Aqliy rivojlantiruvchi o’yinlar (1,5-2 yoshli bolalar uchun)
“Hayvonot olami”. Bu mashg’ulot uchun uch-to’rtta hayvonning surati kerak bo’ladi (suratlar, albatta, rangli va tiniq bo’lishi kerak). Bu suratlarni birma-bir qo’lingizga olib, bolaga ko’rsating. Rasmdagi har bir hayvonning qanday ovoz (masalan, itning vovillashi, sigir “muu”, echki “mee” va hk.) chiqarsa, siz ham shunday ovoz chiqaring. Keyin esa bu tovushlarni FARZANDingiz bilan birgalikda chiqaring.
Asta-sekin bu hayvonlarni odamlar nima uchun uyda boqishlari haqida FARZANDingizga gapirib bering. Bir necha muddat vaqt o’tgach, bolangizni yovvoyi hayvonlar bilan tanishtiring. Uy hayvonlari yoki yovvoyi hayvonlar haqida tushuncha berib o’tar ekansiz, aslo bolani “Hozir u seni yeb qo’yadu” yoki “”Aytganimni qilmasang unga berib yuboraman” deb qo’rqitmang. Aks holda, bolani qo’rqoq qilib qo’yishingiz yoki bu bilan mashg’ulotlardan bezdirib qo’yishingiz mumkin.