Mirjalol Qosimov Olimpiya terma jamoasida rasman ish boshladi
davomi....
Vadim Abramov va Mirjalol Qosimovlar noyabr oyida terma jamoa bilan yaqindan tanishish uchun o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazishadi. Bu vaqtda olimpiyachilar o'rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishlari ham ehtimoldan holi emas. Dekabr oyiga borib esa, O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi Pekinda o'tadigan Olimpiada baxslari uchun saralash baxslarining birinchi bosqichiga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuboradi.
Ushbu bosqichda Abramov shogirdlariga Tojikistonlik olimpiyachilar raqiblik qilishadi. Birinchi o'yin 7-fevral kuni Toshkentda o'tkazilsa, javob o'yini bir hafta o'tib, 14-fevral kuni Dushanbeda bo'lib o'tadi. Olimpiada baxslariga yo’llanma olish vazifasi qo’yilgan terma jamoa a’zolari ushbu o’yinlarda g’alaba qozonishlari suv va xavodek zarurdir.
”Ko’pgina masala, 7-fevral kuni o’tkaziladigan o’yinga bog’liq. Ushbu sanada biz olib borgan ishlarning samarasini ham ko’rish mumkin bo’ladi”, - deydi Qosimov.
O’zbekiston Futbol Federatsiyasida olib borilayotgan islohotlarni tashkilot prezidenti Mirabror Usmonovning nomi bilan bog’lash mumkin. Rahbarlik vazifasiga kirishgan vaqtidan buyonoq Mirabror Usmonov barcha jabhada ijobiy o’zgarishlarni amalga oshirdi va ishqibozlarning, futbol xalqining bundan xabarlari bor, albatta.
”Biz Mirjalol Qosimovning qanday futbolchi ekanligini, uning yetakchilik fazilatlariyu orttirgan tajribalari terma jamoalarga qanday foyda keltirishini yaxshi bilamiz. Shu sababli ham uning xizmatlaridan foydalanishga ahd qildik”, - deydi O’zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov.
Ushbu xushxabardan so’ng, O’zbekiston Futbol Federatsiyasi binosining kirish joyida biz bilan suhbatda bo’lgan Mirjalol Qosimovni milliy terma jamoa bosh murabbiyi Valeriy Nepomnyashiy qarshi oldi. Rossiyalik mutahassis Mirjalol Qosimovni sharafli vazifani bajarishga kirishgani bilan qutlab, unga omad va zafarlar tiladi.
Tilak samimiy bo’lsa, u albatta amalga oshadi deydi o’zbek xalqining donishmandlari. Biz ham Valeriy Nepomnyashiyning tilaklariga qo’shilib qolamiz.
Sanjarbek Rizayev
O’zbekiston Futbol Federatsiyasi
Axborot va tahlil bo’limi boshlig’i.
manba': www.uzfootball.com