bushro | Date: Payshanba, 26-Mar-2009, 17:14 | Message # 1 |
Eng tajribali
Group: Ishonchli
Messages: 721
Status:
| Bir odam Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan: “Go‘zal axloq nima?” deb so‘radi. Rasululloh (s.a.v.) “(Ey, Muhammad), marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring!” mazmunidagi oyatni o‘qib, so‘ng buyurdilar: “Go‘zal axloq sen bilan qarindoshlik rishtalarini uzganlarga kengroq va rahm-shafqatliroq bo‘lishing, sendan yaxshilikni ayaganlarga yaxshilik qilishing va senga zulm o‘tkazganlarni afv etishingdir!” Chiroyli xulq egasi bo‘lish imkoniyati har bir bandaga berilgan. Biroq har birimiz ham bu imkoniyatdan foydalana olmas ekanmiz. Nafs, ta’ma, ochko‘zlik, bir so‘z bilan aytganda, shaytoniy xayollar bizni go‘zal axloqdan yiroqlashtirib qo‘yarkan. Ammo, roviylarning bayon etishlaricha, qiyomat kuni amallar tarozida tortilganda eng og‘ir tosh bosadigani Ollohdan qo‘rquv va go‘zal axloqdir.
Bir kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga old tarafdan bir odam kelib: “Ey, Ollohning Rasuli, din nima?” deb so‘radi. Rasululloh: “Go‘zal axloq!” deb javob berdilar. So‘ngra u kishi o‘ng tomonlariga o‘tib so‘radi: “Ey, Ollohning Rasuli, din nima?” Rasululloh yana: “Go‘zal axloq!” deb javob berdilar. U odam Rasulullohning so‘l tomonlariga o‘tib, yana: “Ey, Ollohning Rasuli, din nima?” dedi. Rasululloh: “G‘azablanmaslik! Tushundingmi?” deb javob berdilar.
E’tibor bering, agar bizdan birov biror narsani ikki-uch qayta so‘rasa, g‘azablanib ketamiz. Muhammad (s.a.v.) esa g‘azabdan o‘zlarini tiyib, javob berdilar. Demak, birovga jahl qilmaslik ham go‘zal axloqning fazilati sanaladi.
Bir odam Payg‘ambarimiz (s.a.v.) huzurlariga kelib:
— Ey, Ollohning Rasuli, menga o‘git bering! — dedi. Rasululloh (s.a.v.) buyurdilar:
— Qaerda bo‘lsang ham Ollohdan qo‘rq!
— Yana ayting! — dedi u odam.
— Yomonlikdan keyin shunday bir yaxshilik qilki, bu yaxshilik yomonlikning izini yuvib ketsin.
— Yana ayting!
— Odamlarga chiroyli muomala qil, — deb marhamat qildilar Payg‘ambar (s.a.v.).
Ashobi Kirom sevikli Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan so‘radilar:
— Yo, Rasululloh! Bizning mahallada bir xotin bor. Kunduzlari ro‘za tutadi, kechalari uyg‘oq, ibodat qiladi. Faqat qo‘shnilari bilan yaxshi muomalada emas. Ularga xunuk gaplar gapiradi. Bu ayol haqida nima deysiz?
Rasuli Akram (s.a.v.):
— Ul xotinda hech ezgulik yo‘q. U jahannamga borguvchidir. Haqiqiy musulmon ul kishidirki, uning qo‘lidan, tilidan hech kim jabr ko‘rmaydi, — deb marhamat qildilar.
Birovni qarg‘amaslik, ozor bermaslik lozim. Kimdadir savol tug‘ilishi mumkin: “Nohaqlik qilgan bo‘lsa hammi?” Go‘zal axloq egasi Ollohning marhamatiga ishonadi. Unga kim yomonlik qilsa, mehribon Tangri uni jazolashini ham biladi. Shu bois yomonlik qilgan kimsaga nisbatan adovat, gina saqlamaydi.
Muhammad (s.a.v.) dedilar:
— Qiyomat kuni amallar tortilganda taroziga birinchi qo‘yiladigan narsa go‘zal axloq va jo‘mardlik (saxovat)dir.
Olloh imonni yaratganda, u shunday degandi: “Ollohim, meni quvvat bilan ta’minla!” Shunda Olloh uni go‘zal axloq va jo‘mardlik bilan ta’minladi. Olloh kufrni yaratganda, u ham shunday degandi: “Ollohim, meni quvvat bilan ta’minla!” Shunda Olloh uni yomon axloq va xasislik bilan ta’minlagandi.
Demak, xasis va yomon axloq egasi Ollohga kufr keltirgan bilan barobardir.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) duo o‘qiganda shunday der edilar: “Ollohim, meni go‘zal qilib yaratganing kabi fe’lu atvorimni ham go‘zal qil. Ollohim, men Sendan tansihatlik, xotirjamlik va go‘zal axloq tilayman!”
Biz sizga go‘zal axloq egalari uchun ikki dunyo ham saodatli bo‘lishini ta’kidlamoqchimiz, xolos. Zero, xalqimiz “Shirin so‘zga ilon inidan chiqar” degan hikmatni bejiz aytmagan. Bir-birimizga oqibatli, shirinsuxan bo‘lishni nasib etsin.
|
|
| |
bushro | Date: Payshanba, 26-Mar-2009, 17:14 | Message # 2 |
Eng tajribali
Group: Ishonchli
Messages: 721
Status:
| HADISLAR Rasululloh (s.a.v.) buyurdilar:
“Sen insonsan, Olloh seni go‘zal qilib yaratdi. Sen ham axloqingni go‘zallashtir”.
* * *
“Bandasiga ato etilgan eng yaxshi xususiyat — go‘zal axloqdir”.
* * *
“Sizlarninig orangizda men ko‘proq yaxshi ko‘radigan kishilarim va qiyomat kuni davramga eng yaqin bo‘lajak odamlarim axloqan eng go‘zal bo‘lgan kimsalardir”.
* * *
“Siz mollaringiz bilan insonlarni huzur-halovatga yetkaza olmaysiz. Ularga ochiq chehra, kular yuz va go‘zal axloq bilan huzur-halovat yetkazasiz”.
* * *
“Sirka asalni buzganiday, yomon axloq ham amallarni buzadi”.
|
|
| |