RSS
Yangiliklar-Новые сообщения · Azolarimiz-Участники · Forum qoidasi-Правила форума · Qidirish-Поиск
  • Page 1 of 1
  • 1
Forum moderator: DURDON, SAKINA  
USMON IBN AFFON
MASTERDate: Juma, 10-Okt-2008, 07:01 | Message # 1
Adminstrator
Group: ADMINISTRATOR
Messages: 7418
Status:
USMON IBN AFFON


Usmon ibn Affon milodiy 576 yili Makkada tug’ildi. Otasi Affon savdo kishisi bo’lgan. Usmoning nasli payg’ambarga va islomga qarshi dushmanlik qilgan umaviylar xonadonidan bo’lsada, lekin u o’z xonadoni siyosatiga zid ravishda Muhammad payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam)ning tarafdorlariga qo’shilib, dastlab islomni kabul qilganlardan biri xisoblanadi. Saqlanib qolgan ma’lumotlarga qaraganda Usmon ibn Affon o’ziga to’q savdogar oilasidan chiqqan, uning o’zi ham badavlat kishi bo’lgan, shu jihatdan uning islom dinini qabul qilishi musulmonlarga ancha madad bo’lgan.
Manbalarda ko’rsatilishicha, u Abu Bakr bilan yaqin do’st ekan, hatto u kishining tavsiyasi bilan islomga mayl paydo qilib, to’g’ri payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam) huzuriga kirib borgan va u zotning yo’lini tutgan. Shu tariqa payg’ambarga eng yaqin kishilardan bo’lib qolgan.
Manbalarning ko’rsatishicha, Usmon ibn Affon ko’p sahiy kishi bo’lgan. U kishi islomni qabul qilgach, o’z mol-mulki va davlatini bu yo’lga sarf eta boshlaydi.
Payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam)ning qizlari Ruqaya dastlab Abu Lahabning o’g’li Utbaga uzatilgan edi. So’ngra payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam)ga vahiy kelib, u kishi odamlarni islomga da’vat qilayotgan kezlarda Utba otasi Abu Lahabning taziyiqi ostida payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam)ga qarata: “Sening dining ham, qizing ham kerakmas”, deb Ruqayani taloq qiladi. Bu paytlarda Usmon ibn Affon islomni qabul qilib, musulmon bo’lgan edi. U Ruqayaga uylanadi va payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam)ga kuyov bo’lib qoladi. Hatto mushrikiylarning taziyqidan qochib, Usmon Ruqaya bilan Habashistonga ham ko’chadi, u yerda bir qancha vaqt yashab, so’ng oilasi bilan Makkaga qaytib keladi, keyin Madinaga xijrat qiladi. Madinada Ruqaya xastalanib, vafot etgan, u payg’ambarning boshqa qiziga, avval Abu Lahabning ikkinchi o’g’liga uzatilgan va otasi tufayli u taloq qilgan qizi Ummu Kulsumga uylanadi. Shu tufayli u kishi elaro «Zunnurayn» (ikki nur soxibi) nomini oladi.
U kishi jamoat bilan ishlashda ancha uddaburon, qo’li uzun odam edi. Musulmonlar suv tanqisligiga uchraganda, u bir yahudiyning qo’l ostidagi quduqni sotib olib, islom yo’liga vaqf etadi, natijada, musulmonlar shu quduq suvidan tekinga bemalol foydalanadigan bo’ladilar.
Keyinroq payg’ambarning ikkinchi qizi Ummu Kulsum ham vafot etadi. Shunda payg’ambar: “Agar qizim qirqta bo’lganda edi, shunda ham bittama-bitta Usmonga uzatgan bo’lardim”, deb unga tasalli bergan ekanlar.
Hatto payg’ambarimiz(sallallohu alayhi vassallam) u kishiga qarab:
— Sen mening dunyo va oxiratda yaxshi ko’rganimsan,— deganlar.
Yana u kishi (sallallohu alayhi vassallam) aytganlar:
— Har bir payg’ambarning ummatlari ichida bitta do’sti bo’ladi. Mening jannatda do’stim Usmondir.
Bibi Oyshadan naql etilishicha, bir kuni payg’ambarimiz(sallallohu alayhi vassallam) havo issiqligidan kiyimlarini yengillashtirib pochalarini tizzalarigacha shimarib o’tirgan ekanlar. Shunda Abu Bakr, undan sung Umar u kishi huzuriga oldinma-ketin kirib keladilar. Payg’ambar bular bilan o’sha kuyda o’tirganlaricha ko’rishadilar. Ammo oradan sal vaqt o’tmay, u yerga Usmon ibn Affon kirib keladilar. Shunda u kishi yonboshlab o’tirgan holdan turib, shimarilgan tizzalarini to’g’rilab, o’nglanib o’tiradilar-da, suhbatlashishga tushadilar.
Mehmonlar ketgach, Oysha roziyallohu anho so’raydi:
— Otam Abu Bakr kelganda ham holatingizni buzmadingiz, Umar kelganda ham. Ammo Usmon kelganda o’nglanib o’tirdingiz, nega bunday qildingiz?
Shunda payg’ambarimiz(sallallohu alayhi vassallam) Oysha onamizga qarab:
— Malaklar hayo qilgan bir kishidan men hayo qilmaymi? — deb javob qiladilar.
Yana Usmon haqida gap ketganda payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam): «Jannatda mening yo’ldoshim Usmon bo’ladi» deganida ham u kishining martabasini yuqori qo’ygani va ko’p hurmat-ehtiromda bo’lganliklari tushiniladi.


وَلاَ حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ إِلاَّ بِاللَّ
 
MASTERDate: Juma, 10-Okt-2008, 07:02 | Message # 2
Adminstrator
Group: ADMINISTRATOR
Messages: 7418
Status:
Davomi

Chindan ham payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam) Usmonni juda ham yaqin tutar edilar. Ko’pchilik odamlar u kishining hulqini, hayo va odob namunasi, deb bilishardi. Usmon ibn Affon tabiatan o’ta muloyim, yumshoq fe’li atvoridan odamlar diqqatini o’ziga jalb qiladigan kishi edi. U 34 yoshda islomni qabul qiladi. O’ziyam endi yetilgan, odamlarga nufuzi ham zo’r savdogar edi. Musulmon bo’lganini bilgan amakisi Hakim ibn Abul-Os undan bir qancha vaqt hazar qilib yurgan, keyin uni tutib olib daraxtga bog’lab qo’ygan va unga “to bu dindan kechmaguningcha, senga hech yemak bermayman” degan. Usmon bo’lsa “Meni o’ldirsangiz ham men bu dindan chiqmayman” degan. Shunda uning yor-do’stlari uni qutqarishgan ekan.
Abu Bakr va Umar xalifalik kursisida bo’lgan vaqtida ham Usmon yirik bir siymo sifatida tanilgan edi. Nihoyat Madina shahrida bo’lgan qabila boshliqlarining uch kun davom etgan kengashi nihoyasida to’rtinchi kuni tush vaqtida masjidda to’plangan odamlarga Usmon ibn Affonning xalifa bo’lganligi e’lon etiladi. Bu voqea xijriyning yigirma to’rtinchi yili boshlarida, milodiyning 644 yilida yuz bergan edi.
Zotan payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam) hayot chog’ida ham ul zotning vakili sifatida Usmon siyosiy ishlarga aralashib turar edi. Bir gal payg’ambarning elchisi bo’lib mushrikiylar bilan muzokara olib borish uchun Makkaga otlanadi. U ayni chog’da haj qilish niyatida edi. Shunda mushrikiylar Usmonga hurmatan hajiga monelik qilmaydilar. Mushriklar unga qarab:
— Sen orqangga qaytgin-da, seni jo’natganga ayt, u hech qachon Makkaga kelib Ka’bani tavof etib o’tirmasin. Ammo sen o’zing bo’lsang, marhamat, qachon istasang, o’sha kezda tavof etishing mumkin, deyishgan.
Shunda Usmon ibn Affon:
— Men payg’ambarsiz Ka’bani tavof etmayman, — dedi.
Raqiblar Usmonning bu gapidan jahilari chiqsada, ammo unga biror yomonlik qilmaydilar, lekin doimo uning qilmishini nazorat qilib yuradilar.

Usmon payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam) hayot chog’larida islomga ancha moddiy yordam bilan qarashgan edi. Mashhur Тabuk jangida u kishi ming dinor pul, ellik ot va yuzta tuya yuborib, musulmonlarga yordam ko’rsatgan. Shu bilan birga Usmon kambag’allarga ko’p hayru exsonlar qilsada, o’zi kamtarona hayot kechirardi. Hatto Madinada ocharchilik bo’lgan yili Usmon Suriyadan yuzta tuyada bug’doy keltirgan va odamlarga ancha muruvvat ko’rsatgan, u bug’doylarni odamlarga tekinga tarqatgan. Usmonning bu ishidan xalifa Abu Bakr ko’p mamnun bo’lib, uning saxiylik qilgan qo’lini o’pgan edi. Bu esa u kishining saxovatiga bergan yuksak baho edi.
Bir gal payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam)ning uyida oziq-ovqat qolmaganidan Usmon xabar topib qoladi. U shu zahoti payg’ambar alayhissalomning uylariga bir qo’y jo’natadi, qo’y bilan birga un, yog’ keltiradi. Ularni keltirib, payg’ambar(sallallohu alayhi vassallam)ning zavjayi muxtaramalari Oysha onamizga topshirib:
—Payg’ambar alayhissalom tabiatlari bo’yicha bularni boshqalarga bo’lib berishlari mumkin. Lekin u kishi aslo bunday qilmasinlar. Zero men boshqalarga ham shunday narsalarni yuboraman, — deydi,
Payg’ambarimiz kelib, u kishining bu ajoyib ishini ko’rib, undan nihoyatda mamnun bo’ldilar va “Yo Rabbim, Usmonning o’tmish, hozir va kelajakda qilmish ochia va yashirin gunohlari bo’lgan bo’lsa kechirgil”, deb duo qiladilar.
Yana kitoblarda naql etilishiga ko’ra, Ali ibn Abu Тolib payg’ambarning qizlari Fotimaga uylanadigan bo’ladi. Тo’y harajatlari uchun sovutini sotmoqchi bo’lib, bozorga borsa, qo’qqisdan u yerda Usmonni ko’rib soladi. Uning savoliga javob berib uylanmoqchi bo’lganini va mahr haqqiga sovutini sotishga kelganini aytadi. Usmon darhol unga turt yuz sakson dirham berib sovutini undan sotib oladi, keyin sovutni qo’liga olib:
— E Ali, Alloh yo’lida xizmat qilishing uchun bu sovutni senga to’y sovg’asi sifatida yubormoqchiman, bu sovut senday islom qahramonlariga loyiq,— deydi.
Usmon ibn Affon mana shunday nodir va ajoyib, bor- budini ayamaydigan o’ta sahiy bir kishi edi.


وَلاَ حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ إِلاَّ بِاللَّ
 
farhodislomDate: Shanba, 11-Okt-2008, 22:51 | Message # 3
Sayt yordamchisi
Group: Ishonchli
Messages: 38
Status:
GUNOHDAN VOZ KECHISH

A’u’zu billa’hi minash shaytonir raji’m.
Bismilla’hir rahma’nir rahi’m.

Olamlarni tarbiyat qiluvchi Alloh taologa beadad, go’zal va muborak (barakotli) hamd bo’lsin. Uning Zoti azamatiga va saltanatining buyukligiga qandayin hamd sazovor bo’lsa, shunday hamdu sanolar bo’lsin. Va Sayyidimiz – Muhammad alayhissalomga va uning ahli xonadoniga va ashoblariga va Unga sidqidildan tobe’ bo’lgan barcha izdoshlariga salotu salomlar bo’lsin.

Aziz va muhtaram birodarlarim!
Alloh taolo jalla jaloluhu shu muborak oyda barchamizni fayzu barakotidan hissamandu hissador qullaridan aylasin! Namozu niyozlarimizni, tarovihu ro’zalarimizni rahmatiga erishmog’imiz, rizosini qozonmog’imiz uchun vasila qilsin.

Alloh taolo Payg’ambarimizga nimalarni o’rgatgani ko’pchilikka ma’lum. Rasululloh bu haqda:
«Rabbim meni tarbiya qildi va tarbiyamni go’zal ayladi», – deya lutf etganlar. Bir yetim bolani Alloh taolo o’zi yetishtirdi va ulumi avvalinu oxirinni unga ato qildi. Hadisi shariflari kutubxonalarni shunday to’ldirdiki, inson ularni umr bo’yi o’qib tugata olmaydi. Alloh taolo Ul zotga ko’p narsalarni o’rgatdi, ko’rsatdi va hech bir bandaga nasib etmagan martabalarga erishtirdi. Unga me’rojni nasib etdi va hayotligi davrida o’z dargohi izzatiga qabul qildiki, bu bashar ahlidan hech kimga nasib etmagandi. Chunki u muborak zot sarvari anbiyo – Payg’ambarlarning sarvari, Habibi Mustafo – tanlangan sevgili quli. Shuning uchun ham ul zotga ko’p narsalarning sir-asrorini bildirdi.
 
OSIYODate: Seshanba, 21-Iyun-2011, 18:04 | Message # 4
Yangilardan
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:
Usmon ibn Affon r.a.

Usmon ibn Affon fil voqeasidan yoki Payg‘ambarimiz alayhissalom tug‘ilganlaridan olti yil o‘tib tavallud topdi. Hazrati Usmon boy va o‘ziga to‘q oilada o‘sib-ulg‘aydi. Qabilaning boy kishilari jo‘natgan karvon bilan Shom va Yamanga tijorat uchun safarga chiqdi. Hazrati Usmonning to‘liq ismi Usmon ibn Affon ibn Abul Os ibn Umayya ibn Abdu Shams ibn Abdumannof Ummaviy Qurashiydir. U kishi o‘rta bo‘yli, ko‘rkam, chiroyli yuzli, nozik jussali, yuzi qizil va soqoli qalin kishi bo‘lgan.

* * *

Usmon johiliyat davrida ham kechirimli, saxiy, aqlli, ma'rifatli va vazmin bo‘lib, hayosi bilan mashhur edi. Kunlardan birida Usmon Ka'ba yonidan o‘tayotganida unga Muhammadning qizi Ruqiya Utba ibn Abu Lahabga nikohlanganini aytishdi. Ruqiya juda chiroyli va ko‘rkam qiz edi. Usmon bu xabarni eshitib, qayg‘uga botdi va o‘z nafsiga aytdiki:

- Sen tufayli uni qo‘ldan chiqardim. (Izoh: Usmon (r.a.)ning hayolari shu darajada kuchli bo‘lganidan Rasulullohdan qizlari qo‘lini so‘rashga botinolmagan.)

Usmon ibn Affon Abu Bakr Siddiq da'vati bilan islomga kirgan. Hazrati Usmon iymon keltirganlardan beshinchi o‘rinda bo‘lsa, Islom uchun xizmat qilgan kishilar ichida avvalgisi bo‘ldi.

Usmon ibn Affonning Islom dinini qabul qilgani amakisiga o‘z-o‘zidan yoqmadi. Amakisi unga:

- Sen ota-bobolaring dinini tark qilib, yangi dinga o‘tdingmi? Allohga qasamki, agar bu dindan voz kechmaganingcha men seni kechirmayman, - dedi.

Usmon ibn Affon unga javoban:

- Allohga qasamki, bu dindan voz kecholmayman va undan ajralmayman, - dedi.

Amakisi Hakim uning niyati qat'iy ekanini ko‘rib, bu urinishlar befoyda ekan, degandek uyini tark qildi.
 
OSIYODate: Seshanba, 21-Iyun-2011, 18:05 | Message # 5
Yangilardan
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:


* * *

Abu Lahab bilan xotini Ummu Jamil ko‘z oldilarida o‘sib-ulg‘aygan bir kishining payg‘ambar bo‘lishini tasavvur qilolmasdi, shuni deb g‘azab o‘tida yonardi. Abu Lahabning qalbini esa hasad kemirardi. Eru xotinning fikri-zikrini xotamul anbiyoga sallallohu alayhi vasallamga aziyat berish egalladi. Shunda Alloh taolo quyidagi oyatlarni nozil qildi: "Abu Lahabning qo‘llari qurigay -halok bo‘lgay! (Aniqki) u quridi - halok bo‘ldi! Mol-mulki va kasb qilib topgan narsalari unga asqotgani yo‘q! Yaqinda uning o‘zi ham, uning o‘tin orqalagan, bo‘ynida pishiq toladan (eshilgan) arqon bo‘lgan xotini ham (lovullab turgan) alangali do‘zaxga kirajak!" (Masad, 1-5). Odamlar Abu Lahab bilan uning xotini Ummu Jamil xususida Alloh taolo nozil qilgan oyatlarni o‘qib ikkovini masxara qila boshladilar. Bundan g‘azab otiga mingan Abu Lahab:

- Muhammad mening qo‘llarimdan bir balo-kulfatga duchor bo‘ladi, - dedi. So‘ng Rasulullohning (s.a.v.) qizlari Ruqiya va Ummu Gulsumlarga uylangan o‘g‘illari Utba va Utaybalarni oldiga chaqirib shunday dedi:

- Muhammadning qizlarini taloq qilmasanglar, ko‘zimdan daf bo‘linglar.

Noiloj Utba Ruqiyadan, Utayba esa Ummu Gulsumdan ajraldi. Buni eshitgan Usmon ibn Affon Rasulullohdan qizlaridan biri - Ruqiyani o‘z nikohiga olishini so‘radi. Payg‘ambar (a.s.) rozi bo‘ldilar. Usmonga qizini uzatdilar. Ruqiya va Usmonni ko‘rgan kishi eng yaxshi juft deb o‘ylardi.

Usoma ibn Zayd ikkalasi xususidagi bir voqeani shunday eslaydi:

- Rasululloh (s.a.v.) menga go‘shtdan tayyorlangan bir tovoq ovqat berib, Usmonning uyiga yubordilar. Uyga kirganimda Rasululloh (s.a.v.)ning qizlari va kuyovining o‘tirganini ko‘rdim. Bir Ruqiyaning yuziga, bir Usmonning yuziga qaradim. Qaytib kelganimdan keyin Rasululloh alayhissalom mendan so‘radilar: "Ikkovi oldiga kirdingmi?". Ha deb javob qilganimdan so‘ng Payg‘ambarimiz (a.s.):

"Ikkisidan ham yaxshiroq er-xotinni ko‘rganmisan?" dedilar. "Yo‘q, ko‘rmaganman" ey Allohning rasuli", dedim.
 
OSIYODate: Seshanba, 21-Iyun-2011, 18:05 | Message # 6
Yangilardan
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:


* * *

Usmon ibn Affon qavmi orasida obro‘-e'tiborli va nufuzli bo‘lishiga qaramasdan mushriklar tomonidan juda ko‘p azob-uqubatlar chekdi. U bilan sahobalar yuz-ko‘zlari ko‘karib, xafa bo‘lar, kofirlarga qarshi kurashish yoki bo‘lmasa hijrat qilish uchun izn so‘rab kelganlarida, "Sabr qilinglar", deya payg‘ambarimiz ularga tasalli berar edilar.

Ammo bunday nohaqlik va xo‘rlikka chiday olmagan Payg‘ambar alayhissalomning ayrim izdoshlarining sabr kosasi to‘ldi. Abdurahmon ibn Avf, Usmon ibn Maz'un, Usmon ibn Affonlar u kishining huzurlariga kelib shunday arzu hol kilishdi:

- Ey Allohning rasuli, mushrik holimizda izzat-ikromda edik, iymon keltirgandan keyin, tahqirga uchrab, azobga qoldik. Mushriklar bilan jang qilishga ruxsat bering.

Havodan olib gapirmaydigan Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilarki:

- Ularga indamang.

Biroq Rasululloh ashoblariga qurayshliklarning adovati kundan kunga kuchayib, avj olardi. Ular qattiq qiynoqlar girdobida qoldi. Shunday bir holatda Usmon ibn Affon zavjasi Ruqiya roziyallohu anho bilan payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga kelib:

- Ey Allohning rasuli, qavmimiz ta'qibi, aziyatlari, ta'na-dashnomlari va bizga yog‘dirayotgan haqoratlaridan qiynalib ketdik, - dedilar.

Rasululloh alayhissalom: "Kim dinini deb bir joydan boshqa bir joyga qochib o‘tsa, agar u joy bir qarich bo‘lsa ham unga jannat vojibdir. Allohning do‘sti Ibrohim, payg‘ambari Muhammad ularga hamroh bo‘ladi", dedilar.

Usmon ibn Maz'un aytdi:

- Ey Allohning rasuli, qaerga boramiz? Rasululloh bunday javob qildilar:

- Har joyga tarqalinglar. Alloh sizlarni tezda to‘playdi. Usmon ibn Affon savolni qaytardi:

- Qaerga boramiz, ey Allohning Rasuli? Olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot dedilar:

- Xabashistonga boringlar. Uning podshosi huzurida hech kimga zulm qilinmaydi. Xabashiston ishonchli joy. Zubayr ibn Avvom so‘radi:

- Ey Allohning Rasuli Makkaga qachon qaytamiz? Olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot (s.a.v.) aytdilar:

- Alloh najot berganda.

Rajab oyida Usmon ibn Affon ayollari Ruqiya bilan yana o‘n bir erkak va to‘rt nafar ayol Xabashistonga hijrat qiladi.

Nabiy sallallohu alayhi vasallamga Usmon ibn Affon va qizlari Ruqiyaning xabari kechikib turgan vaqtda qurayshlik bir ayol kelib:

- Ey Muhammad, qizingiz bilan kuyovingizni ko‘rdim, -dedi.

Rasululloh (s.a.v.) betoqat bo‘lib so‘radilar:

- Ularni qay ahvolda ko‘rding?

- Usmon ayolini xachirga mindirib, o‘zi haydab ketayotgan holda ko‘rdim.

- Alloh ularga yor bo‘lsin! Usmon Lut alayhissalomdan keyin ahli bilan hijrat qilganlarning birinchisidir, - dedilar.

Xabashiston yurtiga borgan muhojirlar risolatning beshinchi yili, hijrat diyorida uch oy (rajab, sha'bon, ramazon) yashaganlaridan so‘ng Umar ibn Xattobning islomga kirgani va Rasulullohning ashoblari Masjidul Haromda xotirjam holda namoz o‘qiy boshlaganini bilganlaridan keyingina o‘z yurtlariga qaytishdi. Afsuski, uyini qattiq sog‘ingan muhojirlar Makkaga kirgan vaqtdagina qaytishga shoshilganlarini anglab yetdilar. Himoyachisi yo‘qlarni kurayshliklar qaytadan qiynoqqa soldi. Bunday bo‘lishini kutmagan sahobalar aziyatlardan shikoyat qildilar va Habashistonga hijrat qilishga ruxsat so‘radilar. Hijrat uchun izn berilganda Usmon ibn Affon shunday dedi:

- Ey Allohning rasuli, avvalgi hijratimizda ham, bunisida ham biz bilan birga emassiz.

Xotamul anbiyo (s.a.v.) dedilar:

- Sizlar Allohni va meni deb muhojir bo‘ldingiz. Bu ikki hijrat ham sizlarnikidir.

Bu safar Xabash diyoriga Usmon ibn Affon va zavjasi Ruqiya, shuningdek, yetmishlar atrofidagi sahobalar Habashistonga yo‘l oldilar. U yerda tinch va xotirjam holda Rabbilariga ibodat qilinardi. Hazrati Usmonga Alloh farzand ato etdi. Farzandiga Abdulloh deb ism qo‘ydi. Usmon ibn Affon shu o‘g‘lining ismi bilan kunyalanar edi. Abdulloh ikki yoshga yetganida yuzini xo‘roz cho‘qishi tufayli vafot etdi. Ruqiya (r.a.) shundan keyin boshqa farzand ko‘rmadi.

Usmon ibn Affon Ruqiya roziyallohu anho bilan Makkaga qaytdilar. Oradan hech qancha o‘tmasdan ansorlar Rasululloh (s.a.v.)ga bay'at berishgach, Usmon jufti haloli bilan Yasribga hijrat qilishdi.
 
OSIYODate: Seshanba, 21-Iyun-2011, 18:06 | Message # 7
Yangilardan
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:


* * *

Usmon ibn Affon Xotamul anbiyoga butun vujudi, hayoti-yu rohatini bag‘ishlagan haqiqiy va ixlosli mo‘minlardan biri edi. U kishi Rasululloh (s.a.v.)bilan juda ko‘p g‘azot va safarlarda birga bo‘lgan.

Payg‘ambar alayhissalom Badr jangiga chiqqan kunlarida Ruqiya roziyallahu anho qizamiq bilan og‘rib qoldi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Usmon ibn Affonga qizlari oldida qolishga izn berdilar. Ruqiya roziyallahu anho Payg‘ambar alayhissalom sahobalar bilan Badr jangidan g‘alaba bilan qaytib kelayotganlarida olamdan o‘tdi. Qabr qazish uchun Usmon ibn Affonning o‘zlari qabrga tushdi. Qabrga tuproq tortilganda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Badrdan yetib keldilar. Qizlarining qabri ustida bir oz to‘xtab qoldilar.

Rasululloh Usmon ibn Affonga ham Badrda qatnashgan sahobalar qatori ulush berdilar.

* * *

Hazrati Usmon Rasululloh alayhissalomga qarindosh bo‘lgani uchun behad xursand bo‘lgan edi. Lekin payg‘ambar alayhissalom qizlari Ruqiya vafot etganidan keyin mazkur aloqa uzilgani uchun qayg‘uga botdi. Shundan keyin pokiza jufti halolidan ajralgani hamda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan qarindoshlik aloqasini uzilganidan ko‘ngliga qil sig‘may yurdi. Payg‘ambar alayhissalom bir kuni uni xafa holda ko‘rib so‘radilar:

- Nega bunchalik g‘amgin bo‘lib yuribsan? Usmon ibn Affon:

- Mening boshimga tushgan narsa biror kishining boshiga tushganmikan, ey Allohning Rasuli? Jufti halolim Rasulullohning qizlari vafot etdi. Siz bilan o‘rtamizdagi ham kuyovlik, ham qarindoshlik aloqasi uzildi.

Rasululloh sallallohu alayhisalom keyingi qizlari Ummu Gulsumni Usmon roziyallahu anhuga nikohlab berdi. Shu bilan Usmon ibn Affon sahobalar ichida Payg‘ambar alayhissalomning ikki qizlariga uylangan yolg‘iz sahobiy bo‘lib qoldi. Rasulullohning ikki qizlariga uylangani tufayli "Zunnurayn" - ikki nur egasi, degan nomga sazovor bo‘ldi.

Ba'zilar u to‘g‘risida Rasulullohning: "Usmon osmon axdining nuri, yer ahlining chirog‘i", deganlari uchun mazkur nomga sazovor bo‘lganini ham aytishadi. Ayrimlar esa: "Tunda Qur'oni karimni namozda o‘qib xatm qilganlari uchun", deydilar. Chunki Qur'on bir nur, kechasi ibodatda qoim bo‘lish yana bir nurdir.
 
OSIYODate: Seshanba, 21-Iyun-2011, 18:07 | Message # 8
Yangilardan
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:


* * *

Muhojirlar Rasulullohga sallallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraning suvini o‘zgarganidan shikoyat qilishdi. Suvi ichishga yaraydigan faqat bitta quduq bor edi. U ham bo‘lsa Rovma degan yahudiyniki bo‘lib, suv oladiganlarga narxini qimmat qilib qo‘ydi. Yahudiy bir mesh suvni bir mudd (xurmo, arpaning o‘lchov birligi)ga sotayotgan edi.

Rasululloh alayhissalom:

- Kim Rovmaning qudug‘ini sotib olib, musulmonlarga sadaqa (hadya) qilsa, Alloh uni qiyomat tashnaligidan qutqarsin, - dedilar.

Hazrati Usmon Payg‘ambarning alayhisalom bu so‘zlarini eshitib, darhol quduqni sotib olish niyatida yahudiy oldiga savdolashgani bordi. Lekin yahudiy:

- Meni shundan boshqa narsam yo‘q, uni sotmayman, -dedi.

Usmon (r.a.) aytdi:

- Hammasini sotmaysan. Yahudiy so‘radi:

- Yarmini sotib olmoqchimisan?

Zunnurayn: "Ha", dedi. Yahudiy o‘n besh ming dirham berishini so‘radi. Usmon ibn Affon o‘n ming dirhamga savdolashib, yahudiy bilan bir kun quduq unga, bir kun o‘ziga bo‘lishini kelishib oldi. Hazrati Usmon o‘zining navbati kelgan kun musulmonlar suv olishiga ruxsat berib, bunga hech qanday pul so‘ramadi. Musulmonlar keyingi kun uchun ham yetadigan suvni hazrati Usmonning navbati kuni olishardi. Yahudiy qarasaki, qolgan yarmidan ko‘p foyda olmayapti. Usmon ibn Affonga qudug‘im ustida bo‘lgan savdoni buzdim, qolgan yarmini ham sotib ol, dedi. Usmon (r.a.) quduqning qolgan qismini sakkiz ming dirham evaziga sotib oldi va barcha kunlarda suv oladiganlarga uni hadya qildi.

Usmon (r.a.) Payg‘ambar alayhisalom bilan birga Uhud va Xandaq g‘azotlarida ishtirok etgan. Hudaybiya sulhi kuni Rasululloh (s.a.v.) Usmon ibn Affonni Quraysh oqsoqollari oldiga urushish uchun kelmaganliklari, balki umra qilish uchun kelganliklarini bildirish uchun yubordilar. Usmon qatl qilindi, degan xabar kelganda Payg‘ambar (a.s.) o‘rinlaridan turib:" Alloh menga bay'atni amr qildi", dedilar. Shunday qilib Rizvon bay'ati daraxt ostida bo‘lgan edi. Rasululloh alayhissalom Usmon ibn Affon nomidan bay'at qildilar. O'ng qo‘llarini chap qo‘llari ustiga qo‘yib: "Ey Alloh, Usmon Alloh va Rasulining hojatini deb ketgandi. Men uning o‘rniga bay'at qilaman", dedilar. Qurayshliklar Rasulullohning ashoblari u zotga Makka ahli bilan urushish uchun bay'at qilganliklaridan xabar topishgach, Usmon ibn Affon hamda Suhayl ibn Amrni birga yubordilar va shu tariqa Hudaybiya sulhi tuzildi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir kuni qizlari Ummu Gulsumning oldiga bordilar. Hazrati Usmonga qaradilar-da, qizlariga:

- Albatta, jufting bobong Ibrohimga, otang Muhammadga o‘xshaydi, - dedilar.

Usmon (r.a.) Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga vahiy tushganda uni yozib borar edi. Rasululloh uni yaxshi ko‘rib oldilariga chaqirib olar va endigina tushgan oyatlarni aytib turar va unga: "Yoz, ey Usaym", derdilar.

Usmon ibn Affon Rasululloh bilan Xaybar fathi, qazo umrasi va ulug‘ fath - Makka fathida ishtirok etgan. Usmon roziyallahu anhu Usro g‘azoti kuni ming dinor keltirib, Rasulullohning etaklariga to‘kdi. Rasululloh dinorlarni qo‘llariga olib, shunday dedilar:

- Bugundan boshlab Usmonga qilgan amallari zarar bermaydi, - deya uch marta ta'kidladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: "Kim Usro qo‘shinini jangga hozirlasa, Alloh uni mag‘firat qiladi", degan so‘zlarini eshitdi. Binobarin, Usmon ibn Affon jannatni bir yahudiyning qudug‘ini musulmonlarga hadya qilib jannat darvozasining kalitiga ega bo‘lgan, nima uchun bugun musulmon qo‘shinini Rum bilan bo‘ladigan jangga hozirlab, ikkinchi marta jannat egasi bo‘lmasin ekan? Usmon roziyallahu anhu ot-ulov, oziq-ovqat va unga taalluqli narsalar, hatto idish-tovoq bog‘lanadigan iplargacha tayyorlab berdi. Rasululloh alayhissalom: "Parvardigaro, Usmonning bugundan keyin qilgan amallarini unutma", deya duo qildilar. So‘ngra Usmon (r.a.)ga qarab: "Ey Abu Amr, Alloh molingga baraka bersin, gunohlaringni mag‘firat qilsin, rahm qilsin va jannatni senga mukofot qilsin", dedilar.

Usmon roziyallahu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan Tabuk g‘azotida ham qatnashgan. Jangdan qaytishda ayoli Ummu Gulsum vafot etadi. Usmon (r.a.) qattiq xafa bo‘lganlarini ko‘rgan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

- Usmonni uylantiringlar, uchinchi qizim bo‘lganida, unga berar edim. Usmonni Allohdan kelgan vahiy tufayli qizlarimga uylantirdim, - dedidar.

Payg‘ambarimiz alayhissalom yana shunday deganlar:

- Meni kuyov qilgan yoki menga kuyov bo‘lgan birontasi do‘zaxga kirmasligini Robbim azza va jalladan so‘radim.

Hazrati Usmon Rasululloh alayhissalom bilan Vado' hajiga ham borgan. Rasululloh alayhissalom:

- Har bir payg‘ambarning jannatda do‘sti bo‘ladi, mening do‘stim Usmon ibn Affondir,- deganlar.
 
OSIYODate: Seshanba, 21-Iyun-2011, 18:08 | Message # 9
Yangilardan
Group: Ishonchli
Messages: 7125
Status:
Usmon ibn Affon davlatni boshqarishda katta sahobalar bilan maslahatlashar va ularga suyanar edi. Hazrati Abu Bakr Siddiq va Umar zamonida ham o‘zining moddiy va ma'naviy yordami bilan birga eng ishonchli maslahatchilaridan edi.

Majusiy Abu Lulu' Umar ibn Xattobni tig‘ bilan yaraladi. U yerda faqat Rasul alayhissalomning oltiga sahobasi - Ali ibn Abu Tolib, Usmon ibn Affon, Sa'd ibn Abu Vaqqos, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf va Talha ibn Ubaydullohlar bor edi. Ulardan Alloh rozi bo‘lsin

Maslahat kengashi qaroriga ko‘ra olti sahobiy ichidan Usmonning xalifa bo‘lishiga bay'at berildi. Bu hijriy yigirma to‘rtinchi yil muharram oyita to‘g‘ri keladi. Bu vaqtda hazrati Usmon yetmish yoshga kirgan edi.

Zunnurayn zamonida davlat yerlari kengayib, musulmonlar to‘q va farovon hayot kechirdi. Turk yerlari fath qilinib, Xuroson, Tohariston, Qohiston, Tiflis va Kipr yerlari Islom xalifaligi ixtiyorida edi. Hazrati Usmon birinchi bo‘lib musulmonlar qo‘shinini dengizga chiqargan shaxs sifatida tarixga kirdi. Musulmonlar ko‘p orol va dengiz yerlariga voliylik qila boshladi. Hatto islom davlati dengiz davlati deb nomlana boshlandi.

Oradan olti yil o‘tgandan so‘ng musulmon amirlari orasida ixtilof va fitna tarqadi. Bunga yahudiy fitnachi Abdulloh ibn Saba' boshchilik qildi. U Zunnurayn siyosati xususida har xil fitna va bo‘lmag‘ur yolg‘onlarni tarqatdi. Katta shaharlarda qo‘zg‘olonlar uyushtirdi. Jumladan, Kufa, Basra, Misr kabi unumdor va serhosil joylarda fitna va yolg‘onlarni avj oldirdi. Uning maq-sadi islom davlatining quvvatiga putur yetkazish edi.

Amirul mo‘minin Usmon ibn Affon amalga oshirgan eng ulug‘ ishlaridan biri shuki, Qur'onni va uning qiroatini bir shaklga keltirdi.

Usmon ibn Affon zulhijja oyining yettinchi kuni, hijriy o‘ttiz beshinchi yilda shahid bo‘ldi. Shahid bo‘lganlarida sakson ikki yoshda edi. U kishi sakkiz kuni kam o‘n ikki yil xalifalikni boshqardi.
 
DURDONDate: Shanba, 13-Iyul-2013, 02:47 | Message # 10
SUPER ADMINKA
Group: Admin yordamchisi
Messages: 10133
Status:
Ҳазрат Усмон ибн Аффон (Розияллоҳу анҳу) Тўлиқ исми: Усмон ибн Аффон Абул Ос ибн Умайя Қурайший. У жаннат башоратини олган ўн кишини бири. Абу Бакр Сиддиқ (р.а) чақириғидан сўнг Исломни қабул қилган. Умар (р.а) тавсия қилган олти кишилик машваратни аъзоларидан бири бўлган. Расулуллоҳ (с.а.в) ундан рози ҳолда вафот этганлар. Исломни қабул қилиши. Ҳазрат Усмон (р.а) жоҳилият пайтида бой ва обрўли кишилардан бўлиб, нубувват келганидан озгина ўтиб, Исломни қабул қилади ва илк мусулмонлар қаторидан жой олади. Шунингдек, у жуфти ҳалоли Руқия бинти Расулуллоҳ (с.а.в) билан икки марта Ҳабашистонга кўчган. Ҳазрат Усмон (р.а) ўзи бу ҳақда бундай дейди: “Албатта Аллоҳ Муҳаммадни (с.а.в) ҳақ билан жўнатгандир. Мен Аллоҳ ва Унинг Расули чақириғига лаббай дедим ва Муҳаммадга (с.а.в) юборилган нарсага имон келтирдим. Сўнгра икки марта ҳижрат қилдим. Расулуллоҳнинг (с.а.в) куёвлари бўлдим ва у зотга байъат бердим. У зотга (с.а.в) ҳеч қачон исён қилмадим ва ёлғон гапирмадим”. Расулуллоҳнинг (с.а.в) икки қизига – олдин Руқияга, у дунёдан ўтгач Умму Гулсумга (р.а) уйлангани учун “Зиннурайн”, яъни “Икки нур эгаси” номини олади. Умму Гулсум оламдан кўз юмгач, Расулуллоҳ (с.а.в) куёвларига ачинадилар ва: “Жоним измида бўлган Зотга қасам, эй Усмон, агар учинчи қизим бўлганида, албатта сенга берган бўлардим”, дея марҳамат қиладилар. Аёли Руқиянинг (р.а) бетоблиги сабаб Бадрда иштирок этолмаган. Расулуллоҳ (с.а.в): “Сенга Бадрда қатнашган ва ундан улушини олган кишининг ажри берилади”, деб марҳамат қилганлар. Ҳудайбия куни Расулуллоҳ (с.а.в) уни Маккага юборадилар. Шу вақтда Ризвон воқеаси бўлиб ўтади. Набий (с.а.в) ўнг қўллари устига қўйган чап қўлларини “Бу Усмоннинг қўли”, деб айтадилар. Усмон (р.а) Рума қудуғини йигирма минг динорга сотиб олиб, мусулмонлар ихтиёрига топширади. Йигирма беш минг динор сарфлаб, Масжиди Набавийни кенгайтириб қурдиради. Ғазотларнинг бирида Расулуллоҳ (с.а.в) билан саҳобалар очликдан қийналишди. Шунда мусулмонларнинг юзларида хафалик кўриниб, мунофиқларнинг юзига табассум югуради. Бу ҳолни кўрган Расулуллоҳ (с.а.в): “Аллоҳга қасам, қуёш ботмасидан туриб, Аллоҳ сизга ризқингизни етказади”, дея марҳамат қиладилар. Аллоҳ ва Унинг Расули рост сўзлашини билган Усмон (р.а) ўн тўртта туяни устидаги озиқ-овқат юки билан сотиб олади ва тўққизтасини Набийга (с.а.в) инъом қилади. Расулуллоҳ (с.а.в): “Бу нима?” деб сўрайдилар. Саҳобалар: “Бу сизга Усмондан ҳадя”, дейишади. Пайғамбаримиз (с.а.в) қўлларини баланд кўтариб, унинг ҳақига дуо қиладилар. Ҳазрат Усмон (р.а) “Усра” қўшинини тўққиз юз элликта туя ҳамда элликта от билан жиҳозлаб беради. Ўша куни Расулуллоҳ (с.а.в) ҳазрат Усмонни (р.а) дуо қилиш билан машғул бўладилар. Усмон (р.а) қўшинни таъминлаб бўлгач, минг динорни у зотнинг (с.а.в) олдиларига қўяди. Расулуллоҳ (с.а.в) динорларни қабул қилиб: “Усмоннинг бу кундан кейин қилган иши унга зарар келтирмайди”, дейдилар. Набий (с.а.в): “Умматим орасида ҳаёда энг кучлиси Усмондир”, деб марҳамат қилганлар. Ойша онамиз (р.а) айтади: “Абу Бакр (р.а) Расулуллоҳнинг (с.а.в) ҳузурларига киришга изн сўради. Бу вақтда Набий (с.а.в) тўшакларида ётар, болдирлари очиқ эди. Устиларида менинг ёпинчиғим бор эди. Ўзлари мана шу ҳолатда бўла туриб, унинг киришига изн бердилар. Иш битгач Абу Бакр (р.а) кетди. Сўнгра Умар (р.а) келди, унга ҳам киришга изн бердилар. Ўзлари ўша ҳолатда эдилар. Умар (р.а) ҳам кетди. Сўнгра Усмон (р.а) келди. Расулуллоҳ (с.а.в) ўтириб олиб, болдирларини ёпдилар. Сўнг Усмоннинг (р.а) киришига руҳсат бердилар. Кейин у ҳам кетди. Шундан кейин мен: “Ё Расулуллоҳ, нега Усмонни ўтириб қаршиладингиз. Абу Бакр ва Умар киришганида бундай қилмадингиз?” дедим. У зот (с.а.в): “Эй Ойша, Усмон ҳаёли киши. Ўша ҳолатимда уни хонага киритсам, заруратини айтолмасдан кетиб қолишидан қўрқдим”, дедилар. Башқа бир ривоятда: “Фаришталар ҳаё қилган кишидан мен ҳаё қилмайинми?!” деганлари келтирилади. Фазилатлари. Набий (с.а.в) қизларининг уйига кирганларида, у Усмоннинг бошини ювиб қўяётган эди. Шунда у зот (с.а.в): “Эй қизалоғим, Абу Абдуллоҳга яхши қарагин. Албатта, у хулқда саҳобаларимдан менга энг ўхшашидир”, деб айтганлар. Набий (с.а.в) айтадилар: “Ким Усмонни ёмон кўрса, Аллоҳ уни ёмон кўради”. Яна у зот (с.а.в): “Ё Аллоҳ, Усмон сендан розилик сўраяпти, ундан рози бўл”, деганлар. Расулуллоҳ (с.а.в) ҳазрат Усмонни (р.а) ваҳийни кўчирувчи котиб қилиб танлаганлар. У сабабли оятлар нозил бўлган. Шунингдек, ҳазрат Усмон ибн Аффон (р.а) суннатга қаттиқ эргашувчи, кечалари кўп намоз ўқувчи инсон эди. У зот (р.а) Аллоҳга имон келтирганидан сўнг бирон-бир жумани қул озод қилмасдан ўтказмаган. Ҳазрат Усмон (р.а) ҳижрий 23-йили ҳазрат Умар (р.а) вафотидан сўнг учинчи халифа бўлди. Унинг халифалик даври ўн бир йил, ўн бир ой, ўн тўрт кун давом этди. Шаҳид бўлган вақтида ёши тўқсон ёки саксон саккизда эди. Бақиъ қабристонига дафн этилди. Бир кун олдин кўрган туши ҳақида ўзи бундай деган: «Тушимда Расулуллоҳни (с.а.в) очиқ ойдин кўрдим. Яна Абу Бакр, Умарни (р.а) ҳам кўрдим. Улар менга: “Сабр қил, эртага биз билан ифтор қиласан”, дейишди». Аллоҳ у зотдан рози бўлсин!

 
  • Page 1 of 1
  • 1
Search: