• Page 1 of 2
  • 1
  • 2
  • »
Forum moderator: DURDON, SAKINA  
Mòminlar onalari
DURDONDate: Payshanba, 09-Iyun-2011, 13:50 | Message # 1
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Assalomu aleykum! Biz bu bölimga mömina onalarimiz haqida malumotlar qoldirishimiz mumkin

 
DURDONDate: Payshanba, 09-Iyun-2011, 14:06 | Message # 2
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:


Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) Rasululohning (sollallohu alayhi va sallam) ilk zavjalari, imon keltirib, «mo‘minlar onasi» sharafini olgan birinchi musulmon ayoldir. Hazrati Hadicha islomiy da'vatning boshlanishida Payg‘ambarimizga dalda va ko‘makchi bo‘ldi va bu da'vatning sobitlik bilan yoyilishiga yordam berdi. Bu ayol Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) Qosim, Abdulloh (Toyyib yoki Tohir), Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum va Fotima ismli farzandlarining volidai mukarramasidir. Otalari Huvaylid ibn Asad ibn Qusayy ibn Abduluzza, onalari Zaida ibn Asommning qizi Fotima edi.
Asommning to‘liq ismi sharifi Jundub ibn Harm ibn Ravoha ibn Hojar ibn Abd ibi Mois ibn Amir ibn Liay ibn G'olib ibn Fihrdir.

Hazrati Hadicha hijratdan taxminan 68 yil, «Fil voqea»sidan o‘n besh yil oldin sharafli va xayrli oilada dunyoga keldilar. Yoshliklaridan yuksak va go‘zal axloq egasi qilib tarbiyalandilar. Odobli va oqila bo‘lganlari uchun uni «Tohira» (ozoda, pokiza) deb chaqirar edilar.

Otalari Huvaylid Fijor jangidan oldin vafot etdi. Shu sababli marhumning oilasidaga barcha ishlarni Hadichaning amakisi Amr ibn Asad o‘z zimmasiga oldi.

Ilk turmush qurishlari

Yillar o‘tdi. Hadicha o‘sib ulg‘aydi. Sharafli nasab va yuksak odob-axloqqa ega bo‘lgani uchun ko‘p joylardan sovchilar kelar edi. Hadicha Qusay ibn Abduddor o‘g‘illarining ittifoqchisi Tamim qabilasidan Abu Xola ibn Zurora bilan turmush qurdi. Xola va Hind ismli ikki farzand ko‘rdilar. Johiliyat davrida «Ummu Hind» (Hindning onasi) deb kunya olgan edilar. Hind uzoq umr ko‘rdi. Hazrati Payg‘ambarning (sollallohu alayhi va sallam) saodatli zamonlariga yetishdi va musulmon bo‘ldi. Hazrati Alining (karramallohu vajhahu) xalifalik davrlarigacha yashadi. Jamal jangida shahid bo‘ldi.

Abu Xola vafot etgach, Hadicha Mahzum qabilasidan Otiq ibn Oiz Abdulloh ibn Umar ibn Mahzum bilan oila qurdilar. Lekin ular o‘rtasidagi bu turmush uzoq davom etmadi.

Shundan so‘ng Hadicha boshqa turmushga chiqmay, farzand tarbiyasi va tijorat ishlari bilan mannul bo‘ldilar.

Savdo safari

Hadichaning sarmoyalari juda katta bo‘lib, tijoriy ishlari to Shomga qadar yoyilgan edi. Shu sababli karvonga boshchilik qiladigan ishonchli va halol bir kishini axtarardi. Bu davrga kelib, Abdulloh o‘g‘li Muhammad al-Aminning to‘g‘riso‘z va ishonchli odam ekani butun Makkada ovoza bo‘lib ketgan edi.

Hadicha Maysara ismli qulini o‘zining savdo karvoniga boshchilik qilish taklifi bilan Muhammad al-Aminning uyiga yubordi. Aminus sodiq bu taklifga rozilik bildirdilar.

Karvon Shom safariga jo‘nab ketdi. Hadicha esa ularni intizorlik bilan kutib, Makkada qoldi.

Bir kuni Maysara xojasi huzuriga yugurib kirdi. Hadicha karvonning eson-omon qaytganini ko‘rib, behad quvondilar. Maysara bu galgi savdo har doimgidan ko‘ra barakotliroq bo‘lganini va safar davomida sodir bo‘lgan bir qancha hayratli voqealarni gapirib berdi. Muhammad al-Aminning go‘zal axloqlari ta'rifini eshitib, Hadichaning bu insonga mehr-muhabbati yanada kuchaydi.




Message edited by durdon - Payshanba, 09-Iyun-2011, 14:13
 
DURDONDate: Payshanba, 09-Iyun-2011, 14:46 | Message # 3
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Hayrli turmush

Muhammad al-Amin Hadichaning o‘y-xayollarini butunlay band qilgan edi. «Ajabo, mening yoshim qirq yoshda. Muhammad al-Aminning yoshi yigirma beshda. Men bilan oila qurishga rozi bo‘larmikan?» degan savol Hadichaga sira tinchlik bermasdi.

Ana shunday kunlarning birida Hadichaning huzuriga dugonasi Nafisa binti Munya kirib keldi. Nafisa dugonasini qiynayotgan savoldan boxabar bo‘lgach, unga tasalli berdi. Ikkalasi ancha vaqt gaplashib o‘tirdilar. Nafisa dugonasining huzuridan chiqib, to‘g‘ri Muhammad al-Aminning oldiga bordi. Salom berganidan so‘sh, unga:

- Yo Muhammad, sening uylanishingga nima to‘sqinlik qilyapti? - deya savol berdi.

Muhammad ul-Amin:

- Buning uchun qo‘limda yetarli bisotim yo‘q, - dedilar. Nafisa kulimsiradi va sekingina shunday dedi:

- Agar ehtiyojing qondirilsa, davlatga, go‘zallik va sharaf egasi bo‘lgan aqlli ayol tomonidan taklif bo‘lsa, ijobat etasanmi?

Muhammad al-Amin:

- Kim u? - deya so‘radilar.

- Huvaylidning qizi Hadicha...

- Agar u rozilik bersa, men ham qabul qilaman.

Nafisa darhol yo‘lga tushdi. Muhammad al-Amininng xayrli taklifga rozi ekanini aytish uchun Hadichaning huzuriga qushdek uchib ketdi. Bu xushxabarni eshitganida Hadichaning ham quvonchi cheksiz edi. Alloh taoloning unga ehson etgan baxt, qalbidaga pok orzulari ijobatning shuqronasi uchun faqirlarga xayr-ehsonlar qildi.

Muhammad al-Aminning amakilari Abu Tolib, Hamza va Abbos Hadicha binti Huvaylidning uyiga sovchi bo‘lib bordilar. Hadichaning amakisi Amr ibn Asad bilan maslahatlashib, Muhammad va Hadichaning nikoh marosimi uchun bir kunni tayin qildilar. Bu xabar butun Makka ahlining qulog‘iga yetib bordi. Nikoh kuni eng avval Abu Tolib so‘zga chiqib, marosimni ochdi:

- Bizlarni Ibrohimning zurriyotidan, Ismoilning naslidan etgan, bizlarni Baytning qo‘riqchilari, Haramning idorachilari, insonlarning hakami qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Bu mening birodarimning o‘g‘li Muhammad ibn Abdullohdir. U odob-axloq, fazilat va aqlda barcha kishilardan ustundir. To‘g‘ri, uning" davlati oz, lekin bu kamchilik hisoblanmaydi. Mol-dunyo har nafasda yo‘qolishga mahkum bir soyaga, qaytarib olish sharti bilan berilgan bir omonatga o‘xshaydi. Jiyanimning Hadicha binti Huvaylidga nisbatan rag‘bati bor. Hadicha ham u haqda ayni shu fikrdadir...»

Abu Tolibdan so‘ng Hadichaning amakisi Amr ibn Asad so‘zga chikdi. Muhammad al-Amin va uning oila a'zolariga tashakkur va salomlarini aytdi. Birodarining suyukli qizi Hadicha bilan Muhammad al-Amnining oila qurishlarini quvonch bilan qabul etganini e'lon kildi. Yigirmata tuya kiymatida mahr belgilandi. Kelinning uyida dasturxonlar yozildi, qurbonliklar so‘yilib, Makka faqirlariga tarqatildi. Shunday qilib, Hadicha binti Huvaylid Muhammad al-Aminga zavja bo‘ldi.

Hadicha Kuraysh yigitlarining eng go‘zali va eng fazilatlisi bilan turmush qurganidan juda baxtiyor edi.

Bizga ma'lumki, bu xayrli nikohdan olti farzaid: Kosim, Zaynab, Ruqayya, UmmuGulsum, Fotima va Abdulloh tug‘ildilar.
[/size]


 
DURDONDate: Payshanba, 09-Iyun-2011, 14:48 | Message # 4
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Davomi

Imon keltirgan ilk inson


Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nubuvvat tushishidan oldin, har yili bir oy davomida Makkadagi hayotdan uzoqlashib, Hiro g‘orida toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. Tog‘dan tushgach, Ka'bani tavof kilib, uyga qaytardilar.

Bir kuni Rasuli Akram butun vujudlari titrab uyga kirib keldilar va Hadicha onamizga:

- Meni o‘rab qo‘ying, meni o‘rab qo‘ying, - dedilar. Hadicha nima voqea yuz berganini so‘raganlarida:

- Yo Hadicha, o‘zimdan qo‘rqdim, - dedilar. Suyukli zavjalari esa e'timod va ishonch bilan:

- Yo‘q, Alloh sizni hech qachon sharmanda qilmaydi. Sabr qiling, balki bu hodisa bir xushxabardir. Chunki sizning to‘g‘riso‘z va halol inson ekaningiz hammaga ma'lum. Umid qilamanki, siz bu ummatga payg‘ambar bo‘lasiz, - dedilar. So‘ngra maslahat so‘rab, amakivachchalari Varaqa ibn Navfal huzuriga bordilar. Varaqa Rasulullohdan (sollallolohu alayhi va sallam) voqea tafsilotini eshitgach:

- Muborak bo‘lsin, ey Muhammad. Bu Musoga (alayhissalom) tushgan faringga Nomusdir. Muhaqqaq sen bu ummatning payg‘ambari bo‘libsan, - deya nido qildi.

Bu xushxabarni eshitgan Hadicha darhol imon keltirdi. Allohga va uning Rasuliga imon keltirgan, Alloh oyatlarini tasdiqlagan ilk inson va ilk musulmon ayol Hazrati Hadicha binti Huvaylid bo‘ldilar. Rasuli Akramni (alayhissalom) eng qiyin vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlagan, mashaqqatlarga to‘la hayotida doimo Alloh Rasulining yonidan ayrilmagan ayol ham Hazrati Hadicha edilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):

- Yo Hadicha, olamlarning Robbisi Alloh taolodan Jabroil (alayhissalom) senga salom keltiryapti, - dedilar. Hadicha(roziyallohu anho):

- Salom Allohga bo‘lsin. Salom Undan keladi va Unga kaytadi, Jabroilga ham salom bo‘lsin, - dedilar. Shu kundan e'tiboran Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) barakotlar va mashaqqatlarga to‘la bo‘lgan yangi bir hayotni boshladilar.

So‘nggi oylar

Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) og‘ir kasallikka chalinib, yotib qoldilar. O'limlari yaqin ekanini his etib turardilar. Bosh taraflarida qizlari - Zaynab, Fotima va Ummu Gulsum o‘tirishdi. To‘rtinchi qizlari Ruqayya esa Habashistonda edi.

Hazrati Hadicha Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) so‘nggi marta qaradilar. Mo‘minlar onasining nigohlarida sog‘inch va qayg‘u, ayriliq armoni mujassam edi. Biroq Rasullulloh (sollallohu alayhi va sallam) Hadicha onamizga jannatda birga bo‘lish mujdasini yetkazdilar (Hadid, 21).

Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) rahmat ko‘z yoshlari oqdi. Qalblari chuqur alam bilan to‘lib toshdi. Sabrli, mukofotlarni Allohdan kutguvchi mo‘mina ayollar bilan dardlashib Zaynab, Ummu Gulsum va Fotima ham unsiz yig‘ladilar.

Makka zamonasining sayyida ayoli Hadicha binti Huvaylid bilan vidolashdi (Fajr, 27-30).

Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) va Abu Tolibning vafotlari bir yilda sodir bo‘ldi. Shu sababli Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu yilni «Qayg‘u yili» deb nomladilar.

Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) hijratdan taxminan uch yil oldin, oltmish besh yoshlarida vafot etdilar. Hojun qabristoniga dafn etildilar. Butun quraysh qavmi Hazrati Hadichaga (roziyallohu anho) va Abu Tolibga aza ochdi. Alloh Hadicha onamizdan rozi bo‘lsin va uni ham oxirat ne'matlari bilan rozi etsin.


 
DURDONDate: Payshanba, 09-Iyun-2011, 14:50 | Message # 5
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Nabiyning (alayhissalom) vafodorliklari

Hazrati Hadicha huzuri ilohiyga ketdi. Biroq uning xotirasi ulug‘ xonadon axdlari qalbida, barcha mo‘minlar yuragida boqiy qoldi.

Hazrati Hadichaning (roziyallohu anho) siymolari Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ko‘z o‘ngidan hech ketmas edi. Bu haqda Hazrati Oyisha (roziyallohu anho) shunday deydilar: "Rasulullohni hech qaysi bir zavjalaridan Hadichadan rashk qilganimchalik qizg‘onmadim. Holbuki, uning davriga yetishmagan edim. Biroq Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni ko‘p eslar edilar».

Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) hayotlik paytlarida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshqa hech ayolga uylanmadilar.

Hovla binti Hakim:

- Hadicha binti Huvaylidning yo‘qligi bois yolg‘izlikni his qilayotganga o‘xshaysiz, yo Rasululloh! - deb so‘raganida:

- Vallohi, shunday. U uyimning sayyidasi, farzandlarimning onasi edi, - deya javob berdilar.

Hovla binti Hakim boshqa bir kishi bilan turmush qurishni taklif qilganida Rasuli Akram shunday dedilar:

- Hadichadan boshqa kimga uylana olaman?

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hazrati Hadichani (roziyallohu anho) doimo eslar va shunday der edilar: «Insonlar meni inkor etganlarida, u menga imon keltirdi. Meni yolg‘onchilikda ayblaganlarida, u ishonch bildirdi. Insonlar meni mahrum etganlarida, mol-davlati bilan menga yordam berdi. Alloh menga boshka ayollarimdan bermagan farzandlarimni ehson etdi». Qachon bir qo‘y so‘yilsa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga avvalo: «Hadichaning do‘stlarini to‘ydiring», der edilar.

Abdulloh ibn Abbos rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yerga to‘rt chiziq chizdilar va bizdan so‘radilar:

- Bu nima, bilasizlarmi?

- Alloh va Rasuli yaxshiroq bilguchidir, - dedik.

- Olamlarning eng xayrli ayollari to‘rt kishidir: Maryam binti Imron, Fir'avnning xotini Osiyo binti Mazohim, Hazrati Hadicha binti Huvaylid va Fotima binti Muhammaddir, - dedilar.

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Hazrati Hadicha hayotlik davrida huzurlarita kelgan ayollardan birini ko‘rsalar, chehralari ochilib, sevinar edilar. Sahobalarga: «Uni ikrom kiling, Hadicha uni sevardi», deb aytar edilar.

Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) vafodor zavja bo‘lgan, muttaqiy va karima ayol Hazrati Hadicha onamizni Alloh rahmat aylagan bo‘lsin. Omin.

«Qahramon mo'mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.


 
OSIYODate: Payshanba, 09-Iyun-2011, 15:44 | Message # 6
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:

Hazrati Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bir kuni tushlarida Jabroilni (alayhissalom) ko‘rdilar. U zot Payg‘ambarimizga Abu Bakr Siddiqning (roziyallohu anhu) qizlari Oyishaning tasvirlari tushirilgan ipak ro‘molchani ko‘rsatib: «Ey Nabiy, dunyo va oxiratda jufti halolingiz bu kishidir», dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dastlab bu tushga uncha ahamiyat bermadilar. Ammo har kuni bir xil tush ko‘ravergach, bunda ilohiy ishora borligini sezdilar. So‘ngra hazrati Abu Bakrning (roziyallohu anhu) huzuriga borib, tushlarini aytib berdilar. Abu Bakr (roziyallohu anhu) nihoyatda xursand bo‘ldilar. Chunki Payg‘ambarni (alayhissalom) kuyov qilish katga sharaf edi. Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi va sallam) uylariga kuzatib qo‘ygach, Oyishani chaqirdilar-da, bir savat xurmo berib, uni Alloh Rasuliga (sollallohu alayhi va sallam) olib borishini va u zotdan: «Yo Rasululloh, bizning uyimizda bor xurmoning hammasi shu. Sizga yoqdimi?» deb so‘rab kelishni buyurdilar. Oyisha hech narsadan xabarsiz holda otasi bergan topshiriqni aytishganidek bajarib keldi. Abu Bakr Siddiq: «Qizim, Allohning elchisi senga nima deb javob berdilar?» deb so‘raganlarida, Oyisha(roziyallohu anho): «Atbatta, Alloh baraka bersin!» deb javob berganlarini aytdi.

Bu javob Abu Bakr Siddiqning (roziyallohu anhu) sevinchlariga sevinch qo‘shdi, ammo ko‘ngillari boshqa bir holatdan tashvishda edi. Ya'ni, Oyisha u paytda yaqin do‘stlari Mug'im ibn Adiyning o‘g‘li Jubayrga unashtirilgan edi. Qanday qilib bo‘lsa ham bu qiyin ahvoldan yorug‘ yuz bilan chiqishni o‘ylar edilar. Ko‘p o‘tmay teran farosat va aql ishlatib, bu muammoni ham hal qildilar.

Oyishani Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) unashtirib qo‘ydilar. Bu hodisa hazrati Abu Bakrning (roziyallohu anhu) zavjalaridan boshqa hech kimga bildirilmadi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) avvalgidek tez-tez hazrati Abu Bakr (roziyallohu anhu) uylariga kelib turar, Oyishaga yaxshi muomalada bo‘lishlarini tavsiya qilardilar. Yosh Oyisha ko‘p vaqtlarshi tengdoshlari bilan o‘ynab o‘tkazar edi. Eng yaxshi ko‘rgan mashg‘uloti qo‘g‘irchoq o‘ynash bo‘lardi.

Shu tarzda oradan yillar o‘tdi... Mo‘minlar Yasribga hijrat qilib, u yerga joylashdilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) muhojirlar bilan ansorlarni hamda o‘zaro doimiy mujodalada bo‘lgan Avs va Hazraj qabilalarini imon va Islom yo‘lida birlashtirdilar. Madina atrofida yashovchi yahudiylar bilan ham do‘stona munosabatlar o‘rnatildi.


Message edited by Osiyo11 - Payshanba, 09-Iyun-2011, 15:52
 
OSIYODate: Payshanba, 09-Iyun-2011, 15:54 | Message # 7
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:
Saodatli nikoh marosimi

Hazrati Abu Bakr (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (solallohu alayhi va sallam) bu to‘g‘rida so‘z ochavermagach, huzurlariga kirib, masalani izhor qildilar.

To‘y ham bo‘lib o‘tdi. Oyisha (roziyallohu anho) Payg‘ambariing (alayhissalom) mo‘tabar xonadonlariga kelin bo‘ldilar. Seplari orasida qo‘g‘irchoqlari ham bor edi. Bo‘ylari yetib, kelin bo‘lishlariga qaramasdan, bolaliqdagi beg‘ubor havaslari hamon ketmagan edi.

Bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Oyisha onamiziing (roziyallohu anho) xonalariga kirsalar, bir nechta ko‘g‘irchoqlariga kelinchak libosini kiydirib, ba'zilariga qanot ham taqib quygan ekanlar. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nima uchun bunday qilganini so‘raganlarida hazrati Oyisha (roziyallohu anho):

- Bular Sulaymonning (alayhissalom) otlaridir, - deb javob berdi.

-U holda qanotlarga ne hojat? - deb so‘radilar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)

- Sulaymon (alayhissalom) otlarining qanoti yo‘qmidi... Bunga javoban Payg‘ambarimiz (alayhissalom) kulib qo‘yaqoldilar...

Yana bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uyga kirsalar, Oyisha onamiz uxlab qolgan, bir qo‘y kirib, yangi pishirilgan nonlarni yemoqda edi. Rasululloh (sollatlohu alayhi va sallam) kulib ko‘ydilar-da, Oyisha onamizni ohista uyg‘otib, yaxshi so‘zlar aytib, hazillashdilar.
 
OSIYODate: Payshanba, 09-Iyun-2011, 15:57 | Message # 8
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:


Suyukli va vafodor zavja

Hazrati Oyisha (roziyallohu anho) muborak xonadonda aql, ilm va fikr jihatidan tez kamol topa bordilar.

Bir beka sifatida Paytambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) butun xizmatlarini bajarar, kerak bo‘lganida tasalli berar edilar. Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) muborak so‘zlari va amallaridan iloji boricha ko‘proq narsa o‘rganishga harakat qildilar. Bu fazilat Oyisha onamizni Alloh Rasulining (sollallohu alayhi va sallam) eng suyukli zavjalariga aylantirgan asosiy sabablardan edi.

Hazrati Oyishada ham ayollar tabiatiga xos rashj va shunga o‘xshash hissiyotlar bor edi. G'azotlardan biriga Oyisha onamiz bilan hazrati Umarning (roziyallohu anhu) qizlari Hafsa onamiz (roziyallohu anho) ham chiqqan edilar. Sarvari olam (alayhissalom) safar asnosida Oisha onamizning mahfaslariga (kajava) tez-tsz kelib turar, u kishi bilan suhbatlashib ketardilar. Bu orada bir kuni Hafsa onamiz (roziyallohu anho) bilan Oyisha onamiz (roziyallohu anho) bildirmay, o‘rnilarini almashtirishdi. Nabiy (alayhissalom) bundan bexabar, hazrata Oyishaning mahfaslariga yaqinlashib kelib, suhbatlasha boshladilar.Har tarafi yopiq mahfasdagi Hafsa onamiz xuddi Oyisha onamizdek so‘zlab, vaziyatni bildirmadilar. Qorong‘i tushib karvon dam olish uchun to‘xtadi. Oyisha onamizning o‘rinlarida Hafsa onamizni ko‘rgan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hech narsa bo‘lmagandek, tunni uning huzurida o‘tkazdilar. O'sha kechasi hazrati Oyishaning ko‘zlariga uyqu kelmadi. O'zlaridan qattiq xafa bo‘lib, ikkinchi bunday ish qilmaslikka ont ichdilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ba'zi kechalarda Madina kabristoniga borib, yaqin birodarlarini ziyorat qilar edilar. Mo‘minlarning qabrlariga salom berar, haqlariga duo qilib, o‘lim va oxiratni yod etardilar. Shunday tunlarning birida Oyisha onamiz yarim kechasi uyg‘onib, yonlarida Sarvari olamni topolmagach, ancha qayg‘ulandilar. Birozdan so‘ng qaytib kelgan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Oyishani mahzun ko‘rdilar va:

- Ey Oyisha, shaytoningga mag‘lub bo‘libsan, - dedilar. Shayton so‘zi Oyisha onamizning diqqatini tortib, so‘radilar:

- Yo Rasululloh, mening ham shaytonim bormi?

Payg‘ambar (alayhissalom) unga javoban:

- Albatga, har bir insonning shaytoni bordir, - dedilar. Oyisha onamiz yana:

- Sizniki ham bormi? - deb so‘raganlarida, Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam):

- Ha, faqat men Robbimning yordami bilan uni mag‘lub etdim, - dedilar.

Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) Oyisha onamizga bo‘lgan muhabbatlari shunchalar kuchli ediki, natijada boshqa onalarimiz rashk qila boshlashdi. Payg‘ambarimizning (alayhissalom) qizlari Fotimadan (roziyallohu anho) bu holni u zotga bildirishlarini iltimos qildilar. Avvaliga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu haqqa gaplashishni xohlamagan bo‘lsalar, suyukli qizlarining ikkinchi bor murojaatlaridan keyin so‘zlashga majbur bo‘ldilar:

- Kizginam Fotima, mening sevganimni siz sevmaysizmi? Hazrati Fotima:

- Albatga, sevaman, ey Allohning Rasuli, - dedilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam):

- U holda Oyishani sevishingiz kerak!

Fotima onamiz jim bo‘lib qoldilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) so‘zini davom ettirib:

- Oyishadan hech qachon rashk qilmasinlar. Robbimga qasam etib aytamanki, Oyishadan boshqa hech birlarining yotoqlarida menga vahiy kelmaydi, - dedilar.

* * *

Hazrati onalarimiz o‘zlarining hayot sharoitlarini yanada yaxshiroq qilish va ularga ko‘proq e'tibor berilishi xususida Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) murojaat qilishganida ul zot nihoyatda ranjidilar. Bir oy ayollaridan hech birining huzuriga kirmaslikka qaror qildilar. So‘ngra Alloh hukmiga ko‘ra, ularga xoxdaganlariday yashashni yoki Payg‘ambar xonadonida qolishni tanlash ixtiyori berildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) eng avval Oyisha onamizdan so‘radilar. Hazrati Oyisha hech ikkilanmasdan:

- Ey Rasululloh! Boru yo‘g‘im sizga fido bo‘lsin. Shunday bir masalada ixtiyorimni o‘z qo‘limga beryapsizmi? Albatta, Alloh va Rasulnin tanlayman! - dedilar.

Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) boshqa zavjalari ham ayni javobni berishdi. Shunday qilib, muborak xonadonga yana huzur-halovat qaytib keldi.

* * *

Bani Musta'laq g‘azotidan qaytishda munofiqlar Oyisha onamizni badnom qilish uchun tuhmat, musulmonlar og‘ir iztirobda qolishdi. Nihoyat, oyatlar (Nur, 11-13) nozil bo‘lib, Oyishmish-mish tarqatdilar. Bundan a onamiz Kalomulloh guvohlida oqlandi.
 
OSIYODate: Payshanba, 09-Iyun-2011, 15:58 | Message # 9
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:
Og‘ir judolik

Oradan yillar o‘tdi. Makkai mukarrama fath qilindi. Ka'bai Muazzama shirk va kufrdan, johiliyat qusurlaridan tozalandi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yuz mingdan ko‘proq musulmonlar bilan vido hajini ado etib, Madinaga qaytganlaridan keyin, betob bo‘ldilar. Kasalliklari og‘irlashib, Hazrati Oyishaning xonalarida qolish uchun boshqa ayollaridan ruxsat so‘radilar. Oyisha onamiz (roziyallohu anho) Sarvari Olamning (alayhissalom) xizmatlarini a'lo darajada bajarib, sevgi va vafoda o‘rnak ko‘rsatdilar.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hazrati Oyishaning (roziyallohu anho) uylariga dafn etishlarini vasiyat qildilar.

Xulafoi roshidin davrida Oyisha onamizning ilmiy saviyalari va fazilatlari alohida o‘ringa ega edi. Juda murakkab masalalardagi hadislar Hazrati Oyishadan (roziayllohu anho) o‘rganildi. Mashhur sahobalar ham ba'zi qiyin mavzularda u zotga murojaat qilar, taklif va tavsiyalaridan foydalanar edilar.

Vafotlari

Hazrati Oyisha (roziyallohu anho) xastalanganlarida Payg‘ambarimizning (alayhissalom) zavjalaridan ko‘plari dorulbaqoga rihlat qilishgan edi. Oyisha onamiz ham ko‘p o‘tmay bu dunyoda eng yaqin kishilari bo‘lgan hazrati Muhammad Mustafoga (sollallohu alayhi va sallam) qovushdilar va Madinadagi Baqi' qabristoniga dafn qilindilar.

Hazrati Abu Hurayra (roziyallohu anhu) qabristondan qaytishlarida ko‘zlariga yosh olib, shu unutilmas jumlalarni so‘zladilar:

- Alloh, mo‘minlarning onasi hazrati Oyishani O'z rahmatiga olsin! Iffatli va sadoqatli bu zot ibratomuz bir hayot kechirdilar.
 
DURDONDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 03:54 | Message # 10
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Alloh taolo: «Mo‘minlar orasida Allohga bergan ahdu paymon-lariga sodiq bo‘lgan kishilar bordir. Bas, ulardan (ayrim) kishilar o‘z ahdiga vafo qildi, ya'ni (shahid bo‘ldi). Ulardan (ayrim) kishilar esa (shahid bo‘lishga) intizordir. Ular (munofiklarga o‘xshab Allohga bergan ahdu paymonlarini) o‘zgartirganlari yo‘q» (Ahzob, 23), deb buyurdi.

Abu Salama laqabi bilan tanilgan Abdulasad o‘g‘li Abudulloh al-Mahzumiy oyatda aytilgan birinchi guruhga mansub edi. U Allohga bergan so‘ziga vafo qildi. Uning yo‘lida sabr etib, mukofotini Undan kutib, jang kildi va shahid bo‘ldi.

Uning zavjasi Ummu Salama (roziyallohu anho) Alloh taoloning qazo va qadarini kutgani uchun ikkinchi guruhga doxil bo‘ldi.

Er-xotin eng og‘ir qiyinchilik va mashaqqatlarni boshidan kechirdilar, lekin azimiyatlari sinmadi, matonatlarini yo‘qotmadilar va aslo zulmga bo‘yin egmadilar.

Boshlariga shunday ulkan balo va qayg‘ular keldiki, agar bu balolar bir tog‘ning ustiga tushganida, u tog‘ni yiqitardi. Agar mustahkam qoyalarga tushganida, eritib, kul qilardi. Ularning Alloh taologa ishonchlari va Uning arqoniga bog‘lanishlari fitna balosidan ham kuchli edi. Chunki Alloh va Rasulining sevgisi ular uchun dunyo va undagi barcha narsadan qimmatli edi.

Suhayl al-Mahzumiy

Suhayl ibn Mug‘ira qavmining sayyidi va eng boy kishisi edi. Jo‘mardligi, karami va jasorati bilan mashhur edi. Suhayl al-Mahzumiy «Yo‘lovchilarning ozig‘i» laqabini olgan edi. Safarga chiqqanida hamrohiga oziq-ovqat oldirtirmas, aksincha, hammaning ehtiyojini o‘zi ta'minlar edi. Agar do‘stlari biror yegulik olib kelsa, jahli chiqardi.

Ummu Salama nomi bilan tanilgan Hind ana shu jo‘mard kishining sulubidan tug‘ildi. Otasidan olgan yuksak axloqiy sifatlar uning taqdirlanishi va hurmat ko‘rishiga sabab bo‘ldi. U Abdulasad o‘g‘li Abdulloh al-Mahzumiy bilan turmush qurdi. Soliha, vafoli va itoatli ayol bo‘lgani uchun u bilan baxtli umr kechirdi.

Musulmon oila

Abu Salama Islom da'vatidan xabar topgach, Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) imon keltirdi. Zavjasi Ummu Salama ham u bilan birga musulmon bo‘ldi. Shunday qilib, ular Alloh yo‘lida mujodala va fidokorliklari tufayli Islom da'vati yuksaltirgan ilk insonlardan bo‘ldilar. Islom nuri ulardek fidokorlar bilan butun olamni oydinlatdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Habashistonga hijrat uchun izn berganlaridan so‘ng Abu Salama bilan Ummu Salama ham hijrat qildilar. Alloh taolo nasib etgan muddatgacha Habashistonda bo‘ldilar. Yana Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) go‘zal yuzini ko‘rish, totli suhbatlarini tinglash orzuida Makkaga qaytdilar.

* * *

Ilk musulmonlar kurayshiylarning zulm va qiynoqlariga bardosh berib, bir qancha vaqt Makkada qoldilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) madinaliklar Alloh diniga yordam berish uchun bay'at etganlaridan so‘ng, hijratga izn berdilar.

Ummu Salama bu hijrat haqida shunday hikoya qiladi: «Abu Salama Madinaga ketishga qaror qildi va tuyasini hozirladi. Meni mindirdi. O'g‘lim Salamani ham quchog‘imga berdi. So‘ngra tuyaning no‘xtasidan ushlab, yo‘lga tushdi. Mening qavmimdan bo‘lgan Mug‘iyra o‘g‘illaridan bir necha kishi uning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lishib:

- O'zingniku bizdan qutqararsan, lekin xotining ham sen bilan ketishiga izn berishadi, deb o‘ylayapsanmi?! - dedilar va tuyaning no‘xtasini qo‘lidan tortib oldilar. Meni ham tuyadan tushirdilar. Shu payt Abdulloh o‘g‘illari, ya'ni, Abu Salama qavmining bu gapdan jahllari chiqdi.

- Agar siz bu ayolni eridan ajratsangiz, biz ham o‘g‘limizni uning oldida qoldirmaymiz, - dedilar Abdulasad o‘g‘illari.

O'g‘lim Salamani o‘zaro talashib, nihoyat, qo‘lini sindirishdi. Abdulasad o‘g‘illari uni olib ketdilar. Mug‘iyra o‘g‘illari esa meni qamab qo‘yishdi. Abu Salama Madinaga yo‘l oldi. O'g‘lim, erim va meni bir-birimizdan ayirdilar.

Har tongda Abtohga chiqib o‘tirar va oqshomgacha yig‘lar edim. Shu holda bir yil o‘tdi. Bir kun Mug‘iyra o‘g‘illaridan bo‘lgan amakimning farzandlaridan biri yonimga keldi. Ahvolimni ko‘rib, menga achindi. So‘ng Mug‘iyra o‘g‘illariga:

- Bu bechorani hanuz qo‘yib yubormadingizmi? Eri va o‘g‘lidan ayirganimiz yetmaydimi?! - dedi.

Shundan so‘ng Mug‘iyra o‘g‘illari:

- Istasang, eringaning yoniga ket, - deb meni qo‘yib yubordilar. Abdulasad o‘g‘illari ham o‘g‘limni qaytarib berdilar.

Tuyamga mindim. O'g‘limni quchog‘imga olib, Madinadagi erimga yetishish maqsadida yo‘lga chiqdim. Yolg‘iz edim. Tan'im degan joyga kelganimda Usmon ibn Talhani uchratdim. U Abduddor o‘g‘illarining birodari edi. Menga:

- Ey Abu Ummayyaning qizi, qaerga ketyapsan? - dedi.

- Madinada yashayotgan erimning oldiga.

- Yoningda biror kishing bormi?

- Alloh va shu farzandimdan boshqa hech kim yo‘q.

- Vallohi, seni yolg‘iz qoldirmayman.

So‘ng u tuyamning no‘xtasidan tutib, men bilan yo‘lga tushdi. Alloh taologa qasamki, undan qadrliroq boshqa biron kishi bilan aslo orqadosh bo‘lmadim. Kunoqlaydigan joyga kelganimizda tuyani cho‘ktirar, o‘zi orqaga o‘tib turardi. Men tushganimdan so‘ng, tuyani bir daraxtga bog‘lardi. Mendan uzoqroq bir joyga, bir daraxtning tagiga borib yotardi. Yana yo‘lga chiqadigan paytimizda tuyamni hozirlab, uzoqroqqa borib turar va «Min!» der edi. Men tuyaga minib, o‘rnashib o‘tirib olganimdan so‘ng kelib, tuyaning no‘xtasidan tutardi. Madinaga yetib borgunimizcha shunday qilishda davom etdi. Amr ibn Avf o‘g‘illarining Kubodagi qishlog‘i ko‘ringach:

«Ering Abu Salama shu yerda qo‘noqlagan edi, uni shu qishloqdan topasan, senga Allohning barakoti bo‘lsin», deb Makkaga qaytib ketdi.

Alloh yo‘lida tarqalib ketgan oila yana jamuljam bo‘ldi. Abu Salama o‘g‘li va zavjasini quvonch bilan qarshiladi. Anchadan beri oila ustida suzib yurgan qora bulutlar tarqalib, ularning o‘rnini sevinch va xursandchilik keltiruvchi rahmat bulutlari eshgladi.

* * *

Abu Salama Alloh yo‘lida jang qiluvchilar safidan joy oldi. Badrda qahramonlarcha jang qildi. Uhud tuprog‘iga toza qoni to‘kildi. Juda og‘ir yaralangan edi. Biroq Alloh taolo unga shifo berdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Asad o‘g‘illari ustiga yuborilgan lashkarga uni amir qilib tayinladilar. Ular musulmonlarningUhudda yo‘qotgan azamat va haybatlarini qaytarib olish bilan birga ko‘plab ashyo va g‘animatlarni ham qo‘lga kiritib, muzaffar bo‘lib qaytishdi.

Ammo bu jangda Abu Salamaning eski jarohati ochilib ketdi. Ko‘p qon yo‘qotib, ahvoli og‘irlashib qoldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bosh tarafida turganlarida jon taslim etdi.

Ummu Salama bu o‘limni imon to‘la qalb va sabr bilan, Alloh taoloning amriga bo‘ysunib, eriga Alloh taolo shahidlikni ehson etganiga shukr qilaroq qarshi oldi.


 
DURDONDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 03:57 | Message # 11
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Davomi

Vafoli zavja

Abu Salamaning (roziyallohu anhu) vafotidan to‘rt oy o‘tganidan keyin Hazrati Abu Bakr Ummu Salamani (roziyallohu anho) so‘rab keldilar. Jihod va sharaf maydonlarida o‘lgan buyuk kishilarning tul zavjalariga uylanib, ularning nomuslarini ta'minotga olish va shu orqali ularga yordam berish arablarning urf-odatlaridan edi. Lekin Ummu Salama bu taklifni qabul etmadi. Shunday niyat bilan Umar (roziyallohu anhu) keldilar. Uni ham rad etdi.

Bir kuni uyda yolg‘iz o‘tirganlarida eri bilan o‘rtalarida bo‘lgan suhbatni esladi. Ummu Salama shunday degan edi:

«Eshitishimcha, jannat ahlidan bo‘lgan bir kishi o‘lib, jannat ahlidan bo‘lgan ayoli boshqa bir kishi bilan turmush qurmasa, Alloh taolo u xotin bilan erini jannatda birga qilar ekan. Xuddi shu kabi, ayol o‘lsa va eri uylanmasa ham, jannatda birga bo‘lishar ekan. Kel, sen bilan ahdu paymon qilamiz: Mendan keyin sen uylanma, sendan keyin men turmushga chiqmayman», dedi.

Abu Salama (roziyallohu anhu): «Men o‘lsam, sen turmush qurgin», dedi va: «Allohim! Mendan keyin unga mendan ham xayrliroq bir er nasib et, u eridan hech aziyat, xafalik ko‘rmasin», deb duo qildi.

Abu Salamadan xayrli zot

Ummu Salama shularni o‘ylab o‘tirarkan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ichkariga kirish uchun izn so‘radilar. Unga taskin va tasalli bermoqchi edilar. «Bu musibatda Alloh taoloning senga ajr va ehson berishi va xayrliroq bir er nasib etigshini Allohdan tila...» deb buyurdilar.

Har doim bugun g‘am-qayg‘usini eri bilan baham ko‘rgan mahzun beva Ummu Salama yig‘ladi. Erini juda sevardi. Ko‘p kishilar uning qo‘lini so‘rab keldilar. Ular orasida Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ikki do‘sti Abu Bakr va Umar (roziyallohu anhum) ham bor edi. Lekin u barcha kelganlarga rad javobini berdi.

Ummu Salama Rasulullohga(sollallohu alayhi va sallam) shunday dedi: «Abu Salamadan ham xayrliroq kim bo‘lishi mumkin, ey Allohing Rasuli!..»

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) uning bu so‘zlarini o‘ylay boshladilar va bu ayolni g‘am-qayg‘u ichida yolg‘iz qoldirmaslik lozimligini angladilar. Natijada Allohdan unga bir ikrom bo‘lishi, darajasining yuksalishi va tasalli topishi uchun Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam) Ummu Salamani ham mo‘minlarning onalari safiga olish amri keldi.

Atloh taolodan Ummu Salamaga uylanish amri kelganidan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Xatib ibn Baltaani (roziyallohu anhu) uning uyiga sovchilikka yubordilar. Ummu Salama:

«Rasulullohga salom bo‘lsin.. Ammo unga mening yoshim o‘ttanligini, yetim go‘daklarim borligini, qolaversa, juda rashkchi ekanimni so‘yla», dedi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shu gaplarni aytib, yana elchi yubordilar:

«Yoshi o‘tganiga kelsak, mening yoshim unikidan kattaroq. Kishining o‘zidan yoshi ulug‘rog‘i bilan turmush qurishi ayb emas. Yetimlar esa Alloh taologa va Rasuliga oiddir. Juda rashkchiligi xususida men Alloh taologa undan bu hisni olishi uchun duo qilaman».

Ummu Salamaning valiyi Umar ibn Abu Salama edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga mahr o‘laroq o‘n dirham qiymatida mol berdilar. Bular ichida xurmo yaprog‘i solingan bir ko‘rpa, qozoncha, tovoq va tegirmon bor edi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xufton namozidan so‘ng Ummu Salamadan boshlab, zavjalarining huzurlariga kirardilar. Zero, Ummu Salama mo‘minlar onalarining eng yoshi ulug‘i edi. Ummu Salamaning xonasiga birinchi kirishlari unga bir ikrom edi.

Soliha ayol

Ummu Salama voqealarni g‘oyatda chuqur o‘ylab, juda to‘g‘ri qarorlar beradigan aqlli ayol edi. Shu sababli Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) boshqa zavjalari bilan juda oson til topishib ketdi.

Bundan tashqari Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) yonlarida uning yuksak mavqei bor edi. Hudaybiya kuni bir voqea sodir bo‘ldi:

Kuraysh elchilari bilan tinchlik sulhi tuzilgach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ashoblariga qurbonliklarni so‘yish va sochlarini oldirishni amr etdilar. Ashob shartlarini og‘ir deb bilgan bu sulhning vaxiy bilan bekor qilinishiga umid bog‘lab, Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) aytganlarini qilmadilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uch marta takrorladilar, lekin hech kim bajarmagach, xafa bo‘lib, Ummu Salamaning oldiga kirdilar. Ahvolni unga tushuntirdilar. Ummu Salama:

«Yo Rasululloh, ashobingiz bu vazifani bajarishini istaysizmi? Chiqing, hech kimga gapirmasdan qurbonlikni so‘ying, sartaroshni chaqiring, sochingizni olsin», dedi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u ishorat etgan fikrni to‘g‘ri deb topdilar. Bunday qilish insonlarni harakatga tushirish uchun bir fe'liy tashviq bo‘lar edi. Allohning Rasuli o‘rnidan turib, Ummu Salamaning (roziyallohu anho) oldidan chiqdilar va u aytganidek qildilar. Buni ko‘rgach, ashob ham o‘rnilaridan turib, qurbonliklarini so‘ydilar, sochlarini oldirdilar.

Bu voqeaga o‘xshash ko‘p holatlarda Ummu Salama juda to‘g‘ri va foydali fikrlar berardi. U Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) aytgan so‘zlarini eslab qolib, hadislar rivoyat qildi. Ummu Salama (roziyallohu anho) xotirasi kuchli tinglovchi va ishonchli roviy edi.


 
DURDONDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 03:59 | Message # 12
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Davomi

Mo‘minlarning nasihatgo‘yi

Mo‘minlar onasi Ummu Salama Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng sodir bo‘lgan voqealarni diqqat bilan kuzatib bordi. Insonlar, xususan, ularni idora etuvchi xalifa va voliylarning to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligi uchun harakat qildi.

Tarixchilarning yozishicha, bir kuni Ummu Salama xalifalikni olgan Usmon ibn Affon huzurga kirdi va unga nasihat qilib, shunday dedi:

«Ey o‘g‘lim, menga nima bo‘lyaptiki, odamlarning sendan uzoqlashib, himoyangdan chiqayotganini ko‘ryapman. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) sevgan yo‘lidan boshqa bir yo‘lda xayr qidirma. U o‘chirgan o‘tni yoqma. Do‘stlaring Abu Bakr va Umarning (roziyallohu anhum) yo‘llaridan yur. Ular ishni mahkam ushladilar va aslo zulm qilmadilar. Bir ona sifatida nasihat qilyapman. Bu mening haqqim, vazifam. Sen ham itoat etishing lozim».

Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu): «Albatta, sen aytding, men tingladim. Sen tavsiya etging, men ham qabul etgim», dedilar.

* * *

Oyisha (roziyallohu anhu) Jamal voqeasiga qo‘shilmoqchi bo‘lganida Ummu Salama unga shunday bir maktub yozdi: "Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) zavjasi Ummu Salamadan mo‘minlar onasi Oyishaga! O'zidan boshqa iloh bo‘lmagan Allohga hamd bo‘lsin. Sen Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) zavjalari va ummati orasiga tortilgan pardani yirtding. Qur'on sening etagingni tobladi, sen uni kengaytirma, haddingni bil. Alloh sening tuyangni ushlab qoldi, uni sahroga solma. Agar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ayollarining jihod yukini ko‘tara olishlarini bilganlarida, senga vasiyat etardilar. U zot seni dinda haddan oshishdan qaytarganini unutdingmi?! Agar dinning ustuni egilsa, xotinlar bilan tiklanmaydi, yiqilsa, ular bilan qaddi rostlanmaydi. Xotinlar qiladigan jihod ko‘zlarini haromdan to‘sish, etaklarini yigish va dunyo sevgisini kamaytirishdir. Agar sen bu cho‘llarda Alloh Rasuli bilan yuzma-yuz kelib qolsang, nima qilarding? Ertaga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan uchrashasan. Allohga qasamki, agar menga: «Ey Ummu Salama,jannatga kir», deyilganida, men u zot ustimga yopgan pardani yirtgan holda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan uchrashishdan hayo qilaman. U yoping‘ichni ustingga ol. Uning hovlisi sening qal'angdir. Sen bu ummatning birlashishi uchun nasihat qilishing lozim bo‘lgan paytda, ularga yordam berishdan orqada qolyapsan. Agar men Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) eshitganim bir hadisni senga aytsam, yuz-ko‘zingai tirnar eding.

Vassalom».

* * *

Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon xalifa bo‘lgach, insonlarni o‘ziga bayat kildirish uchun Busr ibn Abu Ertani Madinaga yubordi. Busr:

«Jobir kelmagunicha hech bir Bani Salamalikning bay'atini qabul qilmayman», dedi.

Yoshi ulugligiga qaramay, Ummu Salama Jobirga:

«Bay'at qil, men bu bay'atning yomonligini bilsam ham birodarimning o‘g‘li Abdulloh ibn Zam'aga qoni va molini saqlab qolish sharti bilan bay'at qilishini amr etdim», dedi.

* * *

Minbarlarda Hazrati Aliga (roziyallohu anhu) la'nat aytish amr etilganida, Ummu Salama Muoviyaga kishi yuborib, shunday dedi:

«Siz Ali ibn Abu Tolib va uni sevganlarni la'natlash bilan minbarlaringizda turib Alloh va Rasulini la'natlayotganingizni biling. Men shahodat etamanki, Alloh taolo va Rasuli uni sevadi».

Vafoti

Ummu Salama mo‘minlarning onasi edi. Tili bilan ularni zulmdan saqlashga urinar, imkon boricha davlat odamlarini zulm qilishdan qaytardi.

Hijratning 59-yili Zulqa'da oyida behuzur bo‘la boshladi va Alloh taolo undan, u ham Alloh taolodan rozi bo‘lib, jon taslim qildi. Janozasini Abu Hurayra(roziyallohu anhu) o‘qidilar. Baqi' qabristoniga dafn etildi. Vafot etganida 84 yoshda edi.

U vafodor zavja, sabrli mujohida, buyuk olim, ishonchli roviy, xullas, Haq yo‘lida bayroqdor inson edi.

Alloh taolo Ummu Salama onamizdan rozi bo‘lsin. Omin.


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 04:35 | Message # 13
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:
Rahmat. Olloh rozi busin.Shu onalarimizga o'hshashni nasib qilsin bizgayam.

 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 14:28 | Message # 14
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:

Ummu Habiba Ramla binti Abu Sufyon r.a.

Asl ismi Ramla bo‘lgan Ummu Habiba hijratdan yigirma besh yil avval, ya'ni, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) risolat mas'uliyati tushishidan o‘n uch yil oldin Abu Sufyon oilasida tug‘ildi.

U nasl-nasabi yuksak, juda boy va go‘zal qiz edi. Hammaning ko‘zi unda, makkalik yigitlar unga uylanish uchun musobaqalashishar edi. Uning go‘zalligi otasining qurayshiylar orasidagi mavqeini yanada yuksaltirgan edi.
Ramlaga uylanish istagida bo‘lganlardan biri Ubaydulloh ibn Jahsh sharafli qavmga mansub, yuksak mavqe sohibi va juda yoqimtoy yigit edi. Bundan tashqari, diniy ilmlarga rag‘bati bor edi. Nasroniy Varaqa ibn Navfaldan ayrilmasdi. Varaqa johiliyat davridayoq butlardan nafratlanib, ulardan yuz o‘girgan edi.

Abu Sufyon barcha so‘raganlar orasidan Ubaydullohni tanladi va qiznin unga berdi. Ramla porloq fikr va aql sohibasi, bilimdon va madaniyatli xotin edi. Eri Ubaydulloh hamma masalada unga murojaat qilar, uning fikri bilan qiziqar edi.

Kunlar shunday o‘tardi... Hazrati Muhammadga payg‘ambarlik tushganida, Ubaydulloh ustozi Varaqa ibn Navfaldan eshitgan hikmatli so‘zlar ta'sirida Rasulullohning(sollallohu alayhi va sallam) nubuvvatlariga imon keltirdi. Ammo bu imon yuzaki edi.

Habashistonga hijrat

Ubaydulloh bilan zavjasi Ramla ham Habashistonga hijrat qilishdi. Najoshiy vataniga oyoq bosar-bosmas Ubaydulloh yana nasroniylikka kaytdi.

Bir kuni Ramla qo‘rqinchli tush ko‘rdi, cho‘chib uyg‘onib ketdi. Tushida erini "g‘alati bir qiyofada - oydin yuzli bo‘lganidan so‘ng qop-qora, go‘zal bo‘lganidan so‘ng chirkin qiyofada ko‘rdi. Bunday tushning yomonligidan Alloh taologa sig‘indi.

Ramla o‘z ishlari bilan kuymalanib yurganida eri Ubaydulloh nasoro bo‘lganini bildirdi va uni ham nasroniylikka da'vat etdi. Ramla bu taklifni qat'iyyan rad qildi. Kechqurun ko‘rgan tushining ma'nosini endi tushundi. Tushini eriga aytib, imon va Islomda qolishga chaqirdi. Ubaydulloh esa, qabul qilmadi. Hatto musulmonlarning oldiga borib, ularga:

«Biz haqiqatni topdik, siz endi ko‘rishga harakat qilyapsiz. Bundan so‘ng ko‘rolmaysiz», dedi.

Ubaydulloh murtad bo‘lgach, ichkilikka ruju qo‘ydi, oxir-oqibat shu holda o‘lib ketdi.

Tul muhojir

Ramla hijrat yurtida ikki qaygu orasida yashadi. Biri vatanidan ayrilishi bo‘lsa, ikkinchisi beva qolishi edi. Ammo u mustahkam imoni tufayli bu musibatlarga chiday oldi.

* * *

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga hijrat etganlaridan so‘ng qo‘shni davlatlarning hukmdorlariga maktub yuborib, ularni Islomga da'vat qildilar. Bunday maktubni Najoshiyga Amr ibn Umayya ad-Damriy olib bordi. Rasululloh( sollallohu alayhi va sallam) maktubda Najoshiyni musulmonlikka chaqirib, so‘ng Ramla binti Abu Sufyonni o‘zlariga so‘rattan edilar. Najoshiy har ikkala taklifni ham qabul etdi va Abraha ismli bir joriyani bu xushxabar bilan Ramlaning qoshiga jo‘natdi.

Abrahaning gaplarini eshittan Ramla sevinchini yashirib o‘tirmadi:

- Alloh sening xayringni bersin... - dedi.

G'urbatda tul qolgan bir ayol uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlariga so‘ratishlaridan ham xayrliroq nima bo‘lishi mumkin?!

Ramla to‘y masalalarini aniqlashtirish uchun Xolid ibn Said ibn Osga vakolat berdi. O'sha oqshom Najoshiy musulmonlarni saroyga chaqirib, shunday dedi:

- Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) menga bir maktub yuborib, Ramla binti Abu Sufyonni o‘ziga nikohlashimni xoxlabdi. Men uning xohishini bajo keltirdim va Ramlaga to‘rt yuz dirham mahr berdim.

So‘ngra dinorlarni yig‘ilganlarning oldiga to‘kdi. Shu payt Ramlaning vakili Xolid ibn Said o‘rnidan turdi va:

- Allohga hamd bo‘lsin. Undan bo1pqa iloh yo‘qligiga shahodat keltiraman. Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Uning to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi qilib, butun dinlar ustiga Haq din bilan yuborgan quli va Rasulidir. Men ham Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) istagini qabul etdim va Ramlani unga berdim. Alloh taolo Rasuli uchun muborak qilsin...

Dinorlar Xolidga berildi. Xaloyiq tarqalmoqchi bo‘lganida, Najoshiy:

- O'tiringlar, uylanayotgan paytda kelganlarga taom berish Payg‘ambarlarning sunnatidir, - dedi.

Taomlar keltirildi. Mehmondorchilik tugagach, duodan so‘ng hamma tarqaldi...

Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Ramlani so‘rashlarida buyuk hikmat va yuksak maqsadi bor edi. Birinchisi, g‘urbatda beva qolgan Ramlaga yordam berish bo‘lsa, ikkinchisi, o‘zlarining va dinning katta dushmani bo‘lgan Abu Sufyon ibn Harb ibn Umayya ustidan g‘alaba qozonish edi. Abu Sufyonning bu nikoh xabarini eshitgan payti:

"Bu odamning burni yerga tegmaydi", degani rivoyat qilinadi.


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 14:34 | Message # 15
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:
(Davomi)

Mo‘minlar onasi

Muhojirlar uzoq ayriliqdan so‘ng Habashistondan qaytib kelishdi. Bu voqea Haybar fath etilgan kunga to‘g‘ri kelgan edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday deb shukronalarini bildirdilar:

- Qaysi biridan quvonay: Haybarning fathidanmi yoki Navfalning kelishidanmi?!

Habashistondan qaytib kelganlar orasida Ramla ham bor edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u bilan go‘shangaga kirdilar, unga shafqat va marhamat ko‘rsatdilar.

* * *

Ummu Habibaning vafodor, imonida sobit ekanini va dinga sadoqatini ko‘rsatuvchi bir voqea sodir bo‘ldi.

U bir imonli ayol, buning ustiga Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) zavjasi... Ikkinchi yoqdan, otasi haybat va hurmat-e'tibor sohibi, Qurayshning ulug‘laridan, ammo kofir va mushrik... Taqdirida otasi Abu Sufyon bilan yuzma-yuz kelish ham bor ekan...

Hudaibiya sulhi imzolanganidan so‘ng Qurayshning ittifoqchilaridan Bani Bakr bu sulhni buzdi. Shundan so‘ng Rasulullohga(sollallohu alayhi va sallam) ittifoqchi bo‘lgan Xuzo'a o‘g‘illaridan bir kishi u zotdan yordam so‘rab keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga yordam berishga va'da qildilar va ishonch bildirdilar.

Qurayshning raisi Abu Sufyoning nima bilan tugashini tushunib yetdi. Darhol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan sulhni sobit tutish maqsadida Madinaga qarab yo‘lga tushdi.

Madinaga kelgach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan o‘rtalarida vositachilik qilishini so‘rab, qizi Ummu Habibaning (roziyallohu anhu) oldiga kirdi. Endi o‘tirmoqchi bo‘lganida qizi ko‘rpachani taxlab, olib qo‘ydi. Abu Sufyon so‘radi:

- Ey qizim, meni bu ko‘rpachaga loyiq ko‘rmayapsanmi yoki uni menga loyiq ko‘rmayapsanmi?

- Sizni ko‘rpachaga loyiq ko‘rmayapman. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rpachalarida mushrik odam o‘tirishi nixohlamadim.

- Vallohi, senga bir yomonlik yetgan ko‘rinadi, qizim.

- Yo‘q, aksincha, Alloh taolo meni hidoyatga boshladi. Ey ota, siz Qurayning sayyidi va buyugisiz. Qanday qilib ko‘rmaydigan va eshitmaydigan butlarga ibodat qilasiz? Nima uchun Islomni qabul etmaysiz?

Ummu Habiba faqat Alloh va Rasulini sevipshni, ulardan boshqasini sevmasligini aytish bilan, otasining saltanat va azamatidan qo‘rqmay, uning imon va kufr orasidagi o‘rnini buyuk bir jasorat bilan tanitgan edi.

Abu Sufyon bu so‘zlarni eshitib, g‘azabidan tutaqib ketdi. Jahl bilan ko‘chaga chiqdi va Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bordi. Hazrati Payg‘ambar uni rad etdilar va tarafkashligini qabul qilmadilar. Oxir-oqibat Abu Sufyon hech qanday natijaga erisha olmay, Makkaga qaytdi. Xotini Hind binti Utba uni ayblab:

- Qavming elchiligini yaxshi bajarolmading, xayrli xabar keltirmading, - dedi.

* * *

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ummu Habiba bilan otasi o‘rtasidagi suhbat haqida eshitgach, unga hurmatlari yanada ortdi. Dinga va Payg‘ambar ahliga hurmat va e'zoz qo‘rsatganining mukofoti o‘laroq, uni yanada ko‘proq ikrom etdilar.

* * *

Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng Ummu Habiba onamiz xonai saodatda qoldilar. Butun musulmonlar uni e'zozlashar edi. Bu hurmatning sababi Payg‘ambarimizga bo‘lgan ulug‘ sadoqatdan edi.

Xalifalar uni ziyorat qilgani kelishar, ro‘zg‘origa qarashishar, kerakli yordamni ayashmas edi.

Kanchalik fitnalar zuhur etsa ham, Ummu Habiba na so‘z, na fe'l bilan hech biriga qo‘shilmadi. Aksincha, musulmonlarni bir safda va yagona din yo‘lida birlashishga, Allohga bog‘lanib, Uning mustahkam arqonidan qattiq ushlashga da'vat etdi.

Ummu Habiba dono, vazmin va jiddiy ayol edi. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) eshitgan ko‘plab hadislarni rivoyat qilib, islomiy ilmning yuksalishiga hissasini qo‘shdi.


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 14:37 | Message # 16
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:
Vafoti

Ummu Habiba (roziyallohu anhu) faqat namoz uchun uyidan chiqardi. Madinani faqat haj maqsadida tark etgan. Hijratning 44-yili og‘ir kasal bo‘lib qoldi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, yetmish yoshida vafot etdi. Baqi' qabristoniga dafn etildi. Alloh taolo undan rozi bo‘lsin, uni muborak, mavqeini ulug‘ qilsik. Omin.

"Qahramon mo'mina ayollar» kitobidan "


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 15:02 | Message # 17
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:


Maymuna binti Horis r.a.

Hazrati Maymunaning Islomni qabul qilishi din uchun ham musulmonlar uchun ham xayr va barakot vasilasi bo‘ldi. Chunki uning musulmon bo‘lishi uzoqyillardan beri Islomga qarshi urush e'lon qilgan ba'zi kishilardan jaholat pardasini ko‘tardi, kin va kibr bilan to‘la qalblarni tozaladi.

Hazrati Maymuna (roziyalohu anho) Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) uylangan eng so‘nggi ayoldir. U payg‘ambar xonadonida yashagan qisqa davrda ko‘ngilga og‘ir botuvchi hech qanday voqea ro‘y bermadi. Hazrati Paytambarimizning vafotlaridan keyin uning bugun hayoti Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) xotiralariga hurmat va taqvo bilan yashashning go‘zal bir ramzi bo‘ldi.

Nasabi

Mo‘minlar onasi Maymuna (roziyallohu anhu) kurayshning obro‘-e'tiborli kishilaridan bo‘lgan Horis ibn Hilolning qizidir. Onasi Makkaning fazilat va yuksak nasabi bilan mashhur ayollaridan biri bo‘lgan Hind binti Avf bo‘lib, Xolid ibn Validning xolasidir.

Maymunaning Ummul Fazl va Salma ismli qiz qardoshlari bor edi. Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) amakilaridan Abbos ibn Abdulmuttalib (roziyallohu anhu) Ummul Fazlga, shahidlarning ulug‘i Hamza ibn Abdulmuttalib (roziyalohu anho) Salmaga uylangan edilar. Shu bois Abdulmuttalib ibn Hoshim o‘g‘illari bilan Hazrati Maymunaning opa-singillari o‘rtasida avvaldan juda qarindoshlik rishtalari bor edi.


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 15:04 | Message # 18
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:
Tug‘ilishi

Maymuna Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambar bo‘lishlaridan olti yil avval Makkada tug‘ildi.

Islomiyat kelganida hali yaxshi-yomonni ajrata olmaydigan bir yosh qizcha edi. Johiliyat davrida tug‘ilgani bois o‘zlari yasab olgan buglarga sig‘ingan ota-ona tarbiyasini olib, buzuq e'tiqod va urf-odatlar ta'sirida o‘sib-ulg‘aydi. Ammo u payg‘ambarlik, vahiy va shu mavzudagi boshqa narsalar haqida eshitar, tushunishga harakat qilar edi.

* * *

Balog‘atga yetgach, uni Makkaning ko‘zga ko‘ringan yigitlaridan Mas'ud ibn Amrga uzatishdi. U Abbos ibn Abdulmuttalibning zavjasi bo‘lgan opasi Ummu Fazlning uyiga tez-tez borib turardi. Opasidan Islom dini, musulmon muhojirlar, Badr va Uhud g‘azotlari haqidagi xabarlarni eshitar, bu voqealar uning qalbiga boshqacha ta'sir qilar edi.


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 15:05 | Message # 19
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:
Ajralish

Haybar g‘azoti haqidagi yolg‘on xabarni eshitgan makkalik quraysh mushriklari juda sevindilar. Abbos ibn Abdulmuttalibga (roziyallohu anhu) aziyat beruvchi so‘zlar aytib, masxaralay boshladilar. Abbos (roziyallohu anhu) mahzun holda uyiga kaytdi. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay, haqiqiy xabar yetib keldi. Musulmonlar jangda g‘alaba qozongan va yahudiylar Haybardan quvilgan edilar.

Abbos (roziyallohu anhu) o‘rnidan turdi, eng chiroyli kiyimlarini kiydi. Xuddi bayramdagidek yasanib, viqor bilan odamlar oldiga chiqqi. Bu safar u mushriklarga gapirdi. Biroz oldin yolg‘on xabarni yoygan kishi uning so‘zlarini tasdikdagach, mushriklar jim bo‘lib, pushaymonda qoldilar.

Abbos musulmonlarning Haybar jangida zafar qozonganini aytayotganida Maymuna opasi Ummul Fazlning uyida edi. Bu xabardan uning ham boshi osmonga yetdi. Uyiga qaytib eri Mas'ud ibn Amrni tushkun holatda ko‘rdi. Mas'ud zavjasining xursandligidan achchiklanib, u bilan tortishib qoldi va oxir-oqibat uni tark etganini aytdi. Maymuna ham ortiq uning oldida qolmay, yana pochchasi Abbos ibn Abdumuttalibning uyiga ketdi.


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 15:06 | Message # 20
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:
Qazo umrasi

Hudaybiya sulhi tuzilganiga bir yil to‘ldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) musulmonlar bilan birga umra ibodatini ado etish uchun Makka tomon yo‘l oldilar. Shaharga yaqinlashgach, barcha musulmonlarni to‘xtashga buyurdilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu yerda jangdagidek bir usul qo‘llashni rejalashtirib, musulmonlarni ikki kismga ajratdilar. Birinchi kism Ka'bani tavof qilish uchun Makkaga kiradigan, ikkinchi qism esa, qurollangan holatda Makka tashqarisida tayyor turadigan, biror xavf tug‘ilsa, mushriklarga hujum qiladigan bo‘ldilar.

Hammaga vazifalar aniq bo‘lgach, yana yo‘lga chiqishdi. Nihoyat, uzoqdan bir yildirki, ko‘rish istagida intizor bo‘lganlari, ular uchun eshiklari yopilgan Makka ko‘rindi. Uni ko‘rar-ko‘rmas hammayoqni musulmonlarni «Labbayk Allohumma labbayk...» degan ovozlari tutib ketdi.

Musulmonlar ulug‘vorlik va haybat bilan Hazrati Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) atroflarini o‘rab olgan edilar. Hamma bir og‘izdan takbir va tahlil aytardi. Musulmonlarning ovozlarini eshitganlar tog‘larga qarab yugurdilar, darhol shaharni bo‘shatdilar. Chunki ular Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) va ashobi chorasiz kishilardek, necha yillar ilgari qorong‘i tunda Makkani tark etganlaridan so‘ng, quvvatli va haybatli ko‘rinishda, kechqurun emas, kuppa-kunduzi shaharga bemalol kirib kelishlarini tasavvur ham qilolmas edilar.

Makkada faqat erkaklardan bir necha kishi, Alloh taolo va Rasuliga imon keltirgan ayollar qolishdi, xolos.


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 15:07 | Message # 21
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:
Maymunaning taklifi

Maymuna musulmon bo‘lgan, ammo imonini yashirin tutardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va ashobi bir quyoshdek Makka ufqlaridan ko‘tarilgach, u jasoratlanib, Allohga imon keltirganini hammaga bildirdi.

Bu xayrli voqeadan so‘ng, Maymuna Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) zavja bo‘lish istagida Abbos ibn Abdulmuttalibni (roziyallohu anhu) elchi qilib yubordi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning istagini qabul etdilar va unga mahr sifatida 400 dirham berdilar.

Hudaybiya sulhida ko‘rsatilgan uch kunlik muhlat bitdi. Qurayshliklar Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam) elchi yuborib:

«Makkada qolish payting tugadi, endi chiqib ket», dedilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kulimsiradilar va:

«Meni o‘z holimga qo‘ying. Undan ko‘ra bir to‘y qilib, siz uchun taom hozirlatsam va to‘yimga siz ham kelsangiz bo‘lmaydimi?" dedilar.

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Maymunaga uylanishlari sababli Makkada qolish muddatini uzaytirmoqchi va qurayshliklar bilan qayta bitim tuzishni mo‘ljallagan edilar.

To‘y uchun dasturxon tuzaldi. Kurayshning ulug‘lari taklif etildi. Ular taklifni qabul etmadilar.

- Sening amalingga bizning ehtiyojimiz yo‘q. Tezroq chiqib ket, - dedilar.

Ular bu gaplarni Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Makkada uch kundan ortiq qolishlaridan qo‘rqishlarini yashirish uchun aytdilar. Zero, Payg‘ambarning (sollallohu alayhi va sallam) ziyoratlari ba'zi kishilarning aqli va ruhiga ta'sir qilgani ko‘rina boshlagan edi. Masalan, Maymuna hammadan yashirib kelgan imonini musulmonlar Makkaga kirishlari bilanoq ochiq e'lon etdi. Ustiga-ustak, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) zavja bo‘ldi. Bu hol mushriklarni g‘azablantirgan edi.

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) ushbu majlisda Maymunaga uylanganlarini e'lon qildilar. Ammo Hudaybiya sulhiga amal qilib, jarchini chaqirib, darhol Madinaga qaytishni e'lon qilinshi buyurdilar. Makkadan o‘n mil uzoqliqdagi Saraf degan joyga kelganlarida Maymuna (roziyallohu anhu) bilan go‘shangaga kirdilar.


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 15:07 | Message # 22
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:
Islom yo‘lida xayr va barakotga vasila bo‘lishi

Makkadan chiqayotganlarida Maymuna hayqirib qurayshiylarni musulmon bo‘lishga chaqirdi. Uning ovozi qurayshiylarga kuchli ta'sir kildi. Xolid ibn Valid shunday dedi:

«Endi har bir aqli joyida bo‘lgan odamga ochiq ayon bo‘ldiki, Muhammad aslo sehrgar yo shoir emas! U olamlar Robbisining kalomi bilan gapiradi».

Ikrima ibn Abu Jahl uning bu gaplariga qo‘shilmadi, Badrda o‘ldirilgan yaqinlarnin eslab, unga qarshi chiqdi. Xolid ibn Valid unga shunday javob berdi: «Bu so‘zlaring johiliyat ishi va g‘ururidandir. Lekin men, vallohi, haq menga ayon bo‘lgan zamon musulmon bo‘ldim...»

Xolid ibn Valid Amr ibn Os bilan birga Madinaga borib, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) bay'at qildilar. Ularning musulmon bo‘lishi bilan Islom yanada quvvatlandi.

Shubha yo‘qki, Maymunaning ochiq murojaat etishi qurayshdan bir qancha kshnilarning Islomga kirishlariga katta ta'sir ko‘rsatga
n edi.


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 15:08 | Message # 23
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:
Muborak xonadonda

Maymuna Madinaga kelganidan so‘ng Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) pokiza xonadonlarida qadrli zavja bo‘lib yashadi. Musulmonlar uchun fazilatli ona bo‘ldi. Itoatli, samimiy, vafodor ayol sifatida zavjalik vazifalarini ado etdi.

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) unga Hamza ibn Abdulmuttalibdan beva qolgan opasi Salma bilan birga yashashga izn berdilar. Keyinchalik uning turmush qurmagan singlisi Umara ham shu xonadonda qoldi.

Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) katta qizlari Zaynab vafot etgan yili Maymuna hali yigirma besh yoshda edi. U Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) tasalli berib, imkoni boricha dardlariga malham bo‘lish harakat qildi.


 
BAXORDate: Yakshanba, 19-Iyun-2011, 15:09 | Message # 24
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 4071
Status:
Vafo ramzi

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etganlaridan so‘ng, Maymuna uzoq yillar sog‘-omon yashadi. Odam o‘g‘illarining sayyidi, hidoyat elchisi va insoniyatning muallimi bo‘lgan Muhammad Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) xotiralarini hurmat qilib, ellik yilcha umrini taqvo bilan o‘tkazdi.

Uning sadoqati, muhabbati shu qadar samimiy ediki, vafot etganidan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan turmush qurishgan joyga dafn etishlarini vasiyat qildi. Shunga ko‘ra uni Sarafga dafn etdilar.

Alloh taolo Hazrati Maymuna onamizdan rozi bo‘lsin. Omin.

«Qahramon mo'mina ayollar» kitobidan


 
OSIYODate: Seshanba, 21-Iyun-2011, 18:41 | Message # 25
Peshqadam
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:
MALXONNING QIZI UMMU XIROM QISSASI

Mana shu Kipr uchun bo‘lgan janglarda ulug‘ sahobai muhtaram, sahoba Ubodat ibni Sobitning xotinlari Malxonning qizi Ummu Xirom shahodat sharafiga noil bo‘lganlar. Ummu Xirom Islomga birinchilar qatori kirgan ansoriylardan edilar. Rasululloh hazratlari u kishining hovlilariga ziyorat etgani keladilar. Masjidil Qubo yaqinidagi xonalarida peshin vaqtlarida uxlab istirohat etardilar. Kunlardan bir kuni Rasululloh hazratlari Ummu Xiromning uylarida kunduzi uxlab dam olayotgan edilar. Uygonib tabassum qilgan holda: «Men tushimda bir guruh ummatimni O'rta Yer dengizida kemada suzib yurganlarini ko‘ribman», dedilar. Ummu Xirom shunda: «Yo Rasululloh, duo qiling, Meni ham OLLOH o‘shalardan qilsun», dsdilar. Rasululloh hazratlari «Sen o‘shalar bilan bir bo‘lasan» dedilar. Keyin yana yotib uxladilar. Bir ozdan so‘ng kulgan hollarida uyg‘ondilar. Kulganlarining sababini Ummu Xirom so‘ragandilar, Rasululloh.: «men tushimda ummatimdan bir guruhining O'rta yer dengizida suzib yurganlarini ko‘ribman», deb javob berdilar. Shunda Ummu Xirom: «Yo Rasululloh, duo qiling men ham o‘shalardan bo‘lay», deganlarida, Rasululloh «albatta, ssn birinchilardan bo‘lasan», dedilar. Ubodat ibni Sobit u muhtaram aslga uylandilar. Keyin o‘zlari bilan birga birinchi dengiz jangiga boshlab chiqdilar. Qirg‘oqqa yetganlarida Ummu Xirom bir eshakka minib olib qirg‘oq bo‘ylab ketardilar. Yo‘lda eshak yerga yiqitib urdi va o‘ldirib qo‘ydi. Mana shu sababli Ummu Xirom Kipr uchun bo‘lgan janglarda eng birinchi shahid bo‘ldilar. U aziza aslning qabrlari Kipr butunlay turk musulmonlari qo‘l ostida bo‘lgan vaqtda musulmonlar ziyorat qiladigan mazor bo‘lib turdi. Keyinchalik Kiprga Markos prezident bo‘lib saylangach, orol ikkiga taqsim qilindi. Ummu Xiromning qabrlari bo‘lgan mavzu nasroniy taqsimiga o‘tib qoldi. Nasroniylar endilikda musulmonlarga mazkur ulug‘ yodgorlikni kelib ziyorat etmoqlikni ma'n etib qo‘ydilar. Endi Misrda bo‘lib o‘tgan voqealarga kelsak, rumliklar bilan bo‘lgan o‘rtadagi ahd buzilgan edi. Iskandariya xakimlari o‘zlarining xorlik chekayotganlarini shikoyat qilib va Iskandariyani bosib olish yo‘llarini ko‘rsatib, qirol Konstantinga maktub yo‘lladilar. Iskandariyada musulmonlarning himoyachilari oz sonli qo‘shindan iborat edilar.

Konstantin lashkarboshisi Emannuel boshchiligida juda katta qo‘shinni Iskandariyani bosib olishga yubordi. Ular osonlikcha bosib oldilar. Kibtiylar rumliklarni yana qaytadan Iskandariyani bosib olganliklardan g‘azablanib xalifaga Amr ibni Osni urushmoq uchun bosh qo‘mondon qilib tayin etishlarini so‘rab xat yozdilar. Usmon Amr ibni Osni hokimiyatdan chetlatgan edilar. Yana qaytadan tayinlab rumliklarga qarshi urishishlikka ijozat etdilar. Amr ibni Os bilan rumliklar o‘rtasida quruqlikda va dengizda juda qattiq dahshatli janglar davom etdi. Ancha davom etgan shiddatli janglardan keyin musulmonlar dushman ustidan to‘la g‘alabaga erishdilar. Dushmanni Iskandariyaga qadar quvlab borib qaqshatgich zarba berib, butunlay tor-mor keltirdilar. Urush musulmonlar g‘alabasi bilan tugagach, Amr jangni to‘xtatishga buyurdilar. Bo‘lib o‘tgan buyuk voqeadan nishona bo‘lib qolishligi uchun «Masjidi rahmat» deb nom qo‘yilgan masjidni qurishlikka amr etdilar.
 
DURDONDate: Payshanba, 07-Iyul-2011, 02:47 | Message # 26
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:

Hafsa binti Umar ibn Hattob r.a.

Hazrati Hafsa (roziyallohu anhu) bilimli, yuksak axloqli, irodasi mustahkam, sadoqatli bir sayyida ayol edi. U hijratning uchinchi yili Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) oilalariga qo‘shilib, mo‘minlarning onasi bo‘lish sharafiga erishdi.

* * *

Hafsa (roziyallohu anhu) payg‘ambarlik kelishidan besh yil oldin Makkada tug‘ildi. Otasi Islom tarixida adolati bilan mashhur bo‘lgan ikkinchi xalifa Hazrati Umardir (roziyallohu anhu). Onasi Zaynab Usmon ibn Maz'unning singlisi edi. Hafsa otasi bilan birga Makkada musulmon bo‘ldi. Ashobdan Hunays ibn Hazofa (roziyallohu anhu) bilan oila qurdi. Ilk musulmonlar safidan joy olgan bu baxtiyor oila Habashistonga, keyinroq Madinaga hijrat qildi.
Hunays (roziyallohu anhu) Abdulloh ibn Hazofaning qardoshidir. Badr va Uhud janglarida ishtirok etgan. Har ikki jihodda ham mardonavor jang qildi. Uhudda qattiq yaralandi. Madinaga qaytgach, shahodat sharbatini ichdi. Hazrati Hafsa juda yosh tul qoldi.

Hazrati Umar (roziyallohu anhu) qizining beva qolishini xohlamas edi. Bir ota o‘laroq, qizini solih bir kishiga uzatishni orzu qilardi. U bu masalani juda ko‘p o‘yladi va Hazrati Hafsaning iddasi tugagach, Hazrati Usmonga (roziyallohu anhu) nikohlash maqsadida uning oldiga bordi. Hazrati Usmon (roziyalohu anho) ham bu paytda yolg‘iz qolgan edi. Zavjasi Payg‘ambarimizning(sollallohu alayhi va sallam) qizlari Ruqayya vafot etgan edi. Abdulloh ibn Umar otasi va Hazrati Usmonning uchrashuvini otasidan shunday naql etadi:

"Usmon ibn Affonning oldiga bordim. Juda g‘amgin kayfiyatda ekan. Ko‘nglini ko‘tarib, tasalli berish uchun unga Hafsadan so‘z ochdim. Xohlasang, Hafsani senga nikohlab beray, dedim. Usmon darhol javob bermadi. Bu haqda o‘ylab ko‘rish uchun muhlat so‘radi. Oradan bir necha kun o‘tganidan so‘ng u bilan yana uchrashdim. Usmon hozircha uylanmasligini aytib, uzr so‘radi".

Hazrati Umar Abu Bakrga (roziyallohu anhu) ham shunday taklif qilmoqchi bo‘ldi. Hazrati Umar:

- Ey Abu Bakr, agar istasang senga qizim Hafsani nikohlab beray, - dedi.

Hazrati Abu Bakr (roziyallohu anhu) indamadilar. Hatto bir og‘iz so‘z ham aytmadi. Bu holatdan Hazrati Umar (roziyallohu anhu) ranjidilar.

Hazrati Umar ikki samimiy do‘stidan ijobiy javob ololmagach, yuragi siqilgancha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirib, shunday dedi:

- Yo Rasululloh! Men Usmonga hayronman. Hafsani unga nikohlamoqchi bo‘ldim, u esa rozi bo‘lmadi. Abu Bakr ham shunday...

Ikki jahon quyoshi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tabassum qilib:

- Yo Umar! Hafsa Usmondan, Usmon ham Hafsadan xayrliroq bo‘lgan birisi bilan oila quradi, - dedilar.

Hazrati Umar bugunlay o‘y-xayol ichida qoldi. Usmondan ham xayrli kuyov kim bo‘lishi mumkin? Shu tariqa bir necha kunni o‘tkazdi. Bir kuni Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hafsani o‘zlariga so‘rab, Hazrati Umarga:

- Sen qizing Hafsani menga nikohla. Men esa qizim Ummu GulsumniUsmonga nikohlayman, - dedilar.

Bu xabardan Hazrati Umarning boshi osmonga yetdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu xabar bilan Hafsani o‘zlariga nikohlash Allohning amri ekanini bildirmoqchi bo‘ldilar. Kisqa fursat ichida to‘y taraddudlari tugallandi. Hijratning uchinchi yili sha'bon oyida Hazrati Hafsa Rasuli Akramga (sollallohu alayhi va sallam) nikohlanib, mo‘minlarning onasi bo‘lish baxtiga erishdi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bu go‘zal tashabbuslari bilan uch ulug‘ sahobalari o‘rtasidagi do‘stlik-birodarlikni, qarindoshlikni yanada mustahkamladilar. Hazrati Oyishani nikohiga olib, Hazrati Abu Bakrning, Hafsani nikohiga olib esa, Hazrati Umarnint ko‘nglini ko‘tardilar. Har ikkisining ham qizlarini mo‘minlarning onalari bo‘lish baxtiga erishtirdilar.

Hazrati Abu Bakr Hazrati Umar (roziyallohu anhum) bildirgan taklifga aniq javob bermagani uchun ich-ichidan ezilib yurgan edi. Chunki u bir sirni bilar, ya'ni, Hazrati Hafsa bilan Rasuli Akramning (sollallohu alayhi va sallam) turmush qurishlari Hazrati Abu Bakrga ma'lum edi. Bu haqqa gapirish omonatga xiyonat bo‘lardi. Shu sababli sukut saqladi. Nikoh o‘qilgach, Hazrati Abu Bakr Hazrati Umarning oldiga kelib, uzr so‘radi va shunday savol bilan murojaat kildi:

- Hafsaga uylanishimni so‘raganingda, javob bermaganim uchun mendan ranjigan bo‘lsang kerak?

- Ha, - dedi Hazrati Umar. Shunda Abu Bakr (roziyallohu anhu) bo‘lib o‘tgan voqeani gapirib berdi:

- Menga bu masala bo‘yicha gap ochganingda, senga javob bermaganimning sababi shuki, Rasululloh Hafsaga uylanishlarini menga aytgan edilar. Albatta, bu sirni senga oshkor qilolmadim, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hafsaga uylanishdan yuz kechsalar, shubhasiz unga uylanardim, - deya Hazrati Umarga tasalli berdi.

Kanday nazokat!.. Kanday yaxshi adab!.. Kanday sadoqat!.. Mana haqiqiy Islom odobi!.. Omonat bir sir... Sukut bir xazinadir... Omonatga rioya va sukutni ixtiyor etish insonga amniyat va bezakdir...


 
DURDONDate: Payshanba, 07-Iyul-2011, 02:50 | Message # 27
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Davomi

Hazrati Hafsa Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) xonadonlariga Savda va Oyisha onalarimizdan keyin kelin bo‘lib keldi. Saodat uyiga kelganida u yigirma yoshlarda edi. Savda onamiz Oyisha kabi uni ham buyuk bir ko‘ngil xotirjamligi ichida qarshi oldi. Har ikkisiga ham xizmat qildi. Hafsa yosh bo‘lishiga qaramay, oqila, otasi kabi bir so‘zli, irodasi mustahkam edi.

Xonai saodatda bu ikki yosh onalarimiz Payg‘ambarimizga ( sollallohu alayhi va sallam) xizmat qilishda, go‘yo musobaqalashayotgandek g‘ayrat qilar edilar. Juda yuksak darajada sevgi-hurmat ko‘rsatar edilar. Rasululloh bu ikki yosh zavjalari ikki aziz birodarlarining qizi bo‘lgani bois ham imkon boricha sabr-toqat bilan munosabatda bo‘lar, ayollik zaifiyatlarini, yoshliklari nihisobga olib, yanada marhamatli, yanada shafqatli muomala qilar edilar. Lekin barchalari ahli bashar emasmi, og‘ir kunlari ham bo‘lib turardi.

* * *

Bir kun Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam) Zaynab binti Jahshning xonasida asal sharbati ichdilar va biroz ushlanib qoldilar. Bu holat ikki yosh zavjalarining diqkatini tortdi va ikkovlari kelishgan holda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yonlariga borganlarida ul zoti muborakdan sarimsoq hidi kelayotganini aytishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sarimsoq yemaganini, asal sharbati ichganlarini aytdilar va:

- Demak, asalari sarimsoq yalagan ekan, - deb, bundan so‘ng aslo asal sharbati ichmaslikka qasam ichdilar.

Bu voqea sabab bo‘lib Alloh taolo Tahrim surasining ushbu oyatlarini nozil qildi (mazmuni):

"Ey payg‘ambar, nega siz juftlaringizning roziligini istab, Alloh siz uchun halol qilgan narsani harom qilib olursiz?! Alloh mag‘firatli, mehribondir".

Faxri Koinot Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) zavjalaridan ayrilib, xilvatga yuz burdilar. Bu tadbir bilan yosh zavjalarini tarbiyalamoqchi bo‘ldilar. Biroq ashob orasida Rasululloh zavjalari bilan ajrashibdilar, degan so‘z tarqaldi. Hazrati Umar bu xabarni eshitgach, qizi Hafsadan biror xato o‘tdimikin deb darhol hujrai saodatga yo‘l oldi. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) ichkari kirishga izn olgach, ko‘ngilga taskin beruvchi shu so‘zlarni aytdi:

- Yo Rasululloh! Zavjalaringiz sababli qanchalik qayg‘u chekyapsiz. Shoyad, ular bilan ajrashsangiz, Alloh ham, farishtalari ham Siz bilan birgadir. Men ham, Abu Bakr ham, mo‘minlar ham Siz bilan birga...

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tabassum kildilar. Guldek yuzlaridan nur sochildi.

- Zavjalarim bilan ajrashganim yo‘q, faqat xilvatga kirdim, - deya Hazrati Umarning qalbiga orom beruvchi va mo‘minlarni sevintiruvchi so‘zlarni aytdilar.

Hazrati Umar masjidga keldi va musulmonlarga vaziyatni tushuntirib berdi.

* * *

Hazrati Hafsa tabiatan biroz qattiqqo‘l edi. Hazrati Oyisha uni shunday tavsif etadi: "Hafsa tom ma'noda otasining qizidir. Mustahkam irodasi bor. Bir so‘zli va qat'iyatlidir".

Bir kuni Rasuli Akram Hafsa onamiz oldida Hudaybiyada bay'at etgan ashobni eslab:

- Inshaalloh, Hudaybiyada bay'at etgan ashobim jahannamga kirmaydi, - deb marhamat qildilar.

Hafsa (roziyallohu anhu) esa: "Sizlardan har biringiz unga (jahannamga) tushguvchidirsiz. (Bu) Parvardigoringiz (amriga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir", (Maryam, 71) oyatini o‘kidi. Payg‘ambarimiz ham unga: "So‘ng taqvodor bo‘lgan zotlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz", (Maryam, 72) oyatini o‘qib, javob berdilar.

Hazrati Hafsa onamiz ibodatda mustahkam edi. Ko‘p namoz o‘qir va nafl ro‘za tutardi. Uning hayoti ham boshqa onalarimiz kabi faqirlikda o‘tdi. Yotoq o‘laroq foydalanadigan birgina sholchasi bor edi. Yoz kunlari uni tagiga to‘shar, qishda esa bir tarafini ostiga to‘shab, bir tarafini ustiga yopardi. Ko‘pincha yeyishga non topolmas edi. Shunday bo‘lsa ham sira shikoyat qilmas, doim shukr qilib yashardi.

U Rasuli Akramga (sollallohu alayhi va sallam) sadoqat va muhabbat bilan bog‘langan edi. O'ziga hadya qilingan narsalarni yeb-ichmay, Rasulullohga iqrom qilardi. Ul zotni doimo o‘z nafsidan yuksak va afzal bilardi. Bir kuni Hazrati Hafsaga bir tulum asal tortiq qilishdi. Rasuli Akram uning xonasiga kirganlarida, Hafsa o‘sha asaldan ikrom etardi.

* * *

Hazrati Hafsa Faxri Koinotning (sollallohu alayhi vasallam) dorulbaqoga irtixollaridan so‘ng ham muhim xizmatlarni ado etdi. Hazrati Abu Bakr davrida Qur'oni karim oyatlari bir yerga to‘planib, Mushaf holiga keltirilgan edi. Bu yagona nusxa Hazrati Abu Bakrda turardi. Vafotidan so‘ng Hazrati Umarning nazoratiga berildi. Hazrati Umar ham yaralanib, shahid bo‘lgach, qizi Hazrati Hafsa onamizga topshirildi. Hazrati Hafsa uni sadoqat bilan muhofaza qildi. Hazrati Usmon davrida bu nusxa ko‘paytirildi.

* * *

Hazrati Hafsa onamiz oltmishga yaqin hadis rivoyat qilgan. Hijratning 45-yili Hazrati Muoviyaning xalifaligi davrida oltmish yoshida vafot etdi. Janoza namozini Madina voliyi Marvon ibn Hakam o‘qidi. Baqi' qabristoniga, mo‘minlar onalari oldiga, abadiy istirohatgohiga qo‘yildi. Alloh taolo Hazrati Hafsa onamizni rahmatiga olgan bo‘lsin. Omin.


 
DURDONDate: Shanba, 30-Iyul-2011, 02:44 | Message # 28
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Sauda binti Zaima



 
DURDONDate: Shanba, 30-Iyul-2011, 02:46 | Message # 29
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:
Oisha binti Abu Bakr



 
DURDONDate: Seshanba, 02-Avg-2011, 21:01 | Message # 30
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10134
Status:

Hafsa binti Umar



 
  • Page 1 of 2
  • 1
  • 2
  • »
Search: