Nozima Kim ishi ortidan yana savollar: Turnikdagi o‘lim voqeasi ham qayta muhokama qilinmoqda

Nozima Kim ishi bilan bog‘liq muhokamalar davom etayotgan bir paytda, avvalroq yana bir yigitning turnikka osilgan holda vafot etgani haqida ham xabarlar tarqalgan edi. Mazkur voqea yuzasidan Dalil.uz rahbari Javohir Sultonov o‘z munosabatini bildirib, unda ham ehtimoliy jinoyat alomatlari bo‘lishi mumkinligini ta'kidlagan.
Internetda marhumning o‘zini turnikka osib qo‘ygani aytilgan videolar keng tarqalgan. Biroq marhumning onasiga nisbatan bo‘lgan munosabat ayrim kuzatuvchilarga Nozima Kim ishi bo‘yicha Feruza opaga qilingan muomalani eslatmoqda.
Bu holatlar jamoatchilik orasida qator savollarni keltirib chiqarmoqda. Shaxsan biz ham ushbu voqeada marhumning o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xulosaga to‘liq ishonch hosil qilganimiz yo‘q. Shu bilan birga, hozircha bunga zid yoki uni tasdiqlovchi yakuniy huquqiy xulosa ham e'lon qilinmaganini alohida qayd etish lozim.
Shu sababli mazkur voqeaga oid barcha holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonun doirasida, xolis, har tomonlama va shaffof tarzda tergov qilinishi zarur. Faqatgina rasmiy tergov natijalari va sud-huquqiy xulosalarigina yuz bergan voqeaga aniq huquqiy baho berishi mumkin.
https://t.me/detective_uznews