|
SAODAT ASRI QISSALARI
|
|
| Rider | Date: Juma, 07/10/26, 9:24:35 PM | Message # 1 |
 Admin yordamchisi
Group: Usta
Messages: 2650
Status: 
| ALLOHNING FAZLI VA RAHMATI Vosila ibn Asqo’, roziyallohu anhu, rivoyat qiladi: “Ramazon oyi keldi. Biz ahli suffa ham ro‘za tuta boshladik. Har oqshom iftor vaqti kirishi bilan Aqobada bay’at bergan ansorlar kelib har qaysisi bir kishidan bizni iftorlikka olib ketishardi. Bir kuni hech kim kelmadi. Ro‘zamizni ocholmay uxladik, saharlik ham qilmadik. Ertasi kuni ham hech kimdan darak bo‘lmadi. Nihoyat, ahvolimizni janobi Payg‘ambarimizga, sollallohu alayhi va sallam, bildirdik. Ul zot bizga nihoyatda qayg’urib, biror yegulik bormi, deya ayollaridan birma-bir so‘rattirdilar. Biroq ularning hammalari bunga: — Alloh nomiga qasamki, bizda yegulik hech narsa yo‘q, — deb javob yubordilar. Shunda Nabiy, sollallohu alayhi va sallam, to‘planishimizni buyurdilar va biz to‘plangach: — Allohim, Sendan fazl va rahmat so‘raymiz. Zero, rahmat yolg‘iz Sening qo‘lingdadir va Sendan o‘zga rahmat sohibi yo‘qdir, — deya duo qildilar. Biz “Omin”, dedik. Oradan ko‘p o‘tmay, bir joydan bizga bir qo‘yning qovurilgan tanasi va shunga yarasha non keldi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam: — Qani, olinglar, yenglar, — dedilar. Biz to‘ygunimizcha yedik. Shundan so‘ng Sarvari koinot, sollallohu alayhi va sallam, shunday deb marhamat qildilar: — Biz Alloh taolodan uning fazilati va rahmatini ham tilagan edik. Bu bergani Uning fazlidir. Shubha yo‘qki, biz uchun rahmatini ham saqlab qo‘yibdi”.
Message edited by Rider - Juma, 07/10/26, 9:40:58 PM |
| |
|
|
| Rider | Date: Juma, 07/10/26, 9:27:37 PM | Message # 2 |
 Admin yordamchisi
Group: Usta
Messages: 2650
Status: 
| ENG SHIDDATLI OYAT Muhammad ibn al-Muntashirdan: «Bir odam Hazrati Umarga, roziyallohu anhu: — Allohning kitobidagi eng shiddatli va qo‘rqinchli oyatni bilaman, — dedi. Umar, roziyallohu anhu, bir tayoq olib, uni astagina urdi va: — O‘zingcha qanday “tadqiqot” o‘tkazdingki, bunday bir oyatni uchratding? — degach, haligi kishi u yerdan ketdi. Ertasiga Hazrati Umar, roziyallohu anhu, unga uchrashib: — Sen aytmoqchi bo‘lgan qaysi oyat edi? — deb so‘radilar. — “Kim biror yomonlik qilsa, albatta jazosini ko‘radi” oyatidir. Zero, hech yomonlik qilmagan odam yo‘q. Shunga ko‘ra, birortamiz ham azobdan qutula olmaymiz (najot topolmaymiz), — dedi u kishi. Hazrati Umar, roziyallohu anhu, bunga javoban: — Bu oyat nozil bo‘lganida biz shunchalar qo‘rqdikki, hatto ovqat yeyolmay qoldik. Nihoyat, Alloh taolo: “Kim biron-bir yomon ish qilsa yoki o‘z joniga jabr qilsa, so‘ngra Allohdan mag‘firat so‘rasa, Allohning mag‘firat qilguvchi va mehribon ekanini topar – ko‘rar” (Niso, 110) mazmunli oyati karimani nozil qildi, — dedilar».
|
| |
|
|
| Rider | Date: Juma, 07/10/26, 9:31:52 PM | Message # 3 |
 Admin yordamchisi
Group: Usta
Messages: 2650
Status: 
| GAPIRUVCHI BO'RI YOXUD QIYOMAT ALOMATI Abu Said al-Xudriydan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi: “Bir bo‘ri suruvga hujum qilib, bir qo‘yni olib qochdi. Cho‘pon bo‘rini quvib, qo‘yni tortib oldi. Shunda bo‘ri tilga kirib: — Allohdan qo‘rqmaysanmi? Parvardigor menga yuborgan rizqni nega qaytarib olyapsan? — dedi. — Vo ajab? Bo‘ri inson kabi gapirmoqda! — hayratini yashira olmadi cho‘pon. — Mening odamday gapirganimga ajablanyapsanmi? Bundan ham muhimroq narsa bor. Yasribda Muhammad ismli bir zot odamlarga yangi dinni ta’lim bermoqda, — dedi bo‘ri. Shundan so‘ng cho‘pon suruvini haydab Madinaga keldi. Qo‘ylarni bir pana joyda qoldirib, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, huzurlariga keldi va bo‘lib o‘tgan voqeani aytib berdi. Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, odamlarni namozga chaqirishni buyurgach, cho‘ponga: — Ko‘rganlaringni bularga ham so‘zlab ber, — dedilar. Cho‘pon voqeani so‘zlab berdi. Shunda Sarvari olam, sollallohu alayhi va sallam, marhamat qildilar: — Birodaringiz to‘g‘ri gapiryapti. Muhammadning qayoti izmida bo‘lgan Allohga qasamki, jonivorlar insonlar bilan gaplashmagunicha, kishining oyoq kiyimidagi bog‘ich ip tilga kirib, so‘zlamagunicha va kishining soni, u ko‘chada yo safarda bo‘lganida oilasining uyda nimalar qilganini xabar bermagunicha (ya’ni, shunday zamonlar kelmay turib) qiyomat qoim bo‘lmaydi».
|
| |
|
|
| Rider | Date: Juma, 07/10/26, 9:34:16 PM | Message # 4 |
 Admin yordamchisi
Group: Usta
Messages: 2650
Status: 
| HOTIRJAMLIK SIRI Abu Zabya, roziyallohu anhu, rivoyat qiladilar: «Abdulloh ibn Mas’ud, roziyallohu anhu, vafotlaridan sal oldin xastalanib qoldilar. Bemorni ko‘rishga kelgan Usmon, roziyallohu anhu, undan so‘radilar: — Seni nima bezovta qilyapti? — Gunohlarim. — Ko‘ngling nimani tusayotir? — Rabbimning rahmatini. — Senga bir tabib chaqiraymi? — Aslida meni kasal qilgan Tabibdir. — Senga biroz maosh yozdirishimga ruxsat berasanmi? — Maoshga ehtiyojim yo‘q. — Hech bo‘lmasa, keyin qizlaringga beriladi-ku! Shunda Abdulloh ibn Mas’ud, roziyallohu anhu: — Sen qizlarimni kambag‘allikdan qiynalishadi deb xavotirdamisan? Men ularga har kecha Voqea surasini o‘qishni tayinlaganman. Zero, Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam: «Har oqshom Voqea surasini o‘qigan kishi hech qachon tirikchilik zahmatini chekmaydi», deb marhamat qilganlarini eshitgan edim, — dedi»
|
| |
|
|
| Rider | Date: Juma, 07/10/26, 9:36:06 PM | Message # 5 |
 Admin yordamchisi
Group: Usta
Messages: 2650
Status: 
| YOMONLIKKA YAHSHILIK Abu Hurayradan, roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Bir kun bir ayol oldimga kelib: — Men ham zino qildim, ham zinodan tug’ilgan bolamni o‘ldirdim. Endi shu gunohimdan tavba qilsam bo‘ladimi? — deb so‘radi. — Sen uchun tavba yo‘q! — dedim men ayolga. — Alloh ko‘zingni ko‘r qilsin, hech bir qulaylik bermasin... Shundan so‘ng ayol yig‘lab, tizzalariga urib chiqib ketdi. Ertasi kuni bomdod namozini o‘qib bo‘lgach, bu voqeani aytgan edim – Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalom: — Sen ayolga naqadar yomon javob beribsan. Sen axir “Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga iltijo qilmaslar va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan) biron jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlardan birontasini) qilsa, uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat kunida uning uchun azob bir necha barobar qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur. Magar kim tavba qilsa va imon keltirib yaxshi amallar qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonlik-gunohlarini yaxshilik-savoblarga aylantirib qo‘yur. Alloh mag‘firatli, mehribon Zotdir” (Furqon, 68-70) mazmunli oyatlarni o‘qimaganmiding? — deya marhamat qildilar. Shundan so‘ng darhol ayolni chaqirtirib, unga bu oyatlarni o‘qib berdim. Ayol sevinganidan o‘sha zahoti sajda qildi va: — Menga qutulish eshigini ochgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin, — dedi».
|
| |
|
|
| SAKINA | Date: Shanba, 13/01/12, 7:35:36 PM | Message # 6 |

Group: IJODKOR
Messages: 2601
Status: 
| NOUMID SHAYTON
Tabaroniydan rivoyat qilinadi: “Abu Farva ismli bir odam kelib Janobi Payg‘ambarimizdan: — Boshdan-oyoq gunohga botgan, qilmagan noma’qulchiligi qolmagan bir kimsa tavba qilsa bo‘ladimi? — deb so‘radi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, unga: — Sen musulmon bo‘lganmisan? — dedilar. — Ha. — Unday bo‘lsa, bundan keyin yomonliklarni tashlagin-da, hamisha yaxshilik qil. Alloh taolo sening avval qilgan gunohlaringni yaxshiliklarga aylantiradi. — Barcha xiyonatu soxtakorliklarimni hammi? — Ha. U odam takbir ayta boshladi va chiqib ketdi. Keta-ketgunicha (bizga ko‘rinmay qolgunicha) takbir aytdi».
|
| |
|
|
| SAKINA | Date: Shanba, 13/01/12, 7:36:06 PM | Message # 7 |

Group: IJODKOR
Messages: 2601
Status: 
| HAYRLI OQIBAT
Muoz ibn Jabal, roziyallohu anhu, vafot etishlariga yaqin qolgan soatlarda qayta-qayta: “Tong otdimi?” deb so‘rar, har gal unga: “Hali tong otmadi”, deb javob berishar edi. Nihoyat , “Tong otdi”, deyishgach, Muoz ibn Jabal, roziyallohu anhu: — Tonggida otashga ketiladigan kechadan Allohning panohiga sig’inaman. Ey o‘lim, xush kelding, safo kelding. Sen umrim davomida menga ilk bor tashrif buyurgan bir ziyoratchisan, bir faqir do‘stiga murojaat etgan suyukli mahramsan. Allohim, bugungacha men Sendan qo‘rqib keldim. Biroq bugun Sening rahmatingdan umidvorman. Senga ayonki, dunyo molini to‘plash, ariqlar ochib dalalarni bog‘-rog‘ qilish kabi ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish uchun dunyoda qolmoqchi emasman. Mayli, shiddatli issiqlarda chanqoq qolayin, dunyo hayotining mashaqqatlarini tortayin, biroq zikr halqalarida olimlarning tizzalariga tizzamni qo‘yib seni zikr etish uchun, dunyoda qolmoq istayman, — deb iltijo qildilar.
|
| |
|
|
| SAKINA | Date: Shanba, 13/01/12, 7:36:44 PM | Message # 8 |

Group: IJODKOR
Messages: 2601
Status: 
| YUKSAK MARTABA
Anas ibn Molikdan, roziyallohu anhu: “Janobi Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam: — Qiyomat kuni martabalariga payg‘ambar va shahidlar ham havas qiladigan va Alloh dargohida nurli minbarlar ustidagi joylari bilan taniladigan kishilarning xabarini berayinmi? — deya marhamat qildilar. — Ular kimlar, yo Rasulalloh? — so‘rashdi ashob. — Allohning qullarini Alloqga va Alloh taoloni Uning qullariga sevdirish uchun intilgan va yer yuzida zimmalariga irshod vazifasi yuklangan odamlardir. — Yo Rasulalloh! Allohni Allohning qullariga sevdirmoq tushunarli. Biroq Allohning qullarini Allohga sevdirish qanday bo‘ladi? — deb so‘radim. — Ularni Alloh sevgan narsalarga tashviq etishadi va Alloh yomon ko‘rgan narsalardan qaytarishadi. Ular bunga quloq osib, amal qilishsa, Alloh ularni sevadi, — deb marhamat qildilar Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam».
|
| |
|
|
| SAKINA | Date: Shanba, 13/01/12, 7:37:20 PM | Message # 9 |

Group: IJODKOR
Messages: 2601
Status: 
| NAQADAR YOMON ISH
Abul Hasan, roziyallohu anhu, rivoyat qiladilar: “Nabiyning, sollallohu alayhi va sallam, yonlarida o‘tirar edik. Davradan kimdir turib ketdi, biroq oyoq kiyimini unutib qoldirdi. Davradagilardan biri uning oyoq kiyimi ustiga o‘tirib oldi. Haligi kishi bir ozdan keyin qaytib kelib, oyoq kiyimini so‘radi. — Biz ko‘rmadik, — deyishdi. Poyafzal egasi bezovtalanib qoldi. So‘ng uning oyoq kiyimi ustiga o‘tirgan kishi: — Mana, oyoq kiyiming, — dedi. Shunda Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam: — Musulmon kishini bezovta qilish naqadar yomon ish, — dedilar. — Men hazillashdim, — dedi u kishi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, yana o‘sha gaplarini takrorladilar”.
|
| |
|
|
| SAKINA | Date: Shanba, 13/01/12, 7:40:36 PM | Message # 10 |

Group: IJODKOR
Messages: 2601
Status: 
| GAFLATNING SABABI
Anas ibn Molikdan, roziyallohu anhu: «Bir safarda Abu Muso bilan birga edik. Tumonat odam yig‘ilganini ko‘rdik. Bir kishi o‘rtada turib, tinmay gapirar edi. Abu Muso menga: — Ey Anas, kel Rabbimizni zikr etaylik. Ko‘ryapsanki, bular dunyo uchun tinmay gap sotmoqdalar. Ey Anas, bugungi insonlarda oxirat qayHusi deyarli yo‘q, oxirat ular uchun hech bir ahamiyatga ega emas, — dedi. — Nafsoniy orzu-istaklar va shayton ularni g’aflatga yetaklamoqda, — dedim. — Yo‘q, unday emas. Ularga dunyo naqd holda ko‘rsatilgan, oxirat esa ulardan pardalangan. Agar dunyoni ko‘rganlari yanglig’ oxiratni ham ko‘rganlarida edi, oxiratdan yuz o‘girmas va dunyoga bu qadar o‘ralashib qolmas edilar, — dedi Abu Muso».
|
| |
|
|
| SAKINA | Date: Shanba, 13/01/12, 7:41:13 PM | Message # 11 |

Group: IJODKOR
Messages: 2601
Status: 
| SAODAT ASRI QISSALARI = 3 =
Jonbaxsh duo yoxud tirilgan murda Abdulloh ibn Avndan, roziyallohu anhu, Anas ibn Molik, roziyallohu anhu, rivoyat qiladilar: “Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, yonlarida, Suffada edik. Rasuli akramning huzurlariga hijrat qilgan bir ayol keldi. Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, uni ayollar yoniga, o‘g’lini esa bizning yonimizga yubordilar. Oradan ko‘p o‘tmay ayolning o‘g’li Madinada tarqalgan vabo xastaligiga chalinib, vafot etdi. Sarvari olam, sollallohu alayhi va sallam, yigitning ko‘zlarini yumganlaridan so‘ng, jasadni ko‘tarishimizni buyurdilar. Uni yuvish uchun tayyorgarlik ko‘rar ekanmiz, menga: — Ey Anas! Bor, onasiga ayt, — dedilar. Onasiga xabar berdim. Onasi kelib o‘lgan o‘g’lining oyoq uchi tomoniga o‘tirdi va oyoqlarini ushlab: — Allohim! Men o‘z xohishim bilan musulmon bo‘ldim. Sening diningga kirdim. Butlarga sig’inishni tark etdim. O‘z xohishim bilan Senga yukindim va Payg‘ambaringni sevdim. Allohim! Meni balo-musibatlarga duchor qilib, butparastlarni sevintirma va toqatim yetmaydigan ushbu musibatni menga yuklama... — deb duo qildi. Allohga qasamki, ayol duo qilib bo‘lar-bo‘lmas, o‘lik oyoqlarini qimirlatib, ko‘zini ochdi va o‘rnidan turib ketdi. Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, vafot etgunlariga qadar o‘sha yigit ham tirik edi...».
|
| |
|
|
| SAKINA | Date: Shanba, 13/01/12, 7:41:49 PM | Message # 12 |

Group: IJODKOR
Messages: 2601
Status: 
| Xushxabar Ibn Abbosdan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi: “Ey imon keltirganlar, o‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg’isi odamlar va toshlardan bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda qattiqqo‘l, Allohning buyurganiga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni bajaradigan farishtalar (turur)” (Tahrim, 6, mazmuni) mazmunli oyati karima nozil bo‘lgach, Janobi Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, sahobalariga o‘qib eshittirgan edilar, o‘sha yerda turgan bir yosh yigit hushidan ketib yiqildi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, muborak qo‘llarini yigitning ko‘kragiga qo‘ydilar va yuragi urayotganini bilgach, unga: “La ilaha illalloh”, degin, dedilar. Yigit kalimani qaytargach, Payg‘ambarimiz, alayhissalom, unga oxirati haqida xushxabar aytdilar. Sahobalar so‘rashdi: — Yo Rasulalloh! Bu mujda oramizda faqat unga tegishlimi? Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, ularga: —Alloh taoloning: “Bu mujda (va’da) Mening huzurimda (hisob-kitob uchun) turishdan qo‘rquvchi va Mening ogohlantirishimdan xavfda yashovchi kishilar uchundir” deb marhamat etilgan oyatini eshitmaganmisiz? — deya javob qildilar.
|
| |
|
|
| SAKINA | Date: Shanba, 13/01/12, 7:42:59 PM | Message # 13 |

Group: IJODKOR
Messages: 2601
Status: 
| Amalim qabul bo‘lsin desangiz... Hazrati Umarning, roziyallohu anhu, ozod etilgan quli Abu Ayyub Sulaymondan: “Bir payshanbadan jumaga o‘tar kechasi Abu Hurayra, roziyallohu anhu, oldimizga keldi va: — Allohni yaxshi ko‘rsangiz, orangizda qarindoshchilik haqqiga rioya qilmagan, uni buzgan kishi bo‘lsa, bu yerdan ketsin, — dedi. Hech kim joyidan qimirlamadi. Nihoyat, bu so‘zni uch marta takrorlagach, bir yosh yigit o‘rnidan turib, ikki yildan beri bee’tibor tashlab qo‘ygan va gaplashmayotgan ammasining oldiga bordi. Ammasi: — Kutilmagan hol? — dedi. — Abu Hurayra aytdilar, — dedi yigit. — Borib so‘ra-chi, nima uchun bunday degan ekan? Borib so‘raganida Abu Hurayra yigitga shunday dedilar: — Janobi Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam: “Odam bolalarining amallari har payshanba oqshomi, ya’ni juma kechasi Allohga taqdim etiladi. Faqat orangizda qarindoshchilik haqqiga rioya etmagan kimsaning amallari qabul bo‘lmaydi”, deb marhamat qilganlarini eshitganim uchun shunday degan edim”.
|
| |
|
|
| SAKINA | Date: Shanba, 13/01/12, 7:43:29 PM | Message # 14 |

Group: IJODKOR
Messages: 2601
Status: 
| Naqd savob Omir ibn Sa’d ibn Abi Vaqqosdan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi: “Bir kuni Abdulloh ibn Umarning uyida edim. Ittifoqo, Habbob kirib keldi va: — Ey Abdulloh, Abu Hurayrani ko‘rmaysanmi? Janobi Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam: “Marhumning uyidan chiqib (janoza) namozini o‘qigach, dafn etilguniga qadar birga bo‘lgan kishi har biri Uhud tog’icha keladigan ikki ajr oladi va janoza namozini o‘qiganidan so‘ng qaytgan kishi ham Uhud tog’idek ajrga ega bo‘ladi”, deya marhamat qilganlarini gapiryapti, — dedi. Ibn Umar unga: — Borib Oyishadan so‘ra-chi, Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, haqiqatan ham shunday deb aytganmikanlar? — dedi. Habbob ketgach, Ibn Umar yerdan toshchalarni olib qo‘lida aylantirib turdi. Habbob qaytib: — Ha, Abu Hurayra to‘g‘ri gapirgan ekan, — degach, qo‘lidagi toshchalarni otib: — Vallohi, biz tog’day-tog’day ajr xirmonlaridan quruq qolibmiz, — dedi.
|
| |
|
|
| SAKINA | Date: Shanba, 13/01/12, 7:44:16 PM | Message # 15 |

Group: IJODKOR
Messages: 2601
Status: 
| Shahidlar havas qilgan martaba Abu Dardodan, roziyallohu anhu: «Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, marhamat qildilar: –Alloh subhanahu va taolo qiyomat kuni bir necha kishilarni yuzlari nurli va olmosdan yasalgan minbarlar ustida turgan holatda qabrlaridan turg’izadi. Hamma ularga havas bilan qaraydi. Holbuki, ular payg‘ambarlar ham, shahidlar ham emas. Shunda bir badaviy arab tiz cho‘kib: — Yo Rasulalloh, ularni bizga ta’riflang, tanib olaylik, — dedi. — Bular turli qabilalardan va har xil uzoq joylardan bo‘lganlari holda bir yerda to‘planishib, Allohni zikr qilganlardir, — deya marhamat etdilar Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam».
|
| |
|
|