Londonda “1F” raqami rekord narxda sotuvga chiqmoqda
Tashkilotchilarning fikricha, “Formula-1” raqamiga o‘xshash bu belgining bahosi 800 ming funtdan 1,2 million funt sterlinggacha yetishi mumkin. Agar ushbu savdo muvaffaqiyatli yakunlansa, “1F” Britaniya tarixidagi eng qimmat raqamga aylanadi. Eslatib o‘tamiz, bugungacha rekord “25 O” raqamiga tegishli bo‘lib, u 518 ming funtga sotilgan va hozirda Ferrari LaFerrari superkarida o‘rnatilgan.
Auksion 1 noyabr kuni o‘tkaziladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “1F” raqami ilk bor 1957 yilda Esseks okrugida ro‘yxatdan o‘tgan va shu paytgacha bir nechta eksklyuziv avtomobillarda, jumladan Ferrari 812 GTS modellari orasida qo‘llanilgan.
RM Sotheby’s kompaniyasining Britaniyadagi savdo bo‘yicha direktori Sholto Gilbertson ta’kidlashicha, noyob raqamlarga bo‘lgan qiziqish hali ham juda katta. “Qisqa kombinatsiyalar har doim kolleksionerlar orasida qadrlanadi. ‘1F’ raqami bundan avval ham katta summaga baholangan va bu safar yangi rekord o‘rnatilishi ehtimoli yuqori”, — dedi u Daily Mail’ga bergan suhbatida.
Buyuk Britaniyada shaxsiy avtorakamlar bozori hozirda 2 milliard funt sterlingga teng bo‘lib, bu sohada mamlakat dunyodagi eng yirik bozorlardan biri hisoblanadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi 30 yil ichida shaxsiy raqamlarning narxi bir necha barobar oshgan.
Agar 1990-yillarda bunday raqamlarni 2 000 – 10 000 funtga sotib olish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ayrim noyob raqamlar 50 000 funtdan yuqori baholanmoqda. Ayrim investorlar hatto raqamlarga yuz minglab funt sarmoya kiritib, keyin ularni yuqori narxda sotib foyda olishmoqda. Ba’zi hollarda bunday investitsiyalar soatlar, zargarlik buyumlari yoki klassik avtomobillar bozoridagi daromaddan ham yuqori bo‘ladi.
Biroq Britaniyaning “1F” raqami jahon rekordini yangilay olmaydi. Chunki 2023 yilda Dubayda “P-7” raqami 55 million dirham (taxminan 12 million funt sterling) evaziga sotilgan. Bu raqam hozircha dunyodagi eng qimmat avtorakam sifatida qayd etilgan.
Qizig‘i shundaki, undan avvalgi rekord ham dubaylik tadbirkor Said Abdul G‘affar Xuriyga tegishli bo‘lgan. U 2008 yilda “1” raqamini 7 million funtga sotib olgan va uni o‘zining Rolls-Royce Cullinan hamda Mercedes G-Wagen avtomobillariga o‘rnatgan.
Shunday qilib, Londondagi bu auksion nafaqat Britaniya, balki butun dunyo kolleksionerlarining e’tiborini tortmoqda. Muxlislar “1F” raqami yangi rekord o‘rnatadimi yoki yo‘qmi — shu savolga javobni 1 noyabr kuni bilishadi.






