Qanday qilib o'zingiz istagan sovunni o'z qo'llaringiz bilan tayyorlash mumkin? O’z qo’llaringiz bilan sovun qilish – bu uyda zerikib qolgan bekaning o’ylab chiqarganlari emas, balki ijod uchun erkinlik, yaqin do’st va qarindoshlar uchun ajoyib sovg’a va shuningdek, oddiy qiziqishdan biznesga ham aylantirish mumkin bo’lgan eksklyuzivdir. Avvaldan aytib qo’yay, kuchuk va mushuklar, hamda boshqa hayvonlarni bu ezgi vat inch maqsadimiz yo’lida qurbonlikka aylantirmaymiz. Plastik jarrohlik klinikalaridan ham yog’ o’g’irlash niyatimiz yo’q. Bor narsalardan foydalanib, o’zimiz istagan sovunni yaratishga urinib ko’ramiz.
Albatta, ko’pchilik uchun issiq suv va sovun kukunlari ichida uymalashib yurgandan ko’ra, tinchgina magazindan uni sotib olgan yaxshi. Narxi jihatdan ham bu ancha qulay. Ammo o’zingiz tayyorlasangiz, o’z mehnatlaringiz bilan faxrlanishingiz, hamda Siz yaratgan kabi sovun boshqa hech kimda yo’qligiga ishonchingiz komil bo’la oladi. Bu jarayon davomida Siz his qilgan zavq va hayajonni ham hech qayerdan sotib olib bo’lmaydi.
Shunday qilib, asosiy maqsadga ko’chamiz:
Nimalar kerak bo’ladi?
– Sovun (Bolalar sovuni yaxshiroq, chunki unda kuchli hid yo’q va qimmat turmaydi).
– Asosiy yog’lar: bodom, kedr, oblepixa... Eng asosiysi – o’tkir hidlarsiz.
– Efir moylari (limonli, lavandali, choy daraxtili va hk.).
– To’ldiruvchilar (gullarning quritilgani).
– Suv
– Suv vannasi uchun idish
– Shakllar (shishadan bo’lmagani ma’qul).
Hamma kerak bo’ladigan narsalarni istalgan dorixonadan olish mumkin.
Qanday tayyorlaymiz:
1. Qirg’ichning mayday tishidan sovunni o’tkazing. Ko’p sovun tayyorlovchilar bundan oldin sovunni oftobda yoki issiq batareyada biroz ushlab turishni maslahat beradilar. Chunki havo sovun changlari bilan to’lib, nafas olishda qiyinchilik, aksirish tug’dirishi mumkin.
2. 1 qoshiq asosiy yog’dan oling (agar bir xil yog’ turidan foydalanayotgan bo’lsangiz, 2-3 qoshiq) va 1 qoshiq gliserin qo’shing. Aralashtiring. Idishni suv vannasiga qo’ying.
3. Yog’ni qizdirib oling. Sovunni ozginadan soling. Sovun tezroq aralashishi uchun, tagiga issiq suvdan qo’shing.
4. Sovun suyuq xamirni eslatadigan ko’rinishga kelgach, bir necha tomchi efir moyidan qo’shing. Yaxshilab aralashtirib turing.
Agar sovunning hidi u qadar yoqimli bo’lmasa, yana efir moyidan tomizing. Juda ko’p qo’shib yubormang.
5. To’ldiruvchilarni qo’shing va aralashtiring. Ba’zilar buning uchun maydalangan kofedan foydalanishni ham maslahat beradilar. Bu bilan teri uchun yumshoq va tabiiy skrab olish mumkin. Ko’pchilik qirg’ichdan chiqarilgan tropic mevalardan ham foydalanishadi, masalan, banandan.
6. Endi sovunni shaklga quying.
7. Sovuganida muzlatgichga qo’ying.
8. Sovunni butunligicha olish uchun idishni issiq suvli tarelkaga qo’ying. Lekin ko’pga emas, aks holda sovuningiz erib ketadi.
9. Quriting (1-2 kun).
10. Sog’liq uchun ishlating!