashkil topgan yana yuz minglik lashkar qo’shilgan edi. Musulmon mujohidlarining soni esa bor-yo’g’i uch mingta edi...
Ikki lashkar to’qnashib, jang endi boshlangan paytdayoq Zayd ko’kragidan yaralanib, shahodat topdi. Uning suvoriysiz qolgan samani dushmanlar qo’liga o’lja bo’lib tushmasligi uchun Ja’far otning oyog’ini qilich bilan chopib tashladi. Bayroqni baland ko’tardi-da, o’zini rumliklar safiga urdi. Musulmonlarning ruhini ko’tarish uchun qichqirib she’r o’qidi:

Jannat ajib yuksakdir, nasib etgan insonga,
Sharobi jon rohati boldek shirin makonga.
Irqi o’zga rumliklar — shum niyatli yomonga
Do’zax qa’ri lang ochiq, dinni inkor etganga.
Mard bo’lsang gar biz tayyor, tushgin qani maydonga.

(Emin Usmon tarjimasi)

Nogahon tushgan qilich zarbasi dushmanlar qurshovida javlon urayotgan Ja’farning o’ng qo’lini kesib tashladi. U darhol tug’ni chap qo’liga oldi. Yana bir zarba uning chap panjasini uzib yubordi. Chekinishni xayoliga ham keltirmagan mujohid bayroqni tirsagi bilan ko’ksiga bosdi. Uchinchi zarbadan so’ng Ja’far halok bo’ldi. Undan tug’ni qabul qilib olgan Abdulloh ibn Ravoha ham urusha-urusha oxiri shahid bo’ldi.



 
shaddotDate: Payshanba, 14-Yan-2010, 00:00 | Message # 106
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Uchala sarkarda ham halok bo’lganining xabarini eshitgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq qayguga cho’mdilar. Amakivachchasi Ja’far ibn Abu Tolibning ahli oilasidan xabar olgani jo’nadilar. Asmo jangdan qaytadigan erini kutib olishga hozirlik ko’rib qo’ygandi. Xamirlar qorilgan, bolalar cho’miltirilgan, yasantirilgan, xushbo’yliklar sepilgan, hammayoq pokiza...
Asmo rivoyat qiladi:
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biznikiga kelganlarida yuzlaridan qayg’u asarini sezdim. Birdaniga ko’nglimga g’ulg’ula tushdi, lekin Ja’far haqida so’rashga jur’at etolmadim. Mudhish xabarni eshitsam, ko’tarolmaymanmi deb qo’rqdim.
U kishi "Ja’farning farzandlari qani?" deb so’radilar. Men bolalarni chaqirdim. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko’rib, nihoyatda quvonib ketishdi. Chopib kelib, bo’yinlariga osilishdi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni galma-galdan quchoqlab o’par, boshlarini silar, ko’zlari esa jiqqa yoshga to’la edi. Men chidab turolmadim.
- Yo Rasululloh, ota-onam sizga fido bo’lsin, nega yig’layapsiz? Ja’far haqida biron yomon xabar keldimi? - dedim.
U kishi:
- Ha, - dedilar,- u bugun shahid bo’ldi.
Onalarining piqillab yig’lab yuborganini ko’rgan go’daklarning dami ichiga tushib ketdi. Yuzlaridagi tabassum bir zumda yo’qolib, hammalari turgan joylarida qotib qolishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’rnilaridan turdilar. Qo’llari bilan ko’z yoshlarini artib:
- Parvardigoro, Ja’farning bolalarini zoe’ qilma. Uning oilasiga o’zing murabbiy bo’l, - deb duo qildilar. So’ng:
- Men Ja’farni jannatda ko’rdim, Uning ikkita qanoti bor edi. Old tarafdagi patlari qip-qizil qonga bo’yalgan edi, - dedilar.



 
shaddotDate: Shanba, 16-Yan-2010, 10:34 | Message # 107
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
ABU SUFYON ibn HORIS

Abu Sufyon — jannat yigitlarining sayyididir.
Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam

Muhammad alayhissalom va Abu Sufyon ibn Horisning o’rtasidagi yaqinlikning naziri hayotda kamdan-kam uchraydi. Abu Sufyon Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan tengdosh — ular bir paytda tug’ilib, bir oilada ulg’ayishgan. Ular amakivachcha bo’lganlar. Horis va Abdulloh Abdulmuttolibning o’g’illari, tug’ishgan aka-uka edilar. Undan tashqari, Abu Sufyon payg’ambarimizning emchakdosh birodari — har ikkisini Halima Sa’diya emizib, katta qilgandi. Banihoyat, ular nubuvvat davridan ilgari qalin do’st-o’rtoq bo’lganlar. Qiyofalari ham bir-biriga judayam o’xshash edi. Bundan ko’ra yaqinroq qarindoshlik bo’lishi mumkinmi?
Shuning uchun bu mustahkam aloqalarni bilgan odam, hoynahoy, Abu Sufyon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning da’vatlariga birinchilardan bo’lib "labbay" degan, peshqadamlar safida u kishiga ergashgan, deb o’ylashi ehtimoldan xoli emas. Biroq voqelik buning mutlaqo aksini ko’rsatadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oshkora da’vatni endi boshlab, avvalo qarindoshlarini ogohlantirgan paytlaridayoq Abu Sufyonning qalbida nafrat olovi alangalandi. Do’stlik adovatga, qarindoshlik yuzko’rmaslikka, birodarlik gap uqmaslik va to’sqinchilikka aylandi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga robbilari tarafidan risolat vazifasi yuklatilgan kunlarda Abu Sufyon Quraysh qabilasining jasur pahlavonlaridan va dong’i ketgan shoirlaridan edi. U butun shoirlik iste’dodini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning da’vatlariga, bor kuch-quvvatini islomga va musulmonlarga qarshi qaratdi. Qaerda Nabiy alayhissalomga qarshi fitna qo’zg’otilsa, albatta, uning boshlovchisi Abu Sufyon bo’lib chiqar, qachonki musulmonlarga aziyat yetsa, bunda ham uning ulushi salmoqli bo’lardi. U shaytonning so’ziga kirib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hajv qilgan, boshdan-oyoq tuhmat va bo’htonlardan iborat haqoratli she’r yozgan edi.
Bu adovat qariyb yigirma yil davom etdi. Abu Sufyon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muttasil turli hiyla-nayranglar bilan pand berishni payida bo’ldi. Musulmonlarga aziyat yetkazishning qanday usuli bo’lsa, hammasini qilib ko’rdi.



 
shaddotDate: Shanba, 16-Yan-2010, 10:43 | Message # 108
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Makka fathidan biroz oldin Abu Sufyon iymonga keldi. Uning islomi haqida siyrat va tarix kitoblarida g’oyat ajoyib va ta’sirli qissa saqlanib qolgan. Keling, so’zni uning o’ziga beraylik. Har holda, o’z tuyg’ularini gapirib berish egasiga osonroq tinglovchi uchun ishonchliroqdir.
Abu Sufyon hikoyasi:
- Islom qad ko’tarib, mustahkam qaror topgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Makkani fath etish uchun yo’lga chiqqanlari haqida xabar tarqaldi. Buni eshitib mening ko’zimga dunyo qorong’u ko’rinib ketdi. O’zimcha o’yladim: "Endi nima qilaman? Qayoqqa qochaman? Holim ne kechadi?"
Xotinim va farzandlarimning oldiga borib:
- Tezda safar tadorigini ko’ring. Biz Makkadan jo’nab ketamiz. Xademay Muhammad kelib qoladi. Agar musulmonlarning qo’liga tushsam, sog’ qo’yishmasa kerak, - dedim.
Ular meni insofga chaqirishdi:
- Ko’zingizni oching. Butun arabu ajamlar Muhammadga itoat izhor qilishyapti, uning dinini qabul qilishyapti. Siz esa hanuzgacha tish-tirnog’ingiz bilan qarshi turibsiz. Vaholanki, uning eng birinchi yordamchisi siz bo’lishingiz kerak edi.
Har tarafdan dashnom aralash da’vat eshitib, Muhammadning diniga moyillik tuydim. Shunda Alloh mening qalbimga hidoyat soldi.



 
shaddotDate: Shanba, 16-Yan-2010, 10:44 | Message # 109
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Shu zahotiyoq o’rnimdan turdim. G’ulomim Mazkurga bir tuya va bir otni tayyorlashni buyurdim. Keyin o’g’lim Ja’far bilan fursatni boy bermay, Abvoga qarab jo’nadik. Abvo - Makka va Madina orasidagi diyor bo’lib, men Ragulullohni o’sha yerda to’xtaganlarini eshitgan edim. U yerga yaqinlashgach, yuzimga niqob to’sib oldim. Chunki Payg’ambar alayhissalomning huzurlariga yetib, islomimni e’lon qilgunimcha, yo’l-yo’lakay musulmonlarning birontasi meni tanib qolib, o’ldirib qo’yishi mumkin edi.
Ulovlarni qoldirib, bir milcha masofani yayov bosib o’tdik. Shundoqqina yonimizdan musulmon askarlarining peshqadam guruhlari ketma-ket o’tib ketishdi. Men har safar jangchilar ichida Muhammadning meni taniydigan sahobasi chiqib qolishidan ko’rqib, yashirinib turdim.
Navbatdagi guruxlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko’rindilar. Men chopib u kishining oldilariga chiqdim. Ro’paralariga turib, yuzimdagi niqobni yechdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga ko’zlari tushishi bilan, tanidilar. Tanidilaru yuzlarini o’girib oldilar. Men yana u kishining ro’paralariga o’tdim. Payg’ambar alayhissalom yana teskari qarab oldilar. Bu holat bir necha marta takrorlandi. Men qanchalik janobimizning nazarlariga tushishga intilmayin, har safar harakatlarim zoe’ ketar, u zot meni ko’rishni mutlaqo istamasdilar.
Yo’l-yo’lakay "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening islomga kirganimni bilsalar, shubhasiz, xursand bo’lib ketadilar. U kishining quvonchlariga ashoblari ham, albatta, sherik bo’lishadi", deb o’ylagan edim. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuz o’girishlarini ko’rgan musulmonlar menga xo’mrayib qarashdi, birontasi ham iliq munosabat bildirmadi, Abu Bakrga yo’liqqanimda, keskin orqasiga o’girilib, ketib qoldi. Men yolvorgannamo Umar ibn Xattobga qaradim. U ham ro’yxushlik ko’rsatmadi, balki, dard ustiga chipqonday, ansorlardan birini menga qarshi gij-gijlab qo’ydi. Haligi ansoriy meni rosa so’kdi:
- Ey Allohning dushmani, Allohning elchisiga, u zotning sahobalariga ozor beradigan hali senmisan?! Sening Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan adovatingni butun Mashriqu Mag’rib ahliga taqsimlasa ham ko’plik qiladi.
U tinmay haqorat qilib o’shqirar, atrofdagi musulmonlar menga o’qrayib qarashar, ayrimlari bundan xursand ham edilar. Nogoh, men amakim Abbosni ko’rib qoldim, chopib borib, unga iltijo qildim:
- Ey amakijon, qarindoshligimiz, qavmimdagi obro’-e’tiborim tufayli Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening islomga kirganimni ko’rib, xursand bo’ladilar, deb o’ylagandim, biroq nima bo’lgani o’zingizga ma’lum. U kishi bilan gaplashib ko’ring - meni kechirsinlar.
- Yo’q - dedi amakim, - u kishining yuz o’girishlarini ko’rganimdan keyin sen haqingda bir og’iz so’z aytishga ham jur’at qilolmayman. Men uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam benihoya ulug’ zotdir. Vaqt o’tsin, balki uzr aytishning qulay fursati kelib qolar.
- Ey amaki, meni bu ahvolda tashmlb qo’ymang, - qichqirib yubordim dahshatga tushib.
- Hozir sen haqingda og’iz ochishning mavridi emas, - dedi u.
Men tashvish va xavotir ichra amakivachcham Ali ibn Abu Tolibni qidirib topdim ammo u ham iltimosimga xuddi amakim Abbosday javob berdi. Shunda men yana Abbosga murojaat qildim:
- Xo’p, siz Rasulullohga uzrimni yetkaza olmas ekansiz, jilla qursa, hech holi jonimga qo’ymasdan hadeb meni so’kayotgan, bu ham yetmaganday, boshqalarniyam qayrayotgan anavi kishini tiyib qo’ying.
Amakim "qandoq odam u?" deb so’radi. Men uning sifatlarini aytdim.
- U Nuaymon ibn Horisku, Najjor qavmidan, - dedi amakim va uni topib kelish uchun odam jo’natdi. U kelgach, nasihat qildi:
- Ey Nuaymonch bilib qo’y, Abu Sufyon – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakivachchasi, mening akamning o’g’li. Bugun u janobimizning g’azabida bo’lsa, erta-indin roziligiga ham erishib qolar. Shuning uchun uni tinch qo’y.
Bu so’zlarni eshitgan Nuaymon boshqa menga aziyat yetkazmaslikka va’da berdi.



 
shaddotDate: Shanba, 16-Yan-2010, 10:45 | Message # 110
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Juhfada (Madinadan Makkaga ketaverishdagi makon) to’xtadilar. Men u kishi tushgan manzilga borib, eshigining ro’parasiga o’tirib oldim. Yonimda o’g’lim Ja’far ham bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichkaridan chiqib kelayotib meni ko’rishlari bilan teskari qarab oldilar. Men noumid bo’lmadim. Butun safar asnosida payg’ambarimiz qaerga manzil qursalar, eshiklarining to’g’risiga o’tirib olardim-da, orqamga o’g’limni turg’izib quyardim, biroq u kishi har safar menga ko’zlari tushishi hamono nigohlarini olib qochardilar. Bu holat ancha muddat davom etdi. Toqatim toq bo’lib, jonim hiqqildog’imga kelgach, xotinimga dedim:
- Xudo haqqi yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan rozi bo’ladilar, yoki o’g’limni yonimga olamanu boshim oqqan tomonga qarab ketaman. To ochlik va tashnalikdan sillam qurib, halok bo’lguncha ketaveraman.
Bu qasamning xabari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib borgach, menga rahm qildilar... Qubbalaridan chiqayotib menga muloyimroq nazar bilan boqdilar. Endi men u kishining jilmayib boqishlaridan umid qila boshladim.



 
shaddotDate: Shanba, 16-Yan-2010, 10:52 | Message # 111
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkaga to’liq fath va nusrat bilan dohil bo’lganlarida men muzaffar qo’shinning safida edim. Payg’ambar alayhissalom masjidga kirdilar. Mem ham birga kirdim. Yonlaridan bir qadam ham, bir lahza ham jilmadim.
Hunayn jangida arablar islomni tag-tomiri bilan sug’urib, musulmonlarni bitta qo’ymay qirib yuborish maqsadida Payg’ambar alayhissalomga qarshi tish-tirnog’igacha qurollangan, misli ko’rilmagan darajada son-sanoqsiz qo’shni to’pladi. Nabiy alayhissalom sahobalardan tashkil topgan qo’shinning boshida mudofaa uchun chiqdilar. Urushda men ham ishtirok etdim. Yog’iylarning mo’rmalaxday behisob cherigini ko’rib, o’zimcha "Xudo haqqi, bugun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan qilgan jamiki adovatlarimni yuvib yuboradigan kun keldi. Mana endi janobimiz mening Alloh va Rasuli rozi bo’ladigan ishlarni qilishimni ko’radilar", deb qo’ydim.
Jangning avvalgi lahzalaridanoq mushriklarning yaqqol ustunligi sezildi. Musulmonlar qo’shini orasida tartibsizlik va parokandalik paydo bo’ldi. Ba’zi kishilar chekinib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni janggohda ochiq tashlab ketishdi. Musulmonlar mash’um mag’lubiyat alamini tortishlariga yaqin qoldi.
Bir payt qarasam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, ota-onam u kishi uchun fido bo’lsin, qonli jangning eng qizigan nuqtasida kulrang xachirlariga minib, qilichlarini yalang’ochlagancha, ulkan qoyadek turibdilar. O’zlariniyu tevaraklaridagi ashoblarini himoya qilib, xuddi sherbachchalarini qizg’anayotgan arslonday olishyaptilar. Men shoshib, otimdan sakrab tushdim. Qilichimning qinini sindirib tashladim. Alloh ko’rib turibdi, men o’shanda payg’ambarimiz uchun qurbon bo’lishni istardim.
Amakim Abbos Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mingan xachirniig jilovini ushlab, yon tomonlariga o’tdi. Men boshqa taraflarini egalladim. O’ng qo’limda qilich, hamla qilgan dushmanlardan himoyalanaman. Chap qo’lim bilan xachirning uzangisini mahkam tutib olganman. Mening jonimni jabborga berib olishayotganimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko’rdilar, biroq u kishiga orqam bilan turganim uchun tanimay amakim Abbosdan "Bu kim?" deb so’radilar. Amakim "Bu birodaringiz Abu Sufyon ibn Horis, undan rozi bo’ling, yo Rasululloh", deb qichqirdi. Payg’ambar alayhissalom "Men undan roziman. Alloh uning qadimgi gunohlarini mag’firat qilsin", dedilar.
Janobimizning roziligi ko’ksimni quvonchga to’ldirib yubordi. Uzangida turgan oyoqlariga labimni bosdim. U kishi menga qarab:
- Birodar, azbaroyi xudo, olg’a bosing, olg’a, - dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so’zlari kuchimga kuch, g’ayratimga g’ayrat qo’shib yubordi. Qo’rquv nimaligini unutib, mushriklarga tashlandim. Musulmonlar ham men bilan birga hamla qilishdi. Dushman hujumga dosh berolmadi. Bir farsaxcha chekinib borib, oxiri tumtaraqay qochishga tushishdi.
Hunayn ma’rakasidan keyin Abu Sufyon ibn Horis Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hurmatini qozonib, u kishi siylagan odamlar qatoridan o’rin oldi, biroq o’tmishdagi noma’qulchiliklaridan xijolat chekib, biron marta ham Sarvari olamning yuzlariga tik qaray olmadi. U Allohning nuridan mahrum, kitobidan bebahra holda o’tkazgan johiliyat davridagi qora kunlari uchun ko’p afsus-nadomatlar chekdi. Qur’on oyatlarini kechayu kunduz tilovat qilib, din ahkomlarini chuqur o’rganishga qattiq kirishdi. Dunyo va uning bezaklaridan yuz o’girib, Alloh subhonahu va taologa butun vujudi bilan lazzatlanib ibodat qilishni boshladi. Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Sufyonning masjidga kirib ketayotganini ko’rib, Oisha onamizdan "Bilasizmi bu kim?" deb so’radilar. Onamiz "yo’q", dedi. Payg’ambar alayhissalom dedilar:
- Bu amakimning o’g’li Abu Sufyon ibn Horis. Qarang, u eng birinchi bo’lib masjidga kiradi. Eng oxirgi bo’lib chiqadi. Sira ko’zini yerdan uzmaydi.



 
shaddotDate: Shanba, 16-Yan-2010, 10:52 | Message # 112
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rafiqul a’lo huzuriga rixlat qilgach, Abu Sufyon yagona farzandini yo’qotgan onaday bo’zladi, habibidan ayrilgan kishiday qayg’u chekdi, g’am va alamga, mung va hasratga to’la marsiya bitdi.
Umar ibn Xattob roziallohu anhuniig xalifalik davrida Abu Sufyon ajalining yaqinlashganini sezib qoldi. O’z qo’llari bilan o’zi uchun qabr kavladi. Xuddi ajal bilan va’dalashib qo’yganday, uch kun o’tib vafot etdi. O’limidan oldin oila a’zolarini, qarindosh-urug’larini chorlab, vasiyat qildi:
- Mening orqamdan yig’lamanglar. Xudo haqqi, islomga kirganimdan beri bironta ham xatoga yo’l qo’ymadim…
So’ng pokiza ruhimi egasiga topshirdi. Janoza namozini xalifaning o’zi o’qidi. Barcha sahobalarni chuqur qayg’u qopladi. Abu Sufyonning o’limi islom va musulmonlar uchun ulkan musibat bo’ldi.



 
shaddotDate: Yakshanba, 17-Yan-2010, 16:42 | Message # 113
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
SA’D ibn ABU VAQQOS

"Ot, Sa’d, ot... Ota-onam senga fido bo’lsin".
(Muhammad Rasululloh Uhud kuni
Sa’dga shunday xitob qilgandilar)

Auzu billahi minash shaytonir rojiym, bismillahir rohmanir rohiym.
"Biz insonga ota-onasini (ya’ni ularga yaxshilik qilishni) amr etdik. Onasi unga ojizlik ustiga ojizlik bilan homilador bo’ldi. Uni (ko’krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (kelur). (Biz insonga, buyurdikki,) "Sen Menga va ota-onanga shukr qilgin! Yolg’iz O’zimga qaytajaksan!" Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o’zing bilmagam narsalarni Menga sherik qilishga zo’rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo’lsalar-da,) dunyoda yaxshi muomalada bo’lgin va o’zing Menga ijbat-tavba qilgan kishilarning yo’liga ergashgin! So’ngra (ya’ni qiyomat kunida) O’zimga qaytursizlar; bas, Men sizlarga qilib o’tgan amallaringizning xabarini berurman" ("Luqmon surasi", 14-15-oyatlar).
Bu oyati karimalar ajoyib va nodir bir voqea sababi bilan nozil bo’lgandir. Hali g’o’r, yoshgina yigitchaning shuurini butunlay bir-biriga zid hissiyotlar chulg’ab olgandi. O’shanda yaxshilik yomonlik ustidan, iymon kufr ustidan g’olib kelgandi. Bu voqeaning qahramoni makkalik yoshlarning sarkori, ham otasi, ham onasi baobro’ shaxslardan bo’lgan, olinasab yigitcha edi. Uning ismi Sa’d ibn Abu Vaqqos roziallohu anhudir.
Makkada nubuvvat nuri zohir bo’lgan onda Sa’d o’n gulidan bir guli ochilmagan, beg’ubor, ota-onasiga mehr-muhabbatli, ayniqsa, onasining atrofida girdikapalak farzand edi. U hali suyagi qotmagan, bor-yo’g’i o’n etti bahorni qarshilagan bo’lishiga, qaramasdan ko’pni ko’rgan kishilar kabi aqlli, mo’ysafidlar singari mulohazakor edi. Tengdoshlari ruju qo’ygan behuda o’yin-kulgularga mutlaqo qo’shilmas, go’yoki uni buyuk kelajak kutib turganini oldindan bilganday aksar vaqtini o’q-yoy yasashga, kamondan o’q uzish mashqlariga bag’ishlardi. Bundan tashqari, u qavmi mukkasidan ketgan rasvogarchilik va buzuq aqidadan bezor edi. Odamlarni adashib-uloqib yurgan zulmatlaridan qutqarib, najot yo’liga yetaklash uchun qayerdandir qudratli va mehribon yordam qo’li cho’zilishini intizorlik bilan kutardi.



 
shaddotDate: Yakshanba, 17-Yan-2010, 16:52 | Message # 114
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Sa’dning kunlari shu zaylda o’tib turgan bir mahalda Alloh azza va jalla insoniyatga ana shunday mehribon va bunyodkor yordam qo’li cho’zilishini iroda etdi. Bu qo’l bashariyat sayyidi Muhammad ibn Abdullohning qo’llari edi. U qo’l mangu nursochar ilohiy yulduzni - Allohning kitobini mahkam tutgandi...
Sa’d ibn Abu Vaqqos sira ikkilanmay haq va hidoyat chaqirig’iga "labbay", deb javob berdi. U erkaklardan uchinchi yoki to’rtinchi bo’lib, islomni qabul qildi. Shuning uchun ko’pincha faxrlanib "Men yetti kun davomida islomning uchdan bir qismini tashkil qilib turdim", deb qo’yardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’dning iymonga kelishi bilan ko’p quvondilar. Chunki undagi olijanoblik alomatlari, javonmardlik nishonalari, shak-shubhasiz, bu hilol yaqin kunlar ichida badrga, ya’ni to’lim oyga aylanishining bashoratini berardi. Sa’d hurmat-e’tiborli, obro’-izzatli xonadondan bo’lgani uchun Makka yoshlarini ketidan ergashtirib, islomga yetaklashi mumkin edi. Qolaversa, Sa’d Payg’ambar alayhissalomning tog’alari tarafidan, banu Zuhra qavmidan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning onalari Omina binti Vahb ham shu qavmdan edi. Sarvari olam bu qarindoshchilikni mo’’tabar sanardilar. Rivoyat qilinishicha, bir kuni payg’ambarimiz bir necha ashoblarining davrasida o’tirganlarida, Sa’dning kelayotganini ko’rib qoladilar. Shunda "Mana bu kishi mening tog’am! Qani boshqalar ham o’zining shunaqa tog’asini ko’rsatsin-chi!" deydilar.
Sa’d ibn Abu Vaqqosning islomdan keyingi hayoti ilgarigiday bir tekis davom etavermadi, balki yosh, tajribasiz mo’min yigitnig og’ir va shiddatli imtihonga ro’baro’ qildi. Azbaroyi imtihonning qiyinligidan Alloh subhonahu va taolo uning xususida Qur’on oyatlarini tushirdi. Keling, bu mashaqqatli sinovni hikoya qilib berishi uchun so’zni Sa’dning o’ziga beraylik. Sa’dning hikoyasi:
- Iymonga kelishimdan uch kun oldin tush ko’rdim. Go’yoki biri biridan quyuq zulmatlar qo’ynida g’arq bo’lib ketganmishman. Qoqilib-yiqilib, zo’rg’a o’rmalab ketayotgan paytimda to’satdan bir parcha Oy nuri paydo bo’libdi. Men Oyning nuriga qarab yuribman. Borsam, mendan oldin uch kishi - Zayd ibn Horisa, Ali ibn Abu Tolib va Abu Bakr Siddiqlar yorug’likka chiqib olishibdi.
Tong otgandan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maxfiy tarzda islomga da’vat qilayotganlarining xabari qulog’imga chalindi. Shunda Alloh menga yaxshilikni iroda etganini, o’zining elchisi orqali zulmatlardan nur sari chiqarishni xohlaganini bildim. Vaqtni cho’zib o’tirmay, darhol yo’lga tushdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Jiyod darasida uchratdim. U kishi endigina asr namozini o’qib bo’lgan ekanlar. Shu yerda islomni qabul qildim. Mendan oldin faqat tushimda ko’rgan uch kishigina musulmon bo’lgan edilar.
Mening iymonga kelganimni eshitib, onamning tepa sochi tikka bo’layozdi. Men onamga mehr-muruvvatli, itoatkor farzand edim. Buni bilgan onam o’z ta’sirini o’tkazmoqchi bo’ldi.
- Ey Sa’d, - dedi, - sen allaqanday noma’lum dinni qabul qilibsan. Xatto u tufayli ota-onangning dinidan voz kechibsan... Allohning nomiga qasamki, sen o’sha yangi diningni tark etasan, aks holda men bir luqma taom ham yemayman, bir qultum suv ham ichmayman. Ochlik va tashnalikda ko’z yumaman. Ana o’shanda ko’yimda jigar-bag’ring kabob bo’ladi, qilib quygan ahmoqliging uchun afsusu nadomatlar chekasan, butun umr odamlardan "onasining qotili" degan ta’nayu malomatlarni eshitib o’tasan.
Men "Unday qilmang, onajon. Men hech narsa evaziga dinimdan voz kechmayman", deb yolvordim, biroq onam qarorida qat’iy turib oldi. Obi-taomdan butunlay chetlandi. Bir necha kun tuz ham totmadi, suvga ham yaqinlashmadi. Ko’z o’ngimda ozib-to’zib, ko’zlari kirtayib, oxiri holsizlikdan sillasi qurib, yotib qoldi. Men tez-tez onamning tepasiga borib, hech bo’lmasa bir tishlam taom yeyishini yoinki bir ho’plam suv ichishini o’tinib so’rardim. U esa keskin bosh chayqar, agar dinimdan qaytmasam o’lgunicha shu holda davom etishini aytib, qasam ichardi.
Shunda men ham gapning po’stkallasini aytdim:
- Onajon, men sizni jonimdan ortiq ko’raman, ammo Alloh va Rasulini sizdan ko’ra ko’proq sevaman... Xudo haqqi, agar sizning mingta joningiz bo’lsayu hammasi birma bir chiqib tursa ham dinimni tark qilmayman.
Onam mening so’zlarim jiddiy ekanini anglab, taqdirga tan berdi. Noiloj, yeb-ichishni boshladi. Alloh bizning to’g’rimizda oyat tushirdi:
- "Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o’zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo’rlasalar u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo’lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo’lgin".



 
shaddotDate: Yakshanba, 17-Yan-2010, 17:06 | Message # 115
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Sa’d ibn Abu Vaqqos iymonga kelgan kun musulmonlar uchun eng xayrli, islom uchun eng muborak kunlardan biri bo’lgan edi.
Badr jihodida Sa’d va ukasi Umayr barchaga o’rnak bo’lishdi. U kezlar Umayr kichkina bola, pari borsa, endi balog’at yoshiga yetgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jangdan oldin lashkarni ko’zdan kechirib chiqayotgan mahalda ko’rib qolib, kichkinaligi uchun qaytarib yuborishlaridan qo’rqib, orqa safga berkinib oldi, biroq Payg’ambar alayhissalom uning ayyorligini bilib qoldilar va jihodga chiqishdan man’ etdilar. O’shanda Umayr qattiq yig’ladi. Oxiri Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga rahmlari kelib, jangda qatnashishga izn berdilar. Sa’d ham bundan ko’p quvondi va bo’yi pastligi sababli qilichni ukasining bo’yniga ilib qo’ydi. Aka-uka Allohning yo’lida haqiqiy mujohidlarga xos jasoratlar ko’rsatishdi.
Sa’d ma’rakadan Madinaga yolg’iz o’zi qaytdi. Ukasi Umayrni Badr tuprog’ida shahid holda qoldirdi, savobini Alloh taolodan umid qildi.
Uhud kunida tizzalarga titroq kirib, musulmonlar qo’shini parchalanib ketdi. Janggohda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni himoya qilib o’n nafarga yetar-yetmas kishi qoldi, xolos. Ular orasida Sa’d ibn Abu Vaqqos ham bo’lib, jon-jahdi bilan Payg’ambar alayhissalomni mudofaa qilar, har safar kamondan o’q uzganda, albatta, bir mushrikni yer tishlatardi. Sarvari olam buni ko’rib, Sa’dni yanada ko’proq shijoatlantirish uchun "Ot, Sa’d, ot... Ota-onam senga fido bo’lsin", deb qichqirgandilar. Sa’d butun umri davomida mana shu xitob bilan faxrlanib o’tdi. Ahyon-ahyonda:
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech kimga birdaniga "ota-onam fido bo’lsin" devaganlar. Faqat mengagina Uhud kunida shu so’zlarni aytganlar, - deb qo’yardi.
Sa’d o’zining eng ulkan xizmatini keyinroq hazrati Umar forslar diyoriga haq dinni olib kirib, kofirlar davlatiga yakun yasashga va shu bilan majusiylik illatini tag-tomiri bilan qo’porib tashlashlikka ahd qilgan paytda ko’rsatdi. Xalifa chor atrofdagi voliylarga maktublar yo’llab, ot minib, qurol tutishga qodir bo’lganlarni, jasur, aqlli va ziyrak kishilarni, she’r yoki notiqlik san’atidan boxabarlarni, qo’yingki, jangda asqotishi mumkin bo’lgan barcha odamlarni Madinaga jo’natishni buyurdi. Mashriqu Mag’ribdan mujohidlar gurros-gurros poytaxt sari kela boshlashdi. Hamma jamlanib, qo’shin shay bo’lgach, Umar ibn Xattob sarkardalikni kimga ishonib topshirish masalasini muhokamaga qo’ydi. Mashvarat ahli bir ovozdan yagona nomzodni ko’rsatishdi — sheryurak pahlavon Sa’d ibn Abu Vaqqos. Umar roziallohu anhu unga jangovar bayroqni tutqazdi.
Ulkan cherik Madinadan jo’nab ketishi oldidan jangchilarni kuzatishga chiqqan amirul mo’minin lashkarboshiga so’nggi ko’rsatmalarni berdi:
— Ey Sa’d, seni "Rasulullohning tog’asi, Rasulullohning sahobasi" degan so’zlar kekkaytirib yubormasin. Zero, Alloh taolo yomonlikki yomonlik bilan o’chirmaydi, balki yomonlikni yaxshilik bilan mahv etadi.
Ey Sa’d, Alloh bilan hech kimning o’rtasida qarindosh-urug’lik yaqinligi yo’q, u zotga magar toat bilan yaqinlashuv mumkin. Odamlarning boy-badavlatiyu faqiru fuqarolari Allohning nazdida barobardir. Alloh ularning parvardigori, ular esa bandalardir. Bandalar bir-birlaridan faqat taqvo bilan afzal bo’la oladilar. Rob taoloning huzuridagi mukofotga toat bilan erishiladi. Sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning asosiy vazifalari nimadan iborat ekanini bilasan. O’sha ishni davom ettirmoq bugun sening ham burchingdir.
Lashkar asta qo’zg’oldi. Unda to’qson to’qqizta Badr jangi qatnashchisi, uch yuz o’ndan ortiq Rizvon bay’atidan oldin iymon keltirgan musulmonlar, uch yuzta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Makka fathida ishtirok etganlar va yetti yuzta sahobalarning farzandlari bor edi.
Qo’shin Qodisiyada (Ko’fadan o’n besh chaqirim uzoqlikdagi mavze’. Hijratning o’n oltinchi yilida u yerda musulmonlar va forslar o’rtasida hal qiluvchi janglar bo’lib o’tgan. Unda musulmonlar uzil-kesil g’alaba qozonganlar) qaror topdi. Harir kunida (Qodisiya kunlarining so’nggisi) musulmonlar shiddatli hujum boshladilar. Dushmanni mahkam iskanjaga olib, saflarini parokanda qilib tashladilar. Hamma yoqni "La ilaha illalloh" va "Allohu akbar" hayqiriqlari tutib ketdi. Fors lashkarboshisi Rustam halok bo’ldi. Qo’mondonidan ayrilgan askarlar butunlay karaxt bo’lib, hatto himoyalanishdan ham ojiz qoldilar. Qarshilik qilish behuda ekanini tushunib, taslim bo’ldilar. Behad-behisob g’animat o’lja qilindi. O’sha kuni musulmonlar ulkan zafarni qo’lga kiritdilar.



 
shaddotDate: Yakshanba, 17-Yan-2010, 17:08 | Message # 116
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
Sa’d uzoq umr ko’rdi. Alloh unga ko’p molu davlat in’om qildi, lekin u o’lim to’shagida yotganida jundan to’qilgan, titilib ketgan jubbasini keltirishni buyurdi va dedi:
— Meni jubbamga o’rab ko’minglar, chunki Badr kuni men shu libosimda mushriklarga qarshi jang qilganman. Allohga ham o’sha kiyimimda yo’liqishni xohlayman



 
SANJAR80Date: Yakshanba, 17-Yan-2010, 17:18 | Message # 117
Group: Ishonchli
Messages: 3741
Status:
shaddot, Alloh rozi bo'lsin!

 
enjoyDate: Dushanba, 18-Yan-2010, 03:12 | Message # 118
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 1376
Status:
shaddot,

 
shaddotDate: Payshanba, 21-Yan-2010, 14:56 | Message # 119
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:



 
shaddotDate: Payshanba, 21-Yan-2010, 14:59 | Message # 120
Group: Ishonchli
Messages: 701
Status:
HUZAYFA ibn YAMON
Huzayfa aytgan hadisni tasdiqlang.
Qur’onni Abdulloh ibi Mas’ud o’qigandek o’qing.
Hadisi sharif

- "Xohlasang muhojirlardan, xohlasang ansorlardan bo’l. O’zingga yoqqanini tanlab ol".
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Huzayfa ibn Yamonga Makkadagi birinchi uchrashuvlarida mana shunday deb xitob qilgandilar. Huzayfaga ikki eng mukarram firqadan birini tanlash ixtiyori bekorga berilmagan, buning o’ziga xos sababi bor edi.
Huzayfaning otasi Yamon asli makkalik, banu Abs qavmidan edi, lekin qabiladoshlaridan birini o’ldirib qo’yib, vatanini tashlab, Yasribga ko’chib ketishga majbur bo’lgandi. U yerda banu Audulashhal urug’i bilan ittifoq tuzdi. Bora-bora aloqalar mustahkamlanib, ularga kuyov bo’ldi va nihoyat, o’g’li Huzayfa tug’ildi. Keyinchalik Yamon va makkaliklar o’rtasidagi adovat barham topib, u o’z vataniga tez-tez qatnay boshladi, biroq asosiy uy-joyi Madinada edi.
Arab jazirasida islom hiloli endi balqigan paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, islomni e’lon qilgan banu abslik o’n kishining biri Huzayfaning otasi Yamon edi. Bu voqea hijratdan ancha oldin ro’y bergandi. Shu e’tibordan Huzayfaning ota yurti — Makka, ona diyori Madina edi.
Huzayfa musulmon xonadonida ulg’ayib, islomga birinchilar qatori kirgan ota-onaning qo’lida tarbiya topdi. O’zi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko’rish baxtiga muyassar bo’lmay turib, u zotga iymon keltirdi.



 
Search: