RSS
Yangiliklar-Новые сообщения · Azolarimiz-Участники · Forum qoidasi-Правила форума · Qidirish-Поиск
  • Страница 2 из 4
  • «
  • 1
  • 2
  • 3
  • 4
  • »
Ertaklar!!!
OSIYOДата: Chorshanba, 27-Iyul-2011, 14:41 | Сообщение # 16
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
Ayyor tulki
Kunlarning birida ayyor tulki yo'lda ketayotib bir qarg'ani ko'rib qoldi. Uning qorni juda och edi. Bir xamla bilan qarg'ani tutib olmoqchi bo'lib unga o'zini tashlabdi. Qarg'a o'trigan joyda chuqur quduq bor edi. Nogohon, tulki o'sha quduqqa tushib ketdi. Suv kam edi, u cho'kib ketmadi, lekin balandligi bois u yerdan chiqib ham keta olmadi. Barcha harakatlari bekor ketgan tulki endi nima qilish kerakligi haqida bosh qotira boshladi. Ittifoqo o'sha yo'ldan bir echki o'tib qoldi. U quduq bo'yiga kelib qaradi va u yerda tulkini ko'rdi.
- E, tulki, u yerda nima qilib o'tiribsan?

- Dam olib o'tiribman - javob berdi tulki.- Tepa juda issiq, bu yer salqingina ekan! Muzdek suv ichishni xohlamaysanmi?

Echki ham juda chanqab turgan edi.

- Muzdek suv deysanmi? - so'radi echki.
- O! Qanday mazza!- javob berdi tulki.- Xohlasang yonimga tush. Bu yerda ikkimizga ham joy yetarli.

Echki quduqqa sakrab tushdi va dedi:

- Eh, sen. Salqingina joyda mazza qilib o'trigan ekansan-da!

Tulki esa bir sakrab echkining beliga, keyin bir sakrab quduqdan chiqib olibdi.
 
OSIYOДата: Chorshanba, 27-Iyul-2011, 14:45 | Сообщение # 17
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
Sayohatchi kema
Bir kemacha har kuni daryoga suzar, odamlarni va turli narsalarni tashir ekan. U tepasida uchib o'tayotgan qushlar, tagida suzib yurgan baliqlar bilan suhbatlashar, sira zerikmas ekan. Bir kuni mekachaning tepasidan uchib o'tayotgan qaldirg'och unga okean haqida so'zlab beribdi. Qirg'og'i ko'rinmaydigan suvlar va unda yashovchi o'lkan baliqlar haqida eshitib, kemacha hayratga tushibdi, judayam okeanni ko'rgisi kelibdi.

- Iltimos bir martagina okeanga borib, kitlar va delfinlarni ko'rib kelaylik, - deb iltimos qilibdi kemacha o'zini boshqaradigan kapitanidan.

- Yo'q, sening ishing daryoda suzish!- debdi kapitan

Kemacha rosa yalinsa ham kapitan rozi bo'lmabdi. Kemacha juda xafa bo'libdi. Bir kuni kechqurun kapitan uyiga ketganida kemachaning hayoliga bir fikr kelibdi.

- Baribir okeanga boraman! - deb qaror qilibdi kemacha.Shunday qilib kemacha g'izillagancha yo'lga tushibdi. Unga qushlar va baliqlar yo'l ko'rsatibdi. Oxirgi u okenga yetib boribdi.

Ertalab kemachasi yo'qolib qolganidan xabar topgan kapitan boshqa kemani boshqara boshlabdi. Dunyoda kemalar juda ko'p-da axir!

Kemacha esa delfinlar va kitlar bilan o'rtoqlashib, okeanda suzib yuraveribdi.
 
OSIYOДата: Chorshanba, 03-Avg-2011, 06:46 | Сообщение # 18
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
Asalarilar qidiruvda

Bahor kelib, oftob dala-dashtlardagi qorlarni eritib yubordi, o'tgan yili sarg'aygan o't orasidan och-yashil nafis kurtaklar nish urib chiqdi; daraxtlardagi kurtakchalar og'iz ochib, jajji-jajji yaproqchalar yoza boshladi.
Mana, asalari ham qishki uyqusidan uyg'ondi, sertuk qo'llari bilan ko'zlarini uqalab ochdi-da, dugonalarini ham uyg'otdi, keyin ular qor, muz erib ketdimikin, sovuq shamol endi tinganmikin deb, uyaning tuynuklaridan mo'ralay boshladilar.
Qarasalar, quyosh charaqlab nur sochib turibdi, hammayoq yop-yorug' va issiq, ular inlaridan chiqishib, olma daraxti tomon uchib ketishdi:
- Olmajon, biz bechora asalarilar uchun biron nimang yo'qmi? Qishdan ochiqib chiqdik.
- Yo'q, - dedi ularga olma daraxti. - Sizlar juda erta keldinglar, mening gullarim hali kurtak ichida yotibdi. Loladan so'rab ko'ringlar.
Asalarilar lolaning oldiga uchib borishdi, uning chipor g'unchasini ichiga mo'ralab qarashdi, lekin unda ham na hid, na asal bor edi.
Asalarilar ma'yus va och holicha uylariga qaytib uchib ketmoqchi edilar, buta ostidan mo'ralab turgan ko'rimsizgina to'q zangori gulga ko'zlari tushib qoldi: bu binafsha edi, u asalarilarga xushbo'y hid va shirin sharbat to'la kosasini tutdi.
Asalarilar to'yib-to'yib yeb-ichdilar-da keyin xursand bo'lishib uylariga uchib ketishdi.
 
OSIYOДата: Chorshanba, 03-Avg-2011, 07:11 | Сообщение # 19
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
Quyonchaning uychasi
ulkining uychasi - muzdan, quyonniki - daraxtning postlog'idan qurilgan ekan. Bahor kelib, kunlar iligach, tulkining uychasi erib ketibdi. Boshpanasiz qolgan tulki tunashga joy berishni so'rab quyonning oldiga bordi-yu, uning uychasini egallab olib, o'zini haydab yubordi.
Quyoncha yo'lda yig'lab borar ekan, oldidan kuchukcha chiqib qoldi:
- Vov, vov, vov! Hoy quyoncha, nega yig'layapsan?
- Qanday qilib yig'lamay? Mening daraxt po'stlog'idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so'rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o'zimni xaydab yubordi.
- Qo'y, yig'lama, quyoncha! - dedi kuchukcha.
- Boshingga tashvish tushgan bo'lsa, men senga yordam beraman.
Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Kuchukcha vovillab dedi:
- Vov,vov,vov! Hoy tulki, qani, buyoqqa chiq-chi!
Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag'dag'a qildi.
- Hozir irg'ib o'rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!
Bu dag'dag'adan qo'rqib ketgan kuchukcha juftakni rostlab qoldi.
Quyoncha yana yo'lda yig'lab borar ekan, oldidan ayiq chiqib qoldi:
- Ha, quyoncha, nima uchun yig'layapsan? - deb so'radi.
- Qanday qilib yig'lamay? - dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po'stlog'idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so'rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o'zimni haydab yubordi.
- Qo'y, yig'lama, quyoncha! - yupatdi uni ayiq. - Boshingga tashvish tushgan bo'lsa, men senga yordam beraman.
Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Ayiq bor ovozi bilan baqirdi:
- Hoy tulki, qani buyoqqa chiq!
Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag'dag'a qildi.
- Hozir irg'ib o'rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!Bu dag'dag'adan qo'rqib ketgan ayiq juftakni rostlab qoldi.
Quyoncha yo'lda avvalgidan ham qattiqroq yig'lab borar edi. Oldidan xo'roz chiqib qolibdi.
- Qu-qu-qu-qu-u-uq!- dedi qichqirib. - Hoy, quyoncha, nega yig'layapsan?
- Qanday qilib yig'lamay? - dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po'stlog'idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so'rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o'zimni haydab yubordi.
- Ketdik, - dedi xo'roz. - Boshingga tashvish tushgan bo'lsa, men senga yordam beraman.
- Yoq, xo'roz, qo'lingdan kelmaydi. Kuchukcha haydamoqchi bo'ldi - haydolmadi, ayiq haydamoqchi bo'ldi - haydolmadi. sen ham haydolmaysan.
- Men hayday olaman!
Ular birgalikda quyonchaning uychasiga kelishdi. Xo'roz etiklari bilan yerni tepib, qanotlarini qoqdi:
Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg'i o'rog'imni ko'tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Xo'rozning qichqirig'ini eshitib, tulki qo'rqib ketdi va ovoz berdi:
- Hozir etigimni kiyib olay...Xo'roz yana qichqirdi:
- Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg'i o'rog'imni ko'tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Tulki yana ovoz berdi:
- Hozir! Kiyimimni kiyib olay...
Xo'roz uchinchi marta qichqirdi:
Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg'i o'rog'imni ko'tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Tulki lip etib uychadan chiqdi-yu, o'zini o'rmonning ichiga urdi.
Shundan keyin quyoncha yana o'zining daraxt po'stlog'idan qurilgan uychasida tinch-osoyishta yashay boshlabdi.
 
ROBIYAДата: Chorshanba, 03-Avg-2011, 07:16 | Сообщение # 20
Группа: Muslima
Сообщений: 2503
Статус:
BIR BOR EKAN BIR YOQ QADIM ZAMONDA BIR BOLA BOGAN EKAN . U BIR AYIQNI TARBIYALABDI KATTA QIBDI U BILAN ULFATLARDEK BOB QOLISHIBDI AYIQ UNI HAR HIL YOVVOYI YIRTQICHLARDAN HIMOYA QILAR EKAN . EGASINI JUDA YAXSHI KORAR EKAN . KUNLARNI BIRIDA YIGIT SAFARGA CHIQMOQCHI BOBDI AYIQ MEN HAM BORAMAN SENI QORIQLAB TURAMAN DEB KETIDAN KETIBDI.. YOLDA KETAYOTIB BIR SOYALI DARAXTNI UCHRATIB UNNI OSTIDA BIROZ DAM OLAY DEB OTIRIB UHLAB QOBDI . UHLAYOTGANIDA BIR PASHSHA KELIB U BOLANI YUZIGA QONIBDI AYIQ UNI HAYDASA YANA QAYTIB KEBDI YANA HAYDABDI YANA QAYTIB KEBDI KOP MAROTABA HAYDASAYAM QAYTIB KELAVERINDI KEYIN AYIQ JUDAYAM G'AZABLANGANIDAN KATTA HARSANG TOSHNI OLIB EGASINI YUZIGA QO'NGAN PASHSHA GA OTIBDI . OSHA ZAHOTI PASHSHA HAM VA AYIQNI SEVIMLI EGASI HAM OLIBDI ......................................... QISSADAN HISSA AHMOQ DOSTDAN KORA AQLLI DUSHMAN YAXSHI

chiroylik imzo coyaman yaqinda
 
BAXORДата: Payshanba, 11-Avg-2011, 04:03 | Сообщение # 21
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 4085
Статус:
smile161


ESKI SHAHARLIK ERKATOY

Yaqin o'tgan zamonda, Eski Jo'va tomonda Erkintoy ismli bolakay yashar ekan. Ammo hamma uni Erkatoy deb chaqar, sababi, bolakay ota-onasining yakkayu-yolg'iz arzandasi bo'lib, xaddan ziyod erka ekan...

-Xoy Erkatoy, daraxt shoxlarini sindirma!

-Daraxtni shohari ko'p, bittasi sinsa kamayib qolmaydi..

-Erkatoy, suv ichganingdan so'ng vodoprovod Jo'mragini burab qo'y, suv isrof bo'lmasin!

-Suv ko'p, kamayib qolmaydi !.

- Erkatoy Jonivorlarga ozor berma!

Ex- xe… Xullas, etti maxalla bolalariga pand-nasihat qiladigan keksalarning ham Erkatoyga tishlari o'tmas ekan. Bir kuni Erkatoy odatdagidek tekkanga tegib tegmaganga kesak otib ketayotsa katta yo'l yoqasida bir chol og'ir qopini ko'tara olmay qiynalib turgan ekan.

-Xoy buva, yordam kerak emas-mi?- debdi, odatiga hech to'g'ri kelmagan muloyimlik bilan.

-Voy, baraka top bolam! Mayli, yordam berib yubor, keksalik qursin qop o'lgurni ko'tara olmayapman.-debdi chol.

Erkatoy cholning oldiga kelib, qopga ko'l cho'zibdi. Keksa odam emas-mi, xursand bo'lib o'zini chetga olishi bilan, qitmir bolakay erga o'tirib xoxolab kulib yuboribdi. Uning kutilmagan qilig'idan chol, xayron bo'libdi:

- Xa bolam, nega kulayapsan?

- Ex boboy, meni shu qopni ko'taradi deb uyladingiz-mi?

- Xa, o'zing «yordam beraymi?» deding-ku!

- Men-a, men birovga yordam beradigan bolaga o'xshayman-mi?

- Yordam berib yubora qol, bilasan-mi men kimman?

- Kimsiz? !- debdi Erkatoyning ensasi qotib.

- Men, shu Eski Jo'vaning eng mashhur sehrgari bo'laman!

- Men esa, Eski Jo'vaning eng mashhur Erkatoyi bo'laman! Kelib-kelib shu almisoqdan qolgan qopni orqalaydi deb o'ylaysiz-mi? Men o'sib turgan gullarni tomiri bilan yulishim, kichkintoylarning koptogini olib qo'yishim, qushlarga tosh otishim, kuchuklarni qiynashim, daraxtlar shoxini xoxlaganimcha sindirishim mumkin ammo birovga foydasi tegadigan ish qilmayman. Qolaversa, siz qanaqasiga sehrgar bo'lasiz, oling qopingiz o'zingizga siylov!- deya, g'oz yurish qilib choldan uzoqlashibdi.

Chol boshini sarak-sarak qilibdi-da, soqolidan bir dona yulib, allanarsalarni pichirlab Erkatoy tarafga qarab sochibdi. Chol chindan ham sehrgar ekan. Erkatoy ketayotgan Joyida daraxtga aylanib qolibdi.

Avvaliga qo'llari bargli shoharga aylanayotganini ko'rgan bola xayron bo'libdi, so'ng tanasidan ham shohar o'sib chiqayotganini ko'rib bor ovozda dodlab yuboribdi. Biroq o'zini sehrgar deb tanishtargan chol, ko'tara olmayotgan qopini dast ko'tarib elkasiga tashlabdi-da, shahdam yurib ketib qolibdi. Erkatoy har qancha yig'lasa ham hech kim uni eshitmasmish. Qaytanga o'tib ketayotgan odamlar, piyodalar yo'lagida o'sib chiqqan daraxtni ko'rib:

-Na mevalik, na manzaralik daraxt ekan. Baribir foydasi tegmaydi, odamlarning yo'lida xalaqit berib turadi xolos, kesib tashlaylik!- deyishibdi.

Erkatoy qo'rqib ketib, shoxchalari bilan gapirayotgan odamning boshini silab yalinibdi lekin u eshitmabdi.

-Ovora bo'lma, odamlar bizlarni eshitmaydi!- debdi, ariq chetida o'sgan behi.

-Nega eshitmaydi, mana men seni eshitib turibman-ku?! - debdi, Erkatoy, ko'z yoshlarini artib.

-Sen odam emas, bizga o'xshagan daraxtsanu! Odamligingda, mening va anavi qo'shnilarimning shoharini sindirganingda faryodimizni eshitarmiding?

-Yo'q!- debdi Erkatoy,- Sizlar ham mendaka yig'larmidilaring?

-Bo'lmasam-chi! Ana ishonmasang qolgan daraxtlardan so'ra !

-To'g'ri!

-To'g'ri!-chug'urlashib ketibdi boshqalar ham.

-Mening tanamni mix bilan o'yib «Erkatoy» deb yozayotganingda senga qancha yolborgan edim, parvoying falak edi-ku, endi Joning ko'zing-ga shirin ko'rinib qolibdi-da!- debdi baland mirza terak.

Shu vaqt o'tib ketayotgan sho'x bir bolakay, qo'lini cho'zib Erkatoyning shoxidan qars etib sindiribdi. Ko'zlaridan o't chaqnab, dodlab yuborgan Erkatoy birinchi marotaba o'zi ozor bergan daraxtlardan kechirim so'rabdi.

Kechiringlar, sizlarning qanday azob chekkaningizni bilmagan ekanman. Boshqa hech qachon xafa kilmayman!

-Tavbangga tayanganingni ko'rib turibmiz, biroq endi kech-da! Biz xoxlasak ham seni qayta odamga aylantira olmaymiz. Sen yaxshisi xov anavi ko'ppakdan iltimos qilib ko'r, o'sha sehrgar cholni topib kelishi mumkin!

Ajjabo, daraxtlar tilini odamlar tushunmasa ham, Jonivorlar Juda yaxshi anglashar ekan, ammo Erkatoyni tanigach, Turtko'z laqablik kuchuk ham uning iltimosini rad etibdi:

-Yodingda yo'q-mi, menga tosh otib qiynaganlaring. Kuching faqat kichkinalarga etar edi. Otimni bilib olib, siniq kuzoynakni ko'zlarimga tirab mazax qilganlaring-chi…Ey yo'q, og'ayni mana endi o'rningni topibsan, hech kimni qiynamaysan!- deb, dumini viqor bilan ko'tarib ketayotgan itdan Erkatoy kechirim so'rabdi.To'rtko'z qarasa bolakay Juda samimiy gapirayotgan edi.


 
BAXORДата: Payshanba, 11-Avg-2011, 04:08 | Сообщение # 22
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 4085
Статус:
davomi

-Erkatoy, astoydil pushaymonliging ko'rinib turibdi ammo men bir narsa qilishga oJizman. Sehrgar buva xozir Eski Jo'vada emaslar, olis yurtlarga sehrgarlar anJumaniga ketganlar. Sen yaxshisi, qushchalardan iltimos qil, ular uchib borib tavbalaringni etkazishadi.

Ammo ming afsuslar bo'lsinki, Erkatoyning cho'zmasidan otilgan toshlardan bir qancha karindoshlari xalok bo'lgan qushchalar uni eshitgilari ham kelmabdi.

sha kecha Erkatoy, ko'chada qolib ketibdi. Uyda xavotirlanib bolasini qidirib yurgan ota-onasini o'ylab bir azoblansa, Jon-Jonidan o'tib ketgan kuz sovug'idan ertalabgacha titrab chiqibdi.

-Xa Erkatoy, mudramay titrab chiqding-a?!- debdi g'uJ-g'uJ mevali shoxlari bilan kerishib olgan bexi.

- Xa, birinchi marotaba ko'chada qolishim. Sizlar o'rganib ketgan ekansizlar.

- Xa, biz sovuq qotmaymiz. Senday to'palonchilar azob bermasa bo'ldi, sovuqlardan ona tabiatning o'zi himoya qiladi.

- Xa, biringiz mevali, biringiz xunarmandlarga kerakli, biringiz manzarali ekansizlar shuning uchun tabiat ham sizlarni sevsa kerak. Yolg'iz men, kechagi amaki aytganiday hech qanday xususiyatga ega emasman. Qolaversa yo'l o'rtasida hammaga halaqit berib turibman. Ex, bugun kesib tashlashsa kerak. Bir shoxchamni sindirishganiga qancha faryod chekdim, tanamga bolta urishsa ming azoblar bilan Jon bersam kerak.

- Erkatoy, kel oxirgi umid - xov anavi qo'hna masJidning baland minorasidan iltimos qilib ko'raylik, zora senga yordam berib yuborsa. Har qalay, aqling kirganida, bekorga nobud bo'lib ketma deyman-da!- debdi behi. Qolgan daraxtlar ham uning gapini maqullashib, baland minoraga muroJaat qilishibdi. Minora boshidagi sallasini tug'irlab, daraxtlarni tinglagach, Erkatoyga yuzlanibdi;

- Pushaymonman, degin?

- Xa Minora buva, Judayam pushaymonman. Agar sehrdan xalos bo'lib, avvalgi xolatimga qaytganimda hech qachon noJo'ya ishlar qilib, birovlarni dilini ranJitmas edim. Yordamimga muhtoJlardan ko'magimni ayamas edim.

Qo'hna minora uni gaplarini tinglagach:

-ErkinJon,- debdi sal egilib,- Mayli, sehrdan seni xalos kilaman!

-Siz!-debdi Erkatoy hayron bo'lib,- Axir meni bir chol sehrlab qo'ygan-ku, Eski Jo'valik mashhur sehrgarman dedi!

Shunda baland minora, daraxtlarga qarab ko'z qisib, turgan Joyida kechagi qopni dast orqalab ketgan cholga aylanibdi. Balandligini xisobga olmasa, uning o'zi ekan.

- Pushaymonliging, astoydil afsusdaligingni o'zim ham ko'rib turdim. Umuman olganda esa, bu balandlikda menga Eski shaharlik barcha bolakaylarning yaxshi-yomon xulqlari kaftday ko'rinib turadi. Meni bekorga mashhur sehrgar deyishmaydi, kamina qanchadan-qancha senga o'xshagan erkatoy va tupolonchilarni, dangasa va gap uqmaslarni qayta tarbiyaladim, sanasam sanog'iga eta olmayman. Axir, necha asrdan buyon shu erdaman.

- Men bilmagan ekanman! Sizni oddiy minora deb o'ylar edim.

- Mana endi bilib olding, aqling kirgani rost bo'lsin! Ammo yodingda tut, eski odatlaring takrorlansa, endi kechirib o'tirmayman. Yigirma, o'ttiz, ellik yildan buyon daraxt, tosh va boshqa xolatda qolib ketgan beodoblar Juda ko'p!

- Yo'q-yo'q, Minora buva! Boshqa kaytarilmaydi, menga ishoning!- debdi Erkatoy.

Eski Jo'valik mashhur sehrgar yana bir dona soqolidan uzib, allanarsalar deb pichirlabdi. Yo'lak o'rtasida qaqqayib paydo bo'lib qolgan daraxt, yana odamga-Erkatoyga, yo'g'-ey ErkinJonga aylanibdi.

Bu voqeadan so'ng avvalgi erkatoydan asar ham qolmabdi. Boshqalarni qo'ya turing, ota-onasi ham xayron emish. U yo'qolib qolgan tun Erkatoyni qidirib miJJa qoqmagan bo'lsalar ham, tobora odobli bolaga aylanayotgan o'g'illaridan xursand bo'lishibdi. ErkinJon har tong azonda ko'hna minoraga qarab:

- Assalomu alaykum sehrgar buva!- deya salom berarmish.

Minora ovoz chiqarib alik olmasada, bir oz egilib qo'yar, buni faqat sehrli ovoz sohibi bo'lgan muazzingina sezar ekan.


 
DURDONДата: Chorshanba, 17-Avg-2011, 04:55 | Сообщение # 23
SUPER ADMINKA
Группа: Admin yordamchisi
Сообщений: 10149
Статус:

Ўнг қўлинг берганини чап қўлинг билмасин!
Тилга кирган телевизор

Жуда яқин замонда, Тошкент ё Андижонда хонадонларнинг бирида ақлли бир телевизор яшаган экан. У эгаларининг истагини сўзсиз тушунар, дўсти Пультиквой билан халол меҳнат қилиб умргузаронлик қилишар экан.
Нима бўлибди-ю ажойиб баҳор кунларининг бирида кўрсатиб турган телевизор куйиб қолибди. Хонадон соҳиблари ҳайрон эмиш, “Ҳеч нарса бўлгани йўқ-ку, нега куйиб қолади?” Оиланинг бош фарзанди техникадан бир оз хабардор бўлгани учун телевизорнинг у ёқ бу ёғини очиб кўриб, шубҳали нарса топа олмай боши қотибди. Хонадон энг яқин дўстидан айрилгандай чуқур қайғуга тушибди.
Кичкинтойлар севимли мульфильмларини кўра олмаётганидан, катталар эса севимли сериаллари ўтиб кетганидан хафа эдилар. Чақирилган бир нечта усталар телевизорнинг ичак-чавағини ағдариб ҳам тузатиб бера олмабдилар. Елка қисиб “Телевизорингизни касалини топа олмадим” дан нарига ўта олмай қайтиб кетишар экан. Ахийри улардан бири хонадон катталарига дебди:
- Нега ишламаётганига хайронман, икки соат уриниб тузата олмадим. Сизга бир маслаҳатим, фалон маҳаллада телевизорларнинг тилини биладиган уста яшайди деб эшитганман. Агар ўша киши бунинг дардига малҳам топа олмаса янгисини олишдан бошқа чорангиз қолмайди!
Устани бошлаб келишибди. У дарҳақиқат ўз ишининг устаси экан:
- Мени телевизор билан холи қолдиринглар, у билан гаплашиб олишим керак,- дебди.
Иккаласи ёлғиз қолишгач, уста телевизордан сўрабди:
- Бир қур кўздан кечириб чиқдим, ускуналаринг бинойидек, лекин ишламаяпсан. Нима бўлди?
- Эх устажон,- дея тилга кирибди телевизор,- дардимга ҳеч ким хатто сиз ҳам малҳам бўла олмайсиз!
- Нега ундай дейсан? Бир бошдан гапириб бергин, хонадон соҳибларидан бирортаси сени хафа қилиб қўйдими?
- Йўқ,- дебди телевизор,- бу оиладагилар мени асло ранжитишмайди. Менинг қалбимга мутлақо бошқа инсонлар озор беришди. Майли, сизга айтиб бера қолай.
...Байрам арафаси эди. Бир куни оқшом кўрсатувларнинг бирида аллақайси бир корхона раҳбарининг тадбиркорлиги, ишбилармонлиги, чет эллардаги ҳамкорлар билан алоқалар ўрнатиб, халқ манфаати учун ажойиб ишлар қилаётгани ҳақида жуда чиройли лавҳалар намойиш этишди. Фахрланиб кетдим, нега десангиз мени томоша қилиб ўтирган кичик томошабинларимнинг кўзларида нур порлаб:
- Биз ҳам зўр ўқиб, келажакда ана шундай тадбиркор бўламиз. Маҳалламиздаги инсонлар учун иш ўринлари яратиб, дуоларини оламиз! - дейишди.
“Тўғрида, агар элда иш биладиган, ақлли инсонлар қанча кўп бўлса юрт фаровон, дастурхонлар тўкин бўлади. Мен эса гўзал юрт манзараларини жон деб кўрсатаман. Қурилаётган янги бинолар, замонавий мактаб ва коллежлар, барпо этилаётган боғ-роғлар инсон меҳнатининг, ақл- заковатининг маҳсули эканидан хурсанд бўламан. Оқ- қора кўрсатган ота-боболаримнинг тушига ҳам кирмаган замонда яшаётганимдан хурсандман! "Кичик томошабинларимни кўпроқ яхши одамлар билан таништириб турсам, улар ибрат олади" деган ўйлар билан кўрсатувнинг қолганини жон деб намоиш этаётган эдим. Бироқ, кўрсатув мени ранжитадиган лавҳалар билан якунланди.
- Нега ундай деяпсан, тушунтириброқ гапир?!- деди уста ҳайрон бўлиб,- нима ўша тадбиркор қазо қилиб қолибди-ми?
- Йўқ, у ўлмаган аммо....Хуллас кўрсатувнинг давомида ишбилармоннинг байрамз арафасидаги савоб ишлари ҳақида гап кетди.
У киши “ Ҳар бир мулкдор саҳоватли бўлиб бева-бечораларга мурувват кўрсатиши лозимлиги ҳақида гапирди. Томошабиннинг диққатини ўз маҳалласида қилаётган эзгу ишларига жалб этди. Лавҳаларнинг бирида карнай- сурнай наволари остида терилиб турган ўн нафар етим болалар ўз суннат тўйларини нишонлаётган бўлсалар, яна бирида уйи таъмирланиб берилган бир отахон уни дуо қилаётган эди. Учинчи бир лавҳада эса, оила бошлиғи ногирон, ночор бир оилага мебеллар тўплами совға қилингани кўрсатила бошлади. Уйига янги мебел келганидаан қувонган келин, бой ва мурувватли маҳалладошини кўзида ёш билан дуо қилди.
- Зўр-ку!- деди уста,- бунинг нимаси сени ранжитди. Ўзига тўқ бир инсон бошқаларга ёрдам қўлини чўзгани қандай яхши!
- Яхшиликка яхши! Аввал мен ҳам шундай деб ўйлар эдим. Қўли калта бир оила, инсонпарвар тадбиркорнинг ёрдами билан иқтисодий аҳволини ўнглаб олишидан қувониб, шундай лавҳаларни чин қалбимдан намоиш эта бошладим. Аммо ногаҳон мебел тўплами совға қилинган ногирон оила бошлиғининг кўзларига тикилдим. У аёли каби қувонмас, атрофида йиғилиб турган одамларга қараб синиқ жилмайиб ўтирар эди. Шунда мўжиза рўй бериб, унинг хаёлларини ўқий бошладим.
“Ногиронлик аравачасида ўтирганим билан, бугунга қадар ўзимни ҳеч қачон бунчалик нотавон сезмаган эдим. Уйимиз ва ундаги жиҳозлар эски бўлгани билан ўзимники эди. Биров аҳволимни сўраб келганида, ўтказгани тузукроқ жой топа олмасам ҳам, охори тўкилган кўрпачадаги меҳмоним билан мазза қилиб суҳбатлашар эдим... Кеча оқшом шу бой одамнинг олиб келган жиҳозларидан кўзим қувнади. Болаларим ҳам энди янги стол-стулда ўтириб дарс тайёрлайдилар, юмшоқ ётоқларда ухлайдилар дея уни астойдил дуо қилдим аммо кейин...Мен саҳоватгўй инсон ҳадяларини оқшомда ҳеч кимга билдирмай, қўни-қўшни олдида ҳижолатга қўймай ташлаб кетди деб бекор қувонган эканман. Мана бу томоша нимага? Қўлида камера кўтарган муҳбирлар, катта- кичик томошабинлар оиламга қилинган эҳсонни қайта-қайта томоша қилиб, тасвирга олишяпти. Ночорлигимга, шу нарсаларни болаларимга ўз меҳнатим билан олиб бера олмаганимга маҳалладошларим олдида ер чизиб, бир бурдагина бўлиб қолдим.
Телевизоржон шуни сен орқали элга ноғора қилинди, мана ҳволимга бир қара! Ногиронда ҳам уят ва энг муҳими ҳамият борлигини ишбилармон қўшним унутиб қўйган бўлса? Унутган кўринади, бўлмаса элга ёймай, мени мулзам қилмасдан берар эди атаганларини! Болаларим ҳали гўдак лекин катта бўлгач эл орасида қандай бош кўтариб юришади. Ёнида кулиб турган ўртоғи кун келиб “катта бўлган каравотинг ҳам дадамнинг пулига келган” деса, ўғлим уялиб қолмайдими? Томошаталабларни бошлаб келишга отаси уялмади, юзга солгани боласи уяларми-ди?
Ногирон одамнинг ичидан вулқондек тошиб келаётган йиғи, атрофдагиларга синиқ табассум ва ишбилармонга “дуо”га айланаётганини кўриб портлаб кетсам керак деб ўйладим! Портламадим-у, куйиб қолдим устажон. Балки, лавҳаларни томоша қилаётган кичик томошабинларим асло ўша тадбиркорга ўхшашларини истамагандирман?! Минглаб томошабинларнинг ярми болалар бўлса, шундай калтабин инсонлардан ўрнак олишса, эртага қанча ногироннинг, етимнинг, бечораҳолнинг юраги тирналади деган ўй кечди ҳаёлимдан. Мени тузатасиз устажон аммо яна шундай лавҳалар бериладиган бўлса ёниб кетмаслигимга кафолат йўқ!
Телевизор қараса уста елкалари силкиниб йиғлаётган экан.
Ҳа, биродар “Ўнг қўлинг берганини чап қўлинг билмасин” деган ҳикмат бекорга айтилмаган...
Телевизорнинг тилини топган устанинг кўзлари жиққа ёшлигини кўриб, хонадон аҳли хайрон қолди, у хизматига хақ ҳам олмади...




 
OSIYOДата: Juma, 19-Avg-2011, 15:22 | Сообщение # 24
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
Susambil


Bor ekan-u yo'q ekan, och ekan-u to'q ekan, bo'ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qarg'a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, o'rdak surnaychi ekan, g'oz karnaychi ekan.
O'tgan zamonda bir boy bor ekan. Uning eshagi va bir ho'kizi bor ekan. Uning yeri ko'p ekan, qarol-qo'shchilariga ekin ektirib kun o'tkazar ekan. Xo'jayinning o'g'illari ko'pincha eshakni minib yurar ekanlar. Xo'jayin eshakka yarasha egar-to'qim qildirib bergan ekan. To'qimi gajimli, juda ham kelishgan ekan. Shunday qilib, bu eshakni xo'jayin ham, xo'jayinning bolalari ham yaxshi ko'rib, suv o'rniga sharbat, o't o'rniga qora mayiz berib boqisharkan. Xayr, eshak suv o'rniga sharbat, o't o'rniga qora mayiz yeb maza qilaversin, endi gapni ho'kizdan eshiting.
Xo'jayin ho'kizni ertadan kechgacha qo'shga qo'shar ekan. Ho'kiz kechqurun qorni ochib, charchab qaytib kelsa, uning oldiga bir bog' quruq poyani tashlab qo'yar ekan. Ho'kiz bechora har kuni bir bog' quruq poyaga yo'liqib, qorni ochib, qoni qochib, rangi to'zib, ko'p qiynalibdi. Bir kun ishdan kelib, poyani yegisi kelmay atrofga qarasa, boyagi eshak suv o'rniga sharbat, o't o'rniga qora mayiz yeb, maza qilib yotibdi. Shunda ho'kiz uning ovqatidan yegisi kelib, eshakdan:
— Hoy o'rtoq, men ko'p och qoldim, rahming kelmaydimi? Kel, menga ham ovqatingdan ber, — debdi.
Shunda eshakning rahmi kelib, ovqatidan beribdi. Eshakning oldida har doim ovqat ortib yotar ekan. Xo'jayin erta bilan chiqib ko'rsaki, eshakning oldida ovqati qolmabdi. «E, eshagimning ishtahasi endi ochilibdi», — deb ko'p-ko'p ovqat soladigan bo'libdi.
Bir kuni xo'jayin chiqib qarasa, eshakning ovqatini hadeb ho'kiz kelib yeyayotgan emish.
— Iye, hali sening qorning to'yib, dimog'ing ko'tarilib qolibdi-ku, — deb ertasi kuni ho'kizni eshakning o'rniga qo'yib, eshakni oborib ho'kizning o'rniga qo'shga qo'shibdi.
Eshak sho'rlik umrida qo'shga qo'shilmagan ekan, omochni tortishga ko'p qiynalibdi. Oxiri taqdirga tan berib, qo'shda yurishga ham ko'nikib qolibdi. Kechgacha qo'shda yurib charchab, qorni ochib uyga borsa, avvalgi ovqatlar yo'q, sharbat o'rniga bir paqir suv, mayiz o'rniga bir bog' poya. Eshak bechora nochor yeyishga tushibdi.
Xayr, shunday qilib, xo'jayin eshakni kuzgacha toza ham qo'shga qo'shibdi. Kuz bo'lganda esa unga yuk ortib, uzoq-uzoq yerlarga boradigan bo'libdi.

 
OSIYOДата: Juma, 19-Avg-2011, 15:23 | Сообщение # 25
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
davomi

Bir kuni xo'jayin eshakni minib bozorga boribdi. Bozordan bir qop tuz sotib olibdi. Tuzni eshakka ortib, ustiga o'zi minib, yo'lda ketayotsa, birdan havo aynib, yomg'ir yog'a boshlabdi. Hash-pash deguncha darrov yo'llar loy bo'lib ketibdi. Eshak bechora ustida tuz, uning ustiga xo'jayin mingan, uni ustiga yuklar yomg'irda vazminlashgan, yomg'irdan junlari ivib, yo'lda arang yurib kelar ekan. Noinsof xo'jayin loaqal eshakning oyog'idagi taqasini ham yangilatib qo'ymagan ekan. Taqasi siyqalanib qolgani uchun eshak loyda toyilib, turtinib borar ekan. Ustidagi og'ir yuki bosib, darmoni qurib, buning ustiga xo'jayin:
— Tez-tez yurmaysanmi? — deb qo'lidagi xalacho'pi bilan bo'yniga niqtabdi, «xix-xix» deb, ikki oyog'i bilan qorniga tepibdi. Eshak shu azob bilan borayotib yo'lda bir buzuq ko'prikka kelib qolibdi. Bechora eshak toyilib-toyilib ko'prikning ustiga chiqqanida oyog'i toyib, ko'prikning teshigiga kirib qolibdi, ustidan xo'jayin chalqanchasiga ag'anab ketibdi. Shunda xo'jayinning qahri kelib, chayonday zahri kelib, ko'prikning tagidan bir so'yilni tortib olib, o'lganning ustiga tepgan deganday: «Meni ag'anatadigan senmisan», — deb bechora eshakni toza uribdi. Eshakning oyog'ini qisgan, o'zini yuk bosgan, buning ustiga kaltakning achchig'i. Eshak bo'ynini yerga solib, boshini loyga qo'yib, ko'zidan yoshini oqizib yotib qolibdi. Shunda uch-to'rt yo'lovchi yetib kelibdi.
Eshakning ahvolini ko'rib, yo'lovchilarning rahmi kelibdi. Bitta yo'lovchi:
— Hoy, noinsof. Eshakning ahvoliga qarasang-chi, uni urib nima qilasan? Ustidagi yukini ol, bo'lmasa o'lib qoladi, — debdi.
Keyin yo'lovchilar kelib, biri yukning ustidagi arg'amchini qirqibdi, biri tuzni ag'anatibdi, biri eshakning belidan ko'tarib, yana biri dumidan ushlab, ko'prikdan chiqarib olibdi. Shundan keyin xo'jayin tuzni ortib yana yo'lga tushibdi. Eshak bechora shuncha azob bilan qorni ochib uyga zo'rg'a yetib boribdi. Borgandan keyin uydagilar: «Xo'jayin yomg'irda ivib kelibdilar, ko'p azoblanibdilar», — deb uni qo'llab-quvvatlab, issiq uyga olib kirib ketishibdi. Eshakni esa ochiq havoga bog'lab qo'yishibdi. Xo'jayin o'choqqa qo'llarini toblab, isinib, yog'li palovni yeb maza qilibdi. Eshakka bo'lsa, «boyagi-boyagi, boyxo'janing tayog'i» deganday bir bog' quruq poyani tashlashibdi.
Eshakning juda xo'rligi kelib, shu ahvolda yuraverishga rozi bo'lgisi kelmabdi. «Endi nima qilsam bo'lar ekan? — deb o'ylabdi. — Men shu xo'jayinning qo'lida tokay ezilaman, axir, xo'jayinnikidan chiqib ketsam, ochdan o'lamanmi? Kel-e, shu yerdan boshimni olib ketayin!» — debdi.
 
OSIYOДата: Juma, 19-Avg-2011, 15:24 | Сообщение # 26
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
davomi

«Endi qayoqqa borsam ekan?» — deb o'ylabdi.
Eshak yoshligida onasidan: «Susambil degan mamlakat bor ekan, u joyda o'tning bo'lig'i, suvning tinig'i mo'l ekan. Unda birov bilan birovning ishi ham yo'q, azob-uqubat ham yo'q, ovqat mo'l, qorning doim to'yib yuradi», — degan gapni eshitgan ekan. Onasi bechora ko'p orzu qilsa ham, Susambilga borolmay o'lib ketgan ekan. Eshak o'ylab-o'ylab shu Susambilni topmoqchi bo'libdi. O'rnidan turib, chiranib tortib, boshvog'ini uzib, osmonga qarab bir hangrab olibdi. Keyin xo'jayinning tashqi hovlisi bilan xayrlashib, yo'lga tushibdi.
Bir odamning bir kam qirqta tovug'i, bitta xo'rozi bor ekan. Makiyonlar har kuni bir kam qirqta tuxum qilib berar ekanlar. Biroq egasi juda xasis odam ekan. Tovuqlarga loaqal uch kunda bir marta ham don sochib qo'ymas ekan. Tovuqlar hovlida xashaklarni va go'nglarni titib, shundan ovqat topib, qorin to'yg'azar ekanlar.
Bir kuni tovuqlar qo'shnisining hovlisida donlab yurganda uning xotini uy obrezida oqshoq yuvib, qozonga solibdi. Obrezning chetida to'rt-beshta oqshoq to'kilib qolibdi. Buni xo'roz ko'rgan ekan, sekin kirib, haligi donlarni yeya boshlabdi. Shunda qo'shnisining xotini ko'rib, «kisht-kisht, qirilgurlar, kisht», deb otashkurakni otib yuboribdi. Otashkurak xo'rozga tegib, uni bir necha marotaba yumalatib yuboribdi. Otashkurakning zarbidan xo'roz ko'p alam tortib, bir chekkaga borib yig'labdi. Xo'rligi kelib: «Xo'jayin har kuni bir kam qirqta tuxum olsa, loaqal, bitta tuxumning puliga don olib sochmasa; uning eshigi yoniga borsak, o'zi ham, xotini ham «kisht-kisht» deb haydasa, boz ustiga qo'shnilaridan ham kaltak yesang! Menga nima azob! Kel, shu yerda yurgandan ko'ra dalalarga chiqib ketib, o'sha yerda o'zimcha tirikchilik qilsam, nima bo'ladi?» — debdi. O'rnidan turibdi va «qu-qu-qu» deb qichqiribdi. Keyin «pir» etib devorga qo'nibdi, undan uchib ko'chaga tushibdi-yu, dalaga qarab ketaveribdi.
Xo'roz dala yo'lida borayotgan ekan, uch ko'chaning boshiga borib qolibdi. Uch ko'chaning biridan boyagi eshak, ikkinchisidan xo'roz chiqib kelibdi. Xo'roz eshakka qarab:
— Assalomu alaykum, eshakvoy! — debdi. Eshak:
— Vaalaykum assalom, xo'rozvoy, — debdi. Xo'roz:
— Sizga yo'l bo'lsin? — deb eshakdan so'rabdi. Eshak:
— Susambilga,— debdi. Xo'roz:
— Susambil qanday joy? — debdi. Eshak:
— Susambil — o'tning bo'lig'i, suvning tinig'i, unda azob-uqubat yo'q, maza qilib yurasan, — debdi.
Xo'roz:
— Men ham borsam bo'ladimi? — deb so'rabdi. Eshak:
— Xayr, bitta edim, sen bilan ikkita bo'lamiz, yuraver! — debdi. Ikkovi boshidan o'tganlarini bir-biriga gapirib ketaveribdi.
Endi boyagi ho'kizga kelaylik. Xo'jayini uni ho'kizlar bilan urishtirib yurar ekan. Ho'kiz juda urishqoq bo'lib, hamma joyda dong'i ketgan ekan. Bir kuni ho'kiz urishtirish bo'lib qolibdi. Shunda bu ho'kiz yetti-sakkiz ho'kizni qochiribdi. Endi bitta juda urishqoq ho'kiz qolibdi. Xo'jayin ho'kizini bu ho'kiz bilan ertasiga urishtirmoqchi bo'libdi. Tongda xo'jayin:
— Endi ho'kizni urishtirishga boraman. Shoxini yog'lab qo'yay! — deb molxonaga chiqsa, ho'kizning ikki ko'zi yumuq, hadeb uxlayabti. Tushida katta bir yig'in emish. Ho'kizni xo'jayini yig'inga olib kirsa, haligi ho'kiz buni yig'indan quvib chiqarish uchun hamla qilib, yugurib qolibdi. Shunda buning achchig'i chiqib, kelayotgan ho'kizga hujum qilib uni bir suzibdi. Shunda ho'kiz shoxini yog'layotgan xo'jayinni suzib yuboribdi. Xo'jayinning yog' kosasi bir tarafga, o'zi ikkinchi tarafga uchib tushibdi.
 
OSIYOДата: Juma, 19-Avg-2011, 15:26 | Сообщение # 27
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
davomi

Xo'jayin hushidan ketibdi, hushiga kelgandan so'ng:
— Hali meni suzadigan senmisan?! — deb ho'kizni chunon uribdiki, qavarib chiqmagan joyi qolmabdi. Shunda ho'kiz yotib yig'labdi, xo'rligi kelibdi: «Men xo'jayinga shuncha ishlarni qilib, qancha ho'kizlar bilan urishib, ularni yengib, pul yutib bersam, u esa shugina hazilimni ko'tarmay meni o'larcha ursa, bu menga qanday xo'rlik?!» — debdi va: «Kel-e, men tokay xo'rlik tortaman, shu xo'jayinnikidan ketsam, nima bo'lar edi, ketaman!»— deb o'rnidan turibdi, bir chiranib boshvoqni uzib, yo'lga tushibdi, yurib-yurib bir joyga borsa, boyagi eshak ko'rinibdi. Shunda ho'kiz eshakni chaqirib, orqasidan yuguribdi. Orqasiga qarasa, uzoqdan bir ho'kiz uni to'xtovsiz chaqirib kelyapti.
Eshak to'xtab turibdi, ho'kiz yetib kelibdi. Qarasa, o'zining sherigi ekan. Eshak:
— Ha, ho'kizvoy, nima qilib yuribsan? — debdi. Ho'kiz aytibdi:
— Sendan keyin xo'jayin meni ham toza azobladi. Men ham «bor-e» deb kelaverdim. Sen qayoqqa ketyapsan?
Eshak:
— Men Susambilga ketyapman, — debdi. Ho'kiz:
— Susambil qanday joy? — debdi. Eshak aytibdi:
— Susambil o'tning bo'lig'i, suvning tinig'i, unda azob-uqubat yo'q, maza qilib yurasan!
Ho'kiz:
— Bo'lmasa men ham borsam bo'ladimi? — debdi. Eshak:
— Kelganing yaxshi bo'libdi. Ikkita edik, uchta bo'ldik. Yuraver! — debdi.
Ho'kiz, eshak, xo'roz uchovi boshidan o'tganlarini bir-biriga gapirishib, hasratlashib ketaverishibdi. Necha kun yo'l yurib, cho'l-u biyobonga yetishibdi.
Cho'lda hech kim yo'q ekan. Bir joyda ikkita kalamush turar ekan. Cho'lda oziq-ovqat kamligidan, ozgina ovqat topish uchun ko'p joylarga borib, ko'p yerlarni qazir ekanlar. Shunda qorin to'yar-to'ymas ozgina ovqat topishar ekan. Bora-bora cho'lda ovqat topilmay qolibdi. Bir kuni ikkala kalamush yeydigan ovqati yo'q, qorni ochiqib, endi nima qilamiz deb, uyasining og'ziga chiqib shumshayib o'tirishganda, uzoqdan haligi eshak, ho'kiz va xo'rozlar ko'rinishibdi.
Biri aytibdi:
— Shu ko'ringanlar yo'lovchi bo'ladi. Yur, ulardan ovqat olaylik. Zora rahmi kelib, biror narsa tashlab ketishsa, — debdi.
Ikkalasi yo'lning ustiga chiqib turibdi. Ko'ringan hayvonlar ham yetib kelishibdi. Shunda kalamush ulardan ovqat tilabdi. Eshak turib:
— Ey birodarlar, biz ham sizlarga o'xshash och qolganlardanmiz. Agar ovqat kerak bo'lsa, biz bilan birga yuraveringlar, — debdi.
Kalamush eshakdan:
— Qayerga ketyapsizlar? — deb so'rabdi. Eshak:
— Biz Susambilga ketyapmiz, — debdi.
— Susambil qanday joy? — deb so'rabdi kalamush.
— Susambilni aslo so'rama! Susambil o'tning bo'lig'i, suvning tinig'i, unda azob-uqubat yo'q, maza qilib yurasan! — debdi eshak.
— Bo'lmasa biz ham boraylik, — deyishibdi kalamushlar.
— Uchta edik, beshta bo'ldik, yuraveringlar, — debdi eshak. Mana endi bular beshovi boshlaridan o'tgan sarguzashtlarini bir-biriga gapirishib, Susambilga ketaveribdilar.
O'sha cho'lda bir gala ari bor ekan. Ular ham ovqat yo'qligidan och qolib, nima qilishini bilmay, osmonda g'o'ng'illab uchib ketayotgan ekanlar, birdan haligi Susambilga ketayotgan besh jonivorga yo'liqibdilar.
 
OSIYOДата: Juma, 19-Avg-2011, 15:27 | Сообщение # 28
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
davomi

Arilar bularni ko'rib: «Uh, mana ovqatning konidan chiqdik, keragini olib qol!» — deb chaqqani kirishibdi.
Shunda eshak aytibdiki:
— Ey ukalar, sizlar ham bizga o'xshab och qolib qiynalganga o'xshaysizlar. Bizning tanamizda shira qolgani yo'q. So'rganlaring bilan hech narsa chiqmaydi. Shiramizni xo'jayinlarimiz so'rib olgan. Agar ovqat kerak bo'lsa, biz bilan yuraveringlar! — debdi.
Shunda arilar bularning ahvolini ko'rib, bular ham bizga o'xshagan och qolganlardan ekan, deb qayoqqa ketishayotganini so'rabdi.
— Biz Susambilga ketyapmiz, — deyishibdi.
— Susambil qanday joy? — deb so'rabdi arilar.
— Susambil o'tning bo'lig'i, suvning tinig'i, unda azob-uqubat yo'q, maza qilib yurasiz, — deyishibdi.
— Bo'lmasa biz ham boraylik, — debdi arilar.
— Mayli, beshta edik, ko'p bo'ldik, — debdilar.
Shunda bular hammasi: «Susambil, qaydasan?» deb boshidan o'tganlarini gaplashib, hasratlashib ketaveribdilar. Yo'lda ketayotib: «Qachon Susambilga yetamiz?» deb, yuraklari jig'illab, goho-goho eshakdan: «Yana bir gapirib bering. Susambil qanday joy o'zi?!» deb so'rashar ekan. Eshak ham Susambilni maqtab, ularning ko'nglini ko'tarar ekan.
Bular:
— Susambilga borsak, unday qilamiz, bunday qilamiz! — deb o'zlaricha shirin-shirin xayollar surib borishar ekan.
Bular yo'l yuribdi, yo'l yursa ham mo'l yuribdi. Oxiri dimog'lariga Susambilning xushbo'y shabadasi urilibdi. Susambilga ham yetib kelishibdi.
Susambil juda ham keng, bepoyon bir joy ekan. Havosi juda toza, narigi yoqda ulkan tog' bo'lib, uning shabadasi doim g'irillab kelib turar ekan. Yerda ko'm-ko'k maysalar, bedalar yashnab yotibdi. Bir yoqda bug'doy, arpalar; bir yoqda qovun-tarvuzlar, bir taraf keta-ketguncha bog': unda uzum, anjir, o'rik, shaftoli va turli-tuman mevalar g'arq pishgan. Ariqlarda oppoq sutday suvlar sharqiraydi. Borganlarning bag'riga shamol tegibdi.
Shunda bu bechoralar juda ham xursand bo'lib ketishibdi. Xursandlikdan ba'zilari yig'lab olishibdi. Ular ko'p och qolishgan ekan. Har qaysisi istagan ovqatini yeb, qornini to'yg'azib, vaqtlarini xushlashib, so'ngra salqin bir joyga kelib dam olishibdi. Yo'l azobi — go'r azobi, deganday, ko'p charchab qolishgan ekan, shu salqin joyda yotib uzoqqina uxlashibdi.
Uyqudan turib qo'1-betlarini yuvib, yana xohlagan ovqatlarini yebdilar. Shu bilan bular Susambilga kelib ko'p rohatlanib qolishibdi.
Susambilning bir tomoni baland tog' bo'lib, unda kiyik deysizmi, ishqilib ko'p jonivorlar yashar ekan. Tog'ning bir joyida esa bir to'da bo'ri turar ekan. Bir kuni bo'rilarning podshosi ularni to'plab, bazm qilib, ichkilik ichib, kabob qilib yeb o'tirgan ekan. Shunda bo'rilarning podshosi uzoqdan haligi eshak bilan ho'kizni ko'rib qolibdi:
— Uh, bizga barra kabob topildi, huv ana, o'tlab yuribdi. Uch-to'rtta bo'lib borib shularni olib kelinglar, kabob qilib yeymiz, — debdi.
Bo'rilarning ichida bitta hovliqmasi bor ekan, u turib aytibdi:
— Shugina narsaga uch-to'rt kishining nima keragi bor? Bitta o'zim borib olib kelaman! — debdi.
Bo'rilarning ichida yana bitta hovliqmasi bor ekan. Haligi bo'rining gapini eshitib, shartta o'rnidan turib:
 
OSIYOДата: Juma, 19-Avg-2011, 15:27 | Сообщение # 29
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
davomi

— Hov, nima deyapsan o'zing? Men turganda sen qayoqqa borasan? O'tir joyingda! Men o'zim borib olib kelaman! — debdi.
Bunga u bo'rining achchig'i kelibdi:
— Meni pisand qilmayapsan, sendan nima kamligim bor?! — deb bir-ikki daf qilibdi. Shu yerda ikkovi olishib ketibdi.
Shunda bo'rilarning podshosi turib:
— Hoy muttahamlar, urishmanglar! Bor, ikkoving borib olib kel! — debdi. Shu bilan ikkovi chopqillashib ketishibdi. Bular ketayotganlarida bizning susambilliklarimiz o'tlab yurishgan ekan. Bir vaqt ho'kiz yerdagi ko'katni yeb, og'zini to'ldirib, boshini ko'tarib, o'tni chaynab, tog' tomonga qarab, uzoqdan chopib kelayotgan ikkita bo'riga ko'zi tushibdi. Shunda ho'kizning yuragi shuvullab ketibdi. U qo'rqib og'zidagi o'tini yerga tashlab, sheriklarini chaqiribdi. Sheriklari ham bo'rilarni ko'rishibdi. «Endi nima qilamiz? Qochamizmi, turamizmi?» deb maslahatlashibdilar.
Eshak:
— Qochsak, quvib yetib oladi, yaxshisi qochmaymiz, — debdi. Ho'kiz aytibdi:
— Basharti oldimizga kelsa, nima qilamiz? Shunda xo'roz:
— Men daraxtning tepasiga uchib chiqib ketaman, — debdi.
Kalamushlar:
— Biz yerni kavlab, kirib ketamiz, — debdilar. Eshak:
— Hangrab turaveraman, — debdi. Arilar:
— Biz ro'para kelganini chaqib, hamma yog'ini shishirib tashlaymiz! — debdilar. Ho'kizga arilarning gapi juda ham yoqib tushibdi:
— Bo'lmasa sizlar jon boricha chaqinglar. Qolganlarini menga qo'yib beringlar! — debdi.
Bular maslahatni bir qilib turaverishibdi.
Bir zumda bo'rilar yetib kelibdilar. Bo'rining haligi hovliqmasi sherigiga:
— Huv anavini sen ko'tar! Mana buni men ko'taraman, — deb ho'kizga qarab yuguribdi.
Shunda ho'kiz orqasiga qaytib turib, bo'riga qarab yugurib borib bir suzganda, bo'ri «dod» deb yetti dumalab tushibdi. Buni ko'rib sherigi yugurib kelgan ekan, ho'kiz uni ham qattiq suzib tashlabdi. Kalamushlar qo'rqqanlaridan yerni kavlab kirib ketishga urinibdi. Yer toshloq, qattiq ekan, ular kavlab kirolmabdilar, bir zumda allaqancha joyni o'yib yuboribdilar.
Xo'roz bo'lsa daraxtga chiqib olib, hadeb «qu-qu-qu» deb qichqiraveribdi.
 
OSIYOДата: Juma, 19-Avg-2011, 15:28 | Сообщение # 30
Peshqadam
Группа: Ishonchli
Сообщений: 7142
Статус:
davomi
Arilar har ikkala bo'riga yopishib chaqaverishibdi-chaqaverishibdi, bir zumda do'mbira qilib shishirib tashlashibdi. Bo'rilar shunda ham qochmay, jonholatda kelib, ho'kizga yopishibdilar. Ho'kiz ularni suzaverib, a'zoyi badanini yara qilib tashlabdi. Eshak bo'lsa nariroqda bor ovozi bilan hangrab, nari borib-beri kelib turaveribdi.
Bir vaqt bo'rilar olishib-olishib charchashibdi. Qarasa, ho'kiz bilan arilar o'ldirib qo'yadigan. Shunda dastlab haligi hovliqma bo'ri qochishga tushibdi, orqasidan bunisi ergashibdi. Bular shu qochganicha podshoning oldiga yetib borishibdi. Bu bo'rilarning hamma yog'i yorilgan, qonlari oqqan, ari chaqqan yuzlari shishib, ko'zlari ko'rinmaydigan bir ahvolda ekan. Podsho va sheriklari bularning ahvolini ko'rib, rangi o'chib, qoni qochib, iyaklari qaltirab, ko'zlari yaltirab qolibdi.
Podsho:
— Sizlarga nima bo'ldi? — deb so'rabdi.
— Ey taqsir, bular barra kabob emas, boshga kelgan balo ekan! — deyishibdi.
— Ha, nima bo'ldi? — desa, bo'rining biri:
— Bular bizning jonimizga qasd qilib kelgan ekan. Bularning ichida munkar-nakiri, uning bir juft go'rkovi ham bor ekan. Munkarnakir gurzisi bilan bir urganda, agar sher bo'lsa ham, necha dumalab ketadi, — debdi.
Bo'rining yana biri:
— Ey mahmadona! Sen tek tur! O'zim gapiraman. Bularning ichida azroil ham bor ekan. Jonni olish uchun nayzasini suqsa, a'zoyi badaning achishib, shishib ketar ekan, — debdi.
Endi bunisi:
— He, sen bilmaysan! Bular go'rkovi bilan kelgan ekan. Hali biz o'lmay turib, har birimizga yettitadan go'r qazib qo'yishibdi, — debdi.
Unisi aytibdi:
— Sen ko'rmabsan! Bular so'fisi bilan kelgan ekan. Hali biz o'lmay turib, daraxtning tepasiga chiqib, hadeb odamlarni janozaga chaqiryapti.
Unisi:
— Lekin bularning ichida bir kattasi bor ekan. Unisi eshoni bo'lsa kerak. Bizga yaqinlashmadi, lekin nariroqda turib ish o'rgatib, bularga baqirib turdi. Agar unisi ham kelganda, biz mutlaqo o'lar edik, — debdi.
Bo'rilar bularning aft-angorini ko'rib, gaplarini eshitib, qo'rqib vasvasaga tushibdilar. Podsho:
— Endi nima qilamiz? — debdi. Haligilar:
— Ey taqsir, agar baloga duchor bo'laylik, kunimiz bitibdi, o'laylik desangiz, turaveramiz. Bo'lmasa qochamiz. Bular bizning orqamizdan quvsa, hali zamon yetib keladi,— debdi.
Buni eshitib bo'rilarning podshosi yana qo'rqibdi.
— Bo'lmasa turinglar, jo'naymiz, — debdi.
Shunda hamma bo'rilar, bu joyga kelmay, har yoqda tirqirab yurganlarini ham topib kelib, Susambil tog'ini tashlab qochib, yetti tog'ning narigi yog'iga o'tib ketishibdi.
Susambilliklar endi tamom erkinlikka chiqib, og'zi oshga tegib, sal kunda semirib ketibdilar. Ular goho xo'jayinlarinikida ko'rgan kunlari esga tushsa, o'kinib, bu yerdagi rohatlarni ko'rib sevinib, Susambilning ovini ovlab, dovini dovlab, maza qilib yurishaveribdi. Shu bilan murod-maqsadlariga yetishibdi.
 
  • Страница 2 из 4
  • «
  • 1
  • 2
  • 3
  • 4
  • »
Поиск:
Этот сайт использует файлы cookies для более комфортной работы пользователя. Продолжая просмотр страниц сайта, вы соглашаетесь с Политикой использования файлов cookies.
UzigaBek online